Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, magistratura bosqichini tamomlayotgan yosh mutaxassislar yuqori ilmiy salohiyat, mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bugungi kunda ularga nafaqat diniy sohada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham ehtiyoj mavjud.
Shuningdek, diniy ta’lim yo‘nalishida berilgan diplomlarning davlat ta’lim tizimida to‘liq tan olinayotgani, bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani hamda sohada uzluksiz ta’lim tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Tadbirda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritish oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilikni talab etadigan sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Ilm ahli zimmasida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ma’rifatni keng yoyish va jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdek ulug‘ vazifalar mujassam ekaniga urg‘u berildi.
Tadbir doirasida ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ilk 10 nafar magistr Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorlig‘i hamda zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.
Ushbu e’tirof yosh mutaxassislarning ilm-fan yo‘lidagi izlanishlarini yanada rivojlantirish, ularning yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy yuksalishi va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga munosib turtki bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati