Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Sentabr, 2026   |   18 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:59
Quyosh
06:17
Peshin
12:13
Asr
16:22
Shom
18:13
Xufton
19:27
Bismillah
29 Sentabr, 2026, 18 Rabi`us soni, 1448

Allohga to‘rt yil duo qildim

16.06.2025   11952   5 min.
Allohga to‘rt yil duo qildim

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Agar madrasaviy naql mutavotir bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun hanafiylarning mutavotirida molikiylarning mutavotiriga teskari keladigan joylar bor?

Darhaqiqat, hanafiy mazhabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, molikiy mazhabi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, nima uchun bu mutavotirlar o‘zaro bir xil emas?

Imom Hafs rohimahullohning qiroati bilan imom Sho‘baning qiroati mutavotir emasmi? Yetti qiroat mutavotir emasmi? Lekin ular boshqa-boshqa-ku?!

Demak, «mutavotir bo‘ldi» degani bir xil bo‘ldi degani emas ekan. Shuningdek, Buxoriyda kelgan ba’zi sahih hadislar ham aynan o‘sha Buxoriyda kelgan boshqa bir hadisga teskari kelishi mumkin. Biz esa bu kitobdagi barcha hadislarning sahih ekaniga ishonganmiz.

Shuningdek, Buxoriy va Muslimda ham bir-biriga teskari hadislar bor. Unisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih bo‘lib yetib kelgan, bunisi ham. Demak, sahih va mutavotir bo‘lish – naqlda bir xil bo‘lish degani emas ekan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan hodisalar turlicha bo‘lgan.

Ba’zilar mutavotirni ma’lum bir ko‘rinishda naql qilishgan, ba’zilar esa mutavotirni yoki mustafizni boshqa bir joyda boshqa bir ko‘rinishda naql qilishgan. Bularning barchasi kitoblarda bor. Bizning mavzuimizdagi nozik nuqta mutavotir bo‘lish emas, balki naql bo‘lishi sobitroq va ko‘p takrorlanganligidir. Bunga «mutavotir» deb nom berish esa majoziy ma’nodadir.

To‘g‘ri, ba’zi dalillar mutavotir bo‘lishi mumkin. Lekin asosiysi – naql qilish sobit ekanida eng yuqori darajasiga chiqqan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular keltirgan naql bilan biz keltirgan naql xilma-xil bo‘lishining zarari yo‘q, chunki hanafiylar Ko‘fada istiqomat qilgan Abdulloh ibn Mas’ud, Aliy ibn Abu Tolib va boshqa sahobalar roziyallohu anhumdan naql qilishgan bo‘lsa, molikiylar Oisha, Ibn Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan naql qilishgan. Molikiylarning mazhabi Zayd ibn Sobitga, hanafiylarning mazhabi esa Abdulloh ibn Mas’udga borib taqaladi.

Ushbu mavzuga yakun yasash bilan birgalikda, ko‘p xavotirga o‘rin qolmasligi uchun quyidagilarni ham aytib o‘tsak:

Fiqhiy masalalarga nisbatan hadislarning soni juda ham ozdir. Avvalgi ma’lumotlarimizda hukmlar kelgan hadislarning soni uch ming, ikki ming, besh yuz yoki yetti yuz atrofida ekanini aytib o‘tgan edik. Bu juda ham kam son.

Shuningdek, oyatlarning ham soni chegaralangan. Ammo masalalar esa millionlab topiladi. Shuningdek, hadislar ham bor, marhamat, ko‘rishimiz mumkin. Oldingi va keyingi ulamolarimiz hukmiy hadislar haqida qanchalab kitoblar yozishgan. Ular o‘z kitoblarida «Mana bu hukmiy oyat, bu esa hukmiy hadis», deb zikr qilishgan. Ammo bu o‘rinda bahs hukmiy oyatlar yoki hukmiy hadislarda emas! Siz kutubxonadan bir necha dinorga hukmiy hadislar yozilgan kitob sotib olishingiz mumkin. Qur’oni Karim esa hamma joyda bor. Xo‘sh, shu ikkalasi bilan imom mujtahid bo‘lib qoladimi?

Bahsimiz bu nuqtada ham emas! Bahs ushbu masalalarni qanday qilib chiqarib olish, hukmlarni jamlash va ularni qanday tushunishdadir. Bu yerda hadis yetib kelish-kelmasligi masalasining ahamiyati qolmaydi! Axir oradan 1400 yil o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bizga sunnat yetib keldi-ku!

Mujtahid imomlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa bir necha yillar, ya’ni  70-80-90 yillar o‘tgan, xolos! Ularning butun turmush tarzi Islomdan iborat edi, ular oila qurishda, o‘zaro munosabatlarda, boshqaruvda va barcha holatlarda Islom bilan hamohang edilar. Qanday qilib ularga hadis yetib bormagan bo‘lishi mumkin? Qanday qilib biz hayotimizning turli jabhalarida Islomdan uzoq bo‘la turib, «Bizga hadis yetib kelgan», deymiz? Shuning uchun «Hadis yetib kelgan-kelmagan», deb bahs qilishning hech bir qiymati yo‘q! Qur’on va Sunnat bor. Endi bu o‘rindagi bahsimiz ulardan qanday hukm chiqaramiz, qanday ijtihod qilamiz, ularni qanday tushunamiz va ulardan qoidalarni qanday chiqaramiz, degan ma’noda bo‘lishi kerak.

Yahyo ibn Qatton rohimahulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yetib kelgan sahih hadislarni ko‘rsatishini so‘rab, Alloh taologa to‘rt yil duo qildim», deganlar.

Biz o‘rganayotgan mavzu faqat hadis rivoyat qilish emas, balki imom Shofe’iyning muhaddislar yo‘lidan yurib, mazhab tuza olishidir. Muhaddislardan oldingilar esa hadislarni ham rivoyat qilishar, bir-biridan farqli fatvolar ham berishar edi. Gap ushbu hadislarga tayanish uchun qanday qilib mazhab va qoidalarni chiqarishdadir. Albatta, ushbu mavzu bizdan katta e’tibor talab qiladigan muhim mavzulardandir.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Tarixiy merosni asragan holda atrofida barqaror turistik xizmatlar tizimini yaratish muhim vazifa"

29.09.2026   7744   13 min.

Mamlakatimizda turizmning uchta asosiy turi mavjud: kirish, chiqish va ichki turizm. Kirish va ichki turizmga asosiy va maxsus turistik mahsulotlar kiradi: turistik diqqatga sazovor joylarga ekskursiyalar; mehmonxonalar, dam olish maskanlari, kurortlar, sanatoriylar, sayyohlik qishloqlari, uy-lagerlar, lagerlarda joylashtirish; milliy taomlar va vinolarni tatib ko‘rish; festivallar va bayram tadbirlarida ishtirok etish; mamlakat bo‘ylab qulay harakat.

Tarixiy obidalari, qadimiy shaharlari, buyuk allomalar merosi esa O‘zbekistonning asrlar davomida shakllangan milliy madaniyati mamlakatning eng katta turistik boyliklaridan biri. Biroq bugun masala faqat ushbu merosni dunyoga tanitish bilan cheklanmaydi. Uni asrab-avaylagan holda zamonaviy turizm mahsulotiga aylantirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish va turistning mamlakatda ko‘proq vaqt qolishiga erishish muhim vazifaga aylanmoqda.

Ayniqsa, ziyorat turizmi uchun imkoniyatlar katta. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz me’moriy merosi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, ming yillar davomida shakllangan hunarmandchilik, musiqa, gastronomiya va urf-odatlar bugun madaniy hamda ziyorat turizmining katta iqtisodiy resursiga aylanmoqda. Bu resursning global bozordagi salmog‘i ham yil sayin ortmoqda. “Mastercard-CrescentRating” tashkilotining “Jahon musulmon sayohati indeksi — 2026” (GMTI 2026) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda musulmon sayyohlarning xalqaro sayohatlari soni 196 millionga yetgan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 262 millionga, yillik xarajatlar esa 310 milliard AQSH dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Islom sivilizatsiyasining beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston uchun bu bozor nafaqat ma’naviy, balki strategik iqtisodiy imkoniyatdir. Shu bilan birga, mazkur bozorda raqobat keskinlashib borayotgani xizmat sifatini tizimli oshirish zaruratini ham kun tartibiga qo‘ymoqda.

Xo‘sh, tarixiy merosni zamonaviy iqtisodiy resursga aylantirishning qanday yo‘llari mavjud? Biz bir qancha savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovga murojaat qildik.

- Bugun “merosni iqtisodiyotga aylantirish” degan tushuncha ko‘p tilga olinmoqda. Bu iborani qanday tushunish mumkin? Tarixiy obidani tijorat obyektiga aylantirish bilan uni iqtisodiy resurs sifatida ishlatish o‘rtasida qanday farq bor?

— Tarixiy merosni tijoratlashtirish emas, aksincha, uni asrab-avaylagan holda atrofida barqaror turistik xizmatlar tizimini yaratish muhim. Masalan, ziyoratgohga kelgan sayyoh faqat bir obyektni ko‘rib ketmasligi kerak. Uning uchun transport, mehmonxona, ovqatlanish, gidlik xizmati, hunarmandchilik, milliy taomlar, kitob va suvenirlar, madaniy dasturlar kabi xizmatlar taklif etilishi lozim. Shunda bitta tarixiy obyekt atrofida o‘nlab tadbirkorlik subyektlari faoliyati shakllanadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari va aholi daromadining o‘sishiga xizmat qiladi.

- O‘zbekistonda davlat muhofazasida 8 mingdan ziyod moddiy madaniy meros obyekti bor. Bu ulkan salohiyatni turizmga qanday jalb qilish mumkin?

— Avvalo, har bir obyektning o‘ziga xos xususiyatini aniqlash kerak bo‘ladi. Barcha obyektga bir xil yondashuv to‘g‘ri emas. Ayrimlari ziyorat turizmi, boshqalari arxeologik, ilmiy, etnografik yoki madaniy marshrutlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Biz uchun “bir obyekt — bir tashrif” modeli emas, balki “bir hudud — bir necha kunlik turistik tajriba” modeli muhim. Biz sayyohga faqat ziyorat emas, balki tarix, ilm-fan, me’morchilik, milliy taomlar, hunarmandchilik va zamonaviy xizmatlarni birlashtirgan yaxlit mahsulotni taklif qilishimiz mumkin.

- Bu yondashuv turistning mamlakatda qolish muddatiga ham ta’sir qiladimi?

— Albatta. Turizmda asosiy ko‘rsatkichlardan biri faqat turistlar soni emas. Ularning mamlakatda qancha kun qolishi va qancha mablag‘ sarflashi ham muhim. Alohida qayd etishim lozimki, 2030 yilgacha turistning mamlakatda qolish muddatini 7–8 kunga yetkazish, o‘rtacha xarajatini esa 1 ming dollargacha oshirish maqsadi belgilangan. Buning uchun turistga ko‘proq xizmat va ko‘proq tajriba taklif qilish maqsadga muvofiq. Madaniy va ziyorat turizmi bu vazifani bajarishda muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.

- 2026 yil mart oyida Islom sivilizatsiyasi markazi va yangilangan Imom Buxoriy majmuasining ochilishi katta voqea bo‘ldi. Bu obyektlar turistik oqimga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

— Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa vaqt ichida yirik tashrif nuqtasiga aylandi. 2026 yil 1 iyun holatiga markazga yarim million mahalliy va xorijiy tashrifchi kelgan. Kunlik o‘rtacha tashriflar 6 ming nafarni tashkil etgan. Imom Buxoriy majmuasida ham katta o‘zgarish bo‘ldi. Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki mehmonxona, oilaviy mehmon uylari, turizm markazi, servis va transport infratuzilmasiga ega yaxlit turistik majmua sifatida shakllantirildi. Ochilishidan keyin bir oy ichida bir milliondan ortiq mahalliy va xorijiy ziyoratchining tashrif buyurgani bu yo‘nalishga talab yuqori ekanini ko‘rsatadi. Qisqa vaqt ichida markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritildi, mingdan ortiq noyob artefakt O‘zbekistonga qaytarildi. Ilmiy yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olim ishtirok etdi. Konferensiya, seminar va mahorat darslariga 5 mingdan ortiq kishi jalb qilindi.

- Bir million tashrifning iqtisodiy samarasi qanday o‘lchanadi?

— Bir million tashrif — faqat ziyoratgohga kirgan odamlar soni emas. Bu transport, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, gidlik, savdo, hunarmandchilik va boshqa xizmatlarga qo‘shimcha talab degani. Shuning uchun biz turistik obyektlarni alohida emas, balki ular atrofida shakllanadigan iqtisodiy zanjir bilan birgalikda ko‘rishimiz kerak. Eng muhimi, bu jarayonda mahalliy aholi faol ishtirok etishi zarur. Turist keladi, xizmatdan foydalanadi va mablag‘ hududda qoladi. Ana shunda turizmning ijtimoiy-iqtisodiy samarasi yanada yuqori bo‘ladi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan nutqida davlat rahbari mamlakat istiqlolining ildizlari uch ming yillik davlatchilik va sivilizatsiya tarixiga borib taqalishini ta’kidladi. Shuningdek, mustaqillik milliy qadriyatlar, tarixiy xotira va diniy merosni qayta anglash uchun sharoit yaratgani qayd etildi. Nutqda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari bu jarayonning zamonaviy ilmiy-ma’rifiy infratuzilmasi sifatida alohida tilga olindi. Bugun O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi xalqaro institutlar darajasida ham keng e’tirof etilgan. UNESCOning amaldagi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 8 ta obyekti Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning 6 tasi madaniy meros obyektlaridir: Xivaning Ichan qal’asi, Buxoro tarixiy markazi, Shahrisabz tarixiy markazi, “Samarqand — madaniyatlar chorrahasi”, “Ipak yo‘li: Zarafshon–Qoraqum koridori” hamda 2026 yilda ro‘yxatga kiritilgan “Toshkent modernistik arxitekturasi”.

So‘nggi nominatsiya alohida e’tiborga loyiq. 2026 yil iyul oyida Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkazilgan UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida “Toshkent modernistik me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar” nominatsiyasi doirasida poytaxtimizdagi 10 ta bino va me’moriy majmua ro‘yxatga kiritildi. Bu — so‘nggi 25 yil ichida O‘zbekistonning bunday yuksak maqomga sazovor bo‘lgan ilk milliy nominatsiyasi. UNESCO bahosiga ko‘ra, ushbu obyektlar 1966 yilgi zilziladan keyin Toshkentning qayta qurilishi va rivojlanishini aks ettiradi. Bu esa poytaxtni faqat tranzit nuqtasi emas, balki mustaqil madaniy turizm manzili sifatida targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyat ochadi. Navbatda “Zomin tog‘lari” tabiiy obyektini ro‘yxatga kiritish bo‘yicha nominatsiya hujjatlari tayyorlanmoqda.

Bu bilan birga, O‘zbekistonga tegishli 18 ta nomoddiy madaniy meros elementi UNESCO ro‘yxatlarida qayd etilgan. Ular orasida Shashmaqom, Katta ashula, Askiya, palov madaniyati, Xorazmning “Lazgi” raqsi, baxshichilik san’ati, miniatyura, kulolchilik va zarhal bezak san’ati bilan bog‘liq ijtimoiy-madaniy an’analar bor. O‘tgan 2025 yilda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu konferensiya UNESCO bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida 40 yildan ortiq vaqtdan keyin birinchi marta tashkil etildi. Sessiyada 200 ga yaqin davlatdan 2 800 dan ortiq delegat ishtirok etdi, 150 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. UNESCOning o‘zi Samarqanddagi sessiyani xalqaro madaniy va ilmiy hamkorlik nuqtayi nazaridan muhim voqea sifatida qayd etdi. Bu raqamlar va voqealar madaniy merosning faqat tarixiy xotira emas, balki O‘zbekistonni xalqaro turizm bozorida farqlantiradigan strategik yo‘nalish ekanini ko‘rsatadi.

Turizm mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan, minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tarmoqqa aylanib bormoqda. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda. Buning tasdig‘ini 2025 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSH dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

— Turistik raqobat kuchayib borayotgan sharoitda xizmat sifati masalasi qanchalik muhim?

— Juda muhim. Bugun sayyoh faqat tarixiy obyektning o‘ziga baho bermaydi. U aeroportdan boshlab transport, mehmonxona, ovqatlanish, sanitariya, gid, til, raqamli xizmat va xavfsizlikkacha bo‘lgan butun tajribani baholaydi. Shuning uchun biz turizmda “obyekt borligi”dan “sifatli turistik mahsulot borligi”ga o‘tishimiz kerak.

— UNESCOning O‘zbekiston madaniy merosiga bergan e’tirofi turizm uchun qanday imkoniyatlar ochmoqda?

— UNESCO ro‘yxatida O‘zbekistonning 8 ta obyekti mavjud. Shuningdek, 18 ta nomoddiy madaniy meros elementi xalqaro ro‘yxatlarda qayd etilgan. Bu e’tirof mamlakatning xalqaro turistik imijini kuchaytiradi. Lekin eng muhimi — bu maqomdan amaliy foydalanish. Ya’ni obyektni xalqaro bozorda to‘g‘ri targ‘ib qilish, uni turistik marshrutlarga kiritish va atrofida sifatli xizmatlarni shakllantirish kerak. 2026 yilda Toshkent modernistik arxitekturasining UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi poytaxt uchun ham yangi imkoniyat ochdi. Endi Toshkentni faqat zamonaviy megapolis emas, balki o‘zining alohida me’moriy tarixi va madaniy qatlamlariga ega shahar sifatida ham targ‘ib qilish imkoniyati bor.

— Turistlar soni ko‘payishi madaniy meros obyektlariga zarar yetkazishi mumkin. Bu xavf qanday boshqariladi?

— Turizm rivoji bilan birga merosni muhofaza qilish tizimi ham kuchayishi shart. Shu maqsadda merosga ta’sirni baholash tizimini joriy etish, obyektlarni raqamlashtirish, raqamli egizaklar yaratish va turistik yuklamani boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Ayrim obyektlarda tashrif buyuruvchilar oqimini oldindan prognoz qilish va zarurat bo‘lsa, tashriflar soniga vaqtincha cheklov joriy etish ham mumkin.

Shuni alohida e’tirof etishim lozimki, mamlakatdagi umumiy turizm ko‘rsatkichlari ham bu jarayonning iqtisodiy masshtabi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Xususan, 2026 yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga  7 million 749 mingdan ortiq xorijiy turist kelgan, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 22,6 foiz ko‘p. Shu davrda turizm xizmatlari eksporti 3,895 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 56 foizga o‘sgan. E’tiborli jihati, eksport tushumi sayyohlar sonidan deyarli ikki baravar tezroq o‘smoqda — bu har bir tashrifning iqtisodiy samarasi ortib borayotganini anglatadi. Avgust oyi yakunlari o‘sish sur’ati saqlanib qolayotganini tasdiqladi: 8 oyda mamlakatga 9,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, turistik xizmatlar eksporti esa 4,6 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53,5 foizga oshdi. Talabga mos ravishda infratuzilma ham kengaymoqda: yanvar–iyul oylarida 705 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 7 440 taga, o‘rinlar soni 202,6 mingtaga yetdi. Yana bir muhim ko‘rsatkich: 2026 yil yanvar–iyul oylarida mamlakat xizmatlar eksportining 53,8 foizi sayohat, ya’ni turizm hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu raqamlar madaniy va ziyorat obyektlarini faqat ma’naviy meros sifatida emas, balki turizm xizmatlari eksporti, kichik biznes va hududiy iqtisodiyot bilan bog‘langan aktiv sifatida rivojlantirishning ahamiyatini ko‘rsatadi.

Sohada islohotlar davom etadi. 2030 yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirish maqsad qilingan. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Bir narsani unutmasligimiz kerakki, merosni asrash — o‘tmish oldidagi burch, uni kelajakka xizmat qildirish esa mas’uliyatdir.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari