Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Poytaxtimizdagi INNO innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha fidoyilari hamda «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan professor-o‘qituvchilar, tajribali pedagoglar, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan olimlar hamda tizimda fidokorona faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlarga «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Quvonarlisi, ushbu yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlar qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ham munosib ko‘rilib, «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur mukofot bilan ustozni qizg‘in muborakbod etib, Alloh taolodan el-yurt va dinimiz ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlarida kuch-quvvat hamda ulkan zafarlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati