Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

G'ayratli bo'lsak, millat isloh topadi

29.02.2024   3111   3 min.
G'ayratli bo'lsak, millat isloh topadi

#O'quv_seminar

Ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashga barcha mas'ul. Bu ishdan hech kim chetda turmasligi kerak. Zero, shu aziz Vatanda tinch-totuv, rohat-farog'atda yashash bevosita tinchlik-osoyishtalikka bog'liq.

Bugun, 29 fevral' kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan otinoyilar va tumanlar targ'ibot guruhlari mutaxassislari ishtirokida o'quv-seminari tashkil etildi.

Tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosarlari Abdulloh domla Yo'ldoshev hamda Ergashali domla Rustamov kirish so'zi bilan ochib berdilar.

Ular bugungi kunda diniy soha hodimlari, shu jumladan, otinoyilarning mas'uliyati, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashdagi o'rni, jamiyat rivojida ularning vazifalari, turli yot g'oyalar ta'siridan xalqimizni himoya qilish, sof Islom dini ta'limotining asl mohiyatini keng ommaga etkazish va jaholatni ilm-ma'rifat bilan engish mumkinligi haqida to'xtalib o'tdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar bilan ishlash va ma'naviyat bo'limi boshlig'i Munira Qahhorova Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 2023 yil 22 dekabr' kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida bildirilgan ustuvor yo'nalishlar haqida to'xtalib o'tdi. Davlatimiz rahbari Ibrat domlaning “Ulamo g'ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so'zlarini yodga oldi.

– Muhtaram Yurtboshimiz o'z nutqlarida bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi, ma'naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak, – dedi Toshkent shahar Olmazor tumani “Siroj solih” masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov. Ma'ruzachilar bugungi kunda mazhabsizlik, mutaassiblik, ekstremizm va terrorizm masalasi musulmon dunyosidagi eng global muammoga aylanib borayotgani, bularning oldini olishda mutaassiblikka moyilligi bor, yot g'oyalar ta'siriga berilgan xotin-qizlarni uyma-uy yurib, mahallabay o'rganish mexanizmi yordamida ular bilan psixologik seminar-treyninglar o'tkazishning tamoyillari va usullari haqida batafsil tushunchalar berishdi.

Seminar ma'ruza-amaliy mashg'ulot tarzida o'tkazilganligi bois, savol-javob usulidan foydalanildi. Shuningdek, otinoyilarning savollariga Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi Zulayho Soatova javoblar berdi, fikr-mulohaza va takliflar tinglandi. 

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   19746   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari