Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kecha imom Zahabiyning «Siyaru a’lomin nubalo» asarini o‘qiyotgan edim. U kitobdagi Abdulloh ibn Muborak rohimahullohning imom Molik rohimahulloh haqida aytgan gapi hali ham quloqlarim ostida jaranglamoqda:
«Molik ibn Anas kabi ko‘tarilgan kishini ko‘rmadim. U ko‘p ro‘za tutmas, ko‘p namoz o‘qimas edi. Ammo unda qalb bor edi!».
Do‘stim! Imom Molik rohimahulloh «Muvatto» asarini yozganida kishilar unga: «Hadis kitoblari ko‘p-ku! Kishilarning bunga nima ehtiyoji bor?!», deyishgan edi. Imom Molik rohimahulloh: «Alloh uchun bo‘lgani qoladi!», degan edi.
Imom Molikning butun borlig‘i Alloh uchun edi. Darhaqiqat, «Muvatto» qoldi.
Do‘stim! Alloh taolo bandasining xolis O‘zi uchun qilinadigan bittagina bo‘lsada yashirin ibodatini sevadi. U amalni hech kim ko‘rmasa, maqtamasa, hech kim eshitmasa, olqishlamasa, uni bajarganda maqsad faqat Allohning rizosi bo‘lsa, Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmasligiga ishonsa banda…
Kameralar tushura olmaydigan doimiy sadaqang bo‘lsa, kechalari namoz o‘qisang-u, uni oilang bilmasa, do‘konlarga borib birovlarning qarzlarini to‘lab kelsang-u, ular seni tanishmasa, sen ularni tanimasang, yetimlarni qaramog‘ingga olsang-u bu ishing faqat qiyomatda oshkor bo‘lsa….
Do‘stim! Imom Molikning «Alloh uchun bo‘lgani qoladi» degan gapini yodingga ol. Allohga muhabbat qilib, dinni himoya qilib ixlos bilan yozgan ikki qator jumlangni Alloh minglab insonlarga tarqatadi. So‘zlaring butun yer yuzi bo‘ylab aylanadi. Sen esa uyingda o‘tirgan bo‘lasan…
Allohning roziligini talab qilib yozgan kitobingni Alloh bir gunohkorning tavbasiga sabab qilsa, bir mahzun kishiga hamdard qilsa, bir adashganni to‘g‘ri yo‘lga solsa bundan ortiq baxt bormi?! Vafot qilganingda kitoblaring ortingda qolib kishilarni irshod qilib tursa…
Savob umidida bitta daraxt eksang, Alloh uni tog‘lar kabi sobit qilsa, kishilar undan soyalansa, mevalaridan yeyishsa bu ne baxt! Bir paytlar u kichkina niholcha edi. Bugun esa u Alloh uchun ekkaning sabab qiyomating uchun zaxira bo‘lmoqda…
Insonlar uchun Alloh rizosini istab suv chiqarib bersang ehtimol uning mukofoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan suv ichish bo‘lar?! Allohdan ko‘ra vafodorroq zot yo‘q aslida…
Alloh uchun ilm olsang, birovga ilm bersang, Qur’on yodlasang va uni boshqalarga yodlatsang bularning ajrini farishtalar albatta sahifangga yozadi inshaalloh!
Alloh uchun bo‘lgani qoladi. Imom Navaviy rohimahullohning «Riyozus solihiyn» kitobini London va Parijda sotiladi deb o‘sha davrda kim o‘ylagan?! Ammo Alloh taolo Vallohu a’lam imom Navaviyning qalbiga boqib rozi bo‘lgan, shu sabab uning kitobini yashatgan…
Kishilar ibn Qoyyim rohimahullohning «Madorijus solikin» asariga bejizga yopishib olishmagan. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Kishilar bejizga ibnul Javziy rohimahullohning «Soydul xotir» asarini o‘qishmaydi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Imom Ahmad rohimahulloh doimo: «Yo Robbim! Meni o‘ldirganingda maxluqotlaringdan biror kishi meni tanimasin», degan edi. Alloh u zotning qalbida shuhratga havas yo‘qligini bildi. U zotni jumla jahonga mashhur qildi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Do‘stim! Alloh uchun bo‘lgani qoladi!
Abdulqodir Polvonov