Alloma Muhammad Avvoma hafizahulloh:
"Haqiqiy oqillar muxoliflari bilan bog‘lab turuvchi rishtalarga qaraydilar:
Birinchisi: Odamgarchilik,
Ikkinchisi: Islom,
Uchinchisi: Ilm rishtasi".
Bu hikmatda, aqlli va ixlosli insonlar hatto o‘zlariga qarshi fikrda bo‘lgan odamlar bilan ham umumiy bog‘liqliklarni ko‘radilar. Ular odamiylik jihatidan baribir bir inson ekanligini, agar musulmon bo‘lsa, Islom birodarligi birlashtirishini va ilm rishtasi bilan ham bog‘lanishini anglaydilar. Bu esa ixtiloflar chekinib, hurmat, bag‘rikenglik va ijobiy munosabatlar uchun asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi "Erali eshon bobo" jome masjidi zamonaviy asosda qayta qurilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi.
Masjidning ochilish tantanasida Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, viloyat va tuman bosh imom-xatiblari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, yangi masjidning el-yurtimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish, aholi o‘rtasida ezgulik va ma’rifatni mustahkamlashga xizmat qilishini so‘rab duolar qilindi. Shuningdek, ushbu bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgan saxovatpesha insonlar haqqiga ezgu tilaklar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan va zarur sharoitlar yaratilgan mazkur jome masjid bir vaqtning o‘zida 1000 nafar namozxonni qabul qilish sig‘imiga ega.
Alloh taolo ushbu muborak masjidni qiyomatga qadar Qur’on tilovati, ibodat va ma’rifat ziyosi taraladigan qutlug‘ dargohlardan qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati