Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyun, 2026   |   14 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:53
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
29 Iyun, 2026, 14 Muharram, 1448
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   19190   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Orzular qabristoni yoxud soxta baxtning achchiq yakuni

29.06.2026   956   7 min.
Orzular qabristoni yoxud soxta baxtning achchiq yakuni

«Giyohvandlik va narkojinoyatlikka qarshi kurashish nafaqat

huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilik,

mahalla va har bir fuqaroning vijdoniy ishi hamda

muqaddas burchiga aylanishi shart».

Sh.M.Mirziyoyev


Islom insoniyatni barcha yomonliklardan saqlanishga, ilohiy amrlarni ado etishga, ixtiyoriy yaxshi amallarni qilishga, vijdonli, o‘ta sezgir, irodasi mahkam, aqli sog‘lom, xulqi chiroyli, jismi baquvvat, o‘ziga ahamiyat beruvchi va boshqalarni isloh etuvchi, diniga qimmatli, jamiyatga naf keltiruvchi, Vatanini himoya qiluvchi, ummatga qalqon bo‘luvchi, Parvardigoriga ibodat qiluvchi, barcha xaloyiqqa yaxshilik qiluvchi, yer yuzini obod qiluvchi bo‘lishga, o‘ziga yuklatilgan vazifani mukammal ado qilishga da’vat etadi.


Islom shariatida inson joni va aqlini saqlash o‘ta dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shunga binoan shariatda jon va aql o‘z vazifasini mukammal ravishda ado etishida rioya qilinishi lozim bo‘lgan ilohiy ko‘rsatmalar batafsil bayon etilgan.


Davlat siyosati fuqarolar jamiyatining har tomonlama komil, sog‘lom, olijanob fazilatlari, yuksak tafakkuri va ma’naviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat bo‘lishiga qaratilgan. Mana shu xalqchil siyosatga asoslangan hukumatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali dunyoda “asr vabosi” deb nom olgan giyohvandlikning inson sog‘lig‘iga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida baralla aytilmoqda va keng suratda tushuntirilmoqda.


Inson hayoti, ayniqsa, yoshlarimiz kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotida mavjud zararli illatni yo‘q qilish va uning oldini olish har bir mo‘min-musulmonning sharafli burchidir.


Har bir inson bu dunyoga pok niyatlar, ulug‘ maqsadlar va go‘zal orzular bilan qadam qo‘yadi. Kimdir el tanigan olim bo‘lishni, kimdir ota-onasining suyanchig‘i va faxriga aylanishni, yana kimdir jamiyatga naf keltiradigan solih inson bo‘lishni istaydi. Biroq, bugun insoniyat qarshisida shunday bir mudhish va ko‘rinmas xavf turibdiki, u insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki uning borlig‘ini, iymonini va eng go‘zal orzularini ham tiriklay go‘rga tiqadi.


Bu ofatning nomi — giyohvandlikdir. Giyohvandlik — bu shunchaki tibbiy muammo emas, bu inson o‘z qo‘li bilan o‘z kelajagini ko‘madigan «Orzular qabristoni»dir. Muqaddas dinimiz inson hayotini, uning aqli va sog‘lig‘ini eng oliy qadriyat — Allohning buyuk omonati deb biladi. Islom shariatining asosiy maqsadlaridan biri ham aynan inson aqli va jonini muhofaza qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni o‘z-o‘zini halokatga tashlashdan qat’iy qaytarib, shunday marhamat qiladi: «O‘zingizni (o‘z qo‘llaringiz bilan) halokatga tashlamang!» (Baqara surasi, 195-oyat). 


Giyohvandlik moddasini iste’mol qilish — bu Alloh bergan eng ulug‘ ne’mat, ya’ni ong va tanani o‘z qo‘li bilan zaharlash, demakdir. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri oyatda qaytarilgan halokat eshigini ochish bilan barobardir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham inson sog‘lig‘iga va aqliga zarar yetkazadigan, uni karaxt qiladigan har qanday narsani taqiqlaganlar. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi va (badanni, aqlni) bo‘shashtiruvchi, sustlashtiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar» (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).


Ulamolarimiz ushbu hadisga tayanib, giyohvandlik moddalari (xoh u an’anaviy, xoh zamonaviy kimyoviy-sintetik vositalar yoki kapsulalar bo‘lsin) badanni va aqlni tamoman ishdan chiqarishi, insonni mutelikka boshlashi sababli, ularni iste’mol qilishni, sotishni va tarqatishni harom deb fatvo berganlar. Buyuk valiy va tobein olim Hasan Basriy rahmatullohi alayh aql ne’matining qadri haqida gapirib, shunday degan ekanlar: «Agar aqlni bozorda sotib olishning iloji bo‘lganida, insonlar unga ega bo‘lish uchun bor jahonni to‘lagan bo‘lardilar. Qanday qilib inson o‘z ixtiyori bilan puliga o‘zini aqldan judo qiladigan zaharni sotib olishi mumkin? Bu aqlsizlikning eng oliy darajasidir».


Ulug‘ faqih olim Ibn Hajar al-Haytamiy rahmatullohi alayh o‘z asarlarida giyohvandlikning zararlarini bayon etar ekan, u insonni ibodatdan to‘sishi, yuzdagi hayo nurini ketkazishi, mardlik va g‘ururni yo‘qotishi hamda insonni eng pastkash darajaga tushirib qo‘yishini alohida ta’kidlagan. Giyohvand kimsa avvalo aqldan, keyin hayodan, so‘ngra oilasi, mol-mulki va eng achinarlisi, iymonidan ajraladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Aroq (va har qanday mast qiluvchi narsa) barcha yomonliklarning kalitidir». 


Soxta lahzalarning achchiq bahosi: jarlik yoqasiga kelib qolgan yoshlar ko‘pincha bu qora yo‘lga «bir marta sinab ko‘rish», «zamonaviylikdan orqada qolmaslik» yoki «muammolarni unutish» maqsadida qadam qo‘yadilar. Biroq shaytonning bu aldovi insonni vaqtinchalik soxta dunyoga olib kiradi-yu, real hayotdagi barcha go‘zal tuyg‘ularini va maqsadlarini kul qiladi. Bu soxta baxtning yakunida nimalar boy beriladi?


Ilm va zakovat so‘nadi: Olim yoki shifokor bo‘lmoqchi bo‘lgan yoshning zehni zaharlanib, fikrlashdan mahrum bo‘ladi.


Oilaviy baxt vayron bo‘ladi: Ota-onasiga xizmat qilib, duosini olmoqchi bo‘lgan farzand ularning qotiliga, eng katta dog‘i va armoniga aylanadi.


Porloq kelajak go‘rga topshiriladi: Go‘zal oila qurib, baxtli yashashni istagan qalb zulmat soyasida, yolg‘izlik va jismoniy azoblar ichida qoladi.


Mana shu tarzda umid bilan sug‘orilgan porloq hayot — o‘z egasining qo‘li bilan Orzular qabristoniga aylantiriladi.


​Farzandlarimizga Alloh taolo bergan umr, sog‘liq va jamiyat omonat ekanini, qiyomat kunida har bir daqiqa va tanamizning har bir a’zosi uchun hisob berishimizni anglataylik. ​Orzularimiz qabristonga emas, hayotni go‘zallashtiradigan, Vatanga va islom ummatiga xizmat qiladigan buyuk maqsadlarga eltsin! Umr ne’matini soxta tuyg‘ular evaziga zaharlamaylik. 
 

Abdurahmonjon domla Abdurahmonov,
Oltiariq tumani

“Birlashgan” masjidi imom-noibi

O'zbekiston yangiliklari