“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar
Dinimizning ko‘zga ko‘ringan barcha ulamolari “jihod” so‘ziga quyidagicha ta’rif berganlar:
“Jihod” so‘zi lug‘atda inson tomonidan barcha imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasi uchun shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshiriladigan kurash harakatlarini anglatadi.
Shundan kelib, musulmon odam jihod qilmoqchi bo‘lsa, o‘zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak.
Ta’kidlash lozim, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol”, “harb” so‘zlari ishlatiladi.
Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilm “mujtahid talaba” deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlar ham “mujtahid” deb atalgan. Unday kishilar shar’iy ilmlarni ravnaq toptirish va tarqatishda jihod qilganlar.
Xulosa qilib aytganda, “jihod” so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ko‘p va o‘shalarning ichida dushmanga qarshi joni, vatani va dinini saqlash uchun jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan.
Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo Furqon surasida quyidagi xitobni qiladi: “Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u(Qur’on) bilan katta jihod qil!”.
Demak, Qur’on bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish ma’nosi yo‘qligini anglash zarracha aqli bor odam uchun qiyin emas.
Islomda jihod ma’nosi, avvalo, urush emas, balki Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon va Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taolo uchun havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
“Jome’ul ahodis” kitobida (J. 4. B. 741) keltirilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
قَدِمْتُمْ مِنْ خَيْرِ مَقْدَمٍ نَ الْجِهَادِ الْأَصْغَرِ إِلَى الْجِهَادِ الْأَكْبَرِ مُجَاهَدَةَ الْعَبْدِ هَوَاهُ
“Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi-nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsi yo‘liga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekani, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani kelib chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddis olimlar rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
جَاءَ رَجُلٌ إلى النبيِّ صَلَّى اللَّهُ عليه وَسَلَّمَ سْتَأْذِنُهُ في الجِهَادِ فَقالَ: أَحَيٌّ وَالِدَاكَ قالَ: نَعَمْ قالَ: فَفِيهِما فَجَاهِدْ
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga:
“Ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Unday bo‘lsa, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar».
Demak, ota-onaning xizmatini qilish ham jihod bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom har doim ishlarni tinch yo‘li bilan hal qilishga chaqirganlar. U zot doimo mojaroli holatlarni chiroyli hikmat bilan isloh qilganlari va o‘rtada tinchlik o‘rnatganlari bilan mashhurdirlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo insonlarni ozor berishdan, boshqalarga zarar yetkazishdan qaytarganlar.
Musulmonning qoni va moli haromligi, ya’ni tajovuz qilish mumkin emasligi, joni daxlsizligi haqida quyidagilarni aytganlar:
فإنَّ دِمَاءَكُمْ وأَمْوَالَكُمْ وأَعْرَاضَكُمْ وأَبْشَارَكُمْ علَيْكُم حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَومِكُمْ هذا في شَهْرِكُمْ هذا في بَلَدِكُمْ هذا
“Zero, sizlarning qonlaringiz, mol-mulklaringiz va obro‘laringiz bir-biringizga xuddi ushbu (arafa) kuningiz, ushbu (Zulhijja) oyingiz va ushbu (Makkai mukarrama) shahringiz hurmati kabi hurmatlidir (ya’ni, o‘zganing qonini to‘kish, norozi qilib molini olish va obro‘sini to‘kish haromdir)” (Imom Muslim rivoyati).
Nafaqat, musulmonni balki, boshqa dindagi kishilarni ham nohaq o‘ldirish Islomda katta gunoh va og‘ir jinoyat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
مَنْ قَتَلَ مُعَاهَدًا لَمْ يَرَحْ رَائِحَةَ الْجَنَّةِ وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَد مِنْ مَسِيرَةِ أَرْبَعِينَ عَامًا
“Kim bir muohadni (musulmonlar bilan o‘rtalarida ahd bo‘lgan g‘ayridin kishini) nohaq o‘ldirsa, u jannatning hidini ham topolmaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida:
الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عَنْهُ
“Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan chetlangan inson haqiqiy hijrat qiluvchidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday keladi:
عَنْ أُمِّ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّهَا قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ أَوْصِنِي قَالَ اُهْجُرِي الْمَعَاصِي فَإِنَّهَا أَفْضَلُ الْهِجْرَةِ وَحَافِظِي عَلَى الْفَرَائِضِ فَإِنَّهُ أَفْضَلُ الْجِهَادِ وَأَكْثِرِي مِنْ ذِكْرِ اللهِ فَإِنَّكِ لَا تَأْتِينَ لِلَّهِ بِشَيْءٍ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ كَثْرَةِ ذِكْرِهِ.
“Ummu Anas roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mashhur alloma Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “jihod”ni noto‘g‘ri talqin qiladiganlarga raddiya sifatida yozgan “al-Jihod fil Islom” nomli kitobida bunday degan: “Men bu asrda ba’zi bir doiralar nazdida yangi Islom tug‘ilayotganini mulohaza qilmoqdaman. U Allohning huzuridan vahiy bo‘lib tushmaydi. Lekin ba’zi odamlarning fikrlari va mijozlaridan kelib chiqadi. Uning hukmlari shar’iy dalillar hukmi ila birlashmaydi va shar’iy hujjatlarga bo‘ysunmaydi. U faqat ba’zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi nafsidan kelib chiqadi”.
Jang asosida olib boriladigan jihod ikki qismdan iborat:
1. Talab jihodi – farzi kifoya. U hozir yo‘qligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki hozirda davlatlar o‘rtasida o‘zaro tinchlik bitimi mavjud bo‘lib, urushmaslikka kelishilgan.
2. Mudofaa jihodi – farzi ayn. U dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo‘ladi.
Ma’lumki, jihodning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Xalifa” bo‘lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma’lum.
Qolaversa, jihod joriy bo‘lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga Islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Demak, hozirgi kunda mazkur ko‘rinishdagi jihodga chaqirayotganlarning chaqiriqlari hech qanday asosga ega emasligini anglab olmoq lozim bo‘ladi. Zero, men jihod qilaman deb o‘zga yurtlarda begunoh insonlarga qarshi qurol ko‘tarib, ularning tinchligiga raxna solib, qotillik qilayotgan yoki o‘zi o‘lsa, shahid emas, balki johiliyat o‘limida o‘lib ketish ehtimoli mavjud.
Bugungi kunda jihodga targ‘ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o‘zlari ham bilmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa, demak, u johiliyat o‘limini topibdi”, deganlar.
Kim noma’lum bayroq ostida, u bayroq kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va shu yo‘lda o‘lsa, u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi.
Dinimiz hatto urush ostida bo‘lgan va dushman yerida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. Jihodga chaqirayotganlarning aksariyati xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi juda achinarlidir.
Niso surasida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir” deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilganlar (Ibn Moja rivoyati).
Buzg‘unchi toifalar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilishi natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘layotgani achinarli hol, albatta.
Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aynan nizoli hududlarning ichida bo‘lgan va terrorchilar xususida bunday degan: «Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. U zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?!».
Dinimizda begunoh insonning qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng qabihi, katta qabohat hisoblanadi. Islom hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dindorlik haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.
Ba’zi olimlar jihodni uch turga bo‘ladilar:
1. Badan bilan, ya’ni har qanday harbiy vositalar bilan vatan, millat-din va xalq himoyasi uchun kofir-dushmanlarga qarshi jihod qilinadi. Bu jihodni faqat davlat rahbarlarigina amalga oshiradi, boshqarib boradi. Hozir, ming afsuski, ko‘plab musulmonlar jihod deganda faqat shu – davlat zimmasidagi vazifani tushunadi, xolos.
2. Ommaviy axborot vositalari oroqali Islomni insoniyatga yetkazish. Bu tur jihodni ulamolar qiladilar. Ulamolardan mahrum zamonlarda yashagan oddiy musulmonlarning, missionerlar va bid’at ahlining hujumlaridan himoyalanish uchun avval yashab o‘tgan ahli sunna olimlarining asarlarini, nasihatlarini kitoblar orqali, ommaviy axborot vositalari va nashrlar orqali butun dunyoga tarqatishlari, eshittirishlari kerak.
Islomning ichki va tashqi dushmanlarining buzg‘unchi, yolg‘on va soxta tashviqotlariga qarshi kurashishda ahli sunna val jamoa olimlari e’tirof etgan dinning sof ta’limotini yoyishdagi uslub bugungi kunda ham dolzarb hisoblanadi.
3. Duo bilan qilinadigan jihod. Bu jihod umumiy tarzda barcha musulmonlarga hamisha farzi ayndir. Yuqorida keltirilgan jihod turlari farzi kifoyadir. Shu uchinchi jihodga beparvo bo‘lish katta gunohdir.
Jihod – inqilob qilish, amirlarga, boshliqlarga qarshi chiqish va isyon qilish, buzish, sindirish-qiyratish, portlatish va vayron qilish degani emas. Bunday harakatlar fitna bo‘lib, Islom va boshqa musulmonlar uchun kulfat keltiradi. Musulmonlarning ezilishiga, hibsga tushishiga va din, iymon ilmlarining taqiqlanishiga yo‘l ochadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi