Johiliyat zamonidan buyon kishilar ongida yashab, ularni haq yo'ldan chalg'itib kelgan ba'zi muammolar hali ham barham topgani yo'q. Yaratganning O'zidan boshqa hech kim bilmaydigan, g'aybni bilish da'vosidagi ilmsizlik “folbinlik” deb ataladi. Folbinlik “kohinlik”, “ilmul raml”, “munajjimlik”, “arroflik” kabi nomlar bilan ham ataladi. Folbinlik Qur'oni karim hukmi bilan harom qilingan. Folbin, kohinning g'aybdan deb bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufrdir.
Alloh taolo Yunus surasi 106-oyatida bunday marhamat qiladi: “Allohni qo'yib, foyda ham, zarar ham etkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilmang! Agar (shunday) qilsangiz, unda, albatta, siz zolimlardandirsiz”.
Hozirgi kunda ham biror narsasini yo'qotgan, biror ishda shubhaga borgan kimsalar, ayniqsa, ma'rifatsiz ayol-qizlar yoki tushkunlikka tushgan insonlarning aksari muammoning echimini topish uchun folbinlarga qatnamoqda. Oilaviy ajrimlarning kelib chiqishiga sabab bo'ladigan, akani ukadan ajratadigan, quda-andalar, qo'shnilar, hamkasblar orasiga sovuqchilik soladigan folbinlar cho'ntagini qappaytirmoqda. Folbinlarga boruvchilar esa vaqti, sog'ligi, puli havoga sovurilayotganiga, o'zlari qattiq gunohkor bo'layotganiga ahamiyat ham berishmaydi.
Ayni paytda kishilik jamiyatining eng katta muammolaridan biri ham sehr, folbinlik va munajjimlikdir. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: “...Balki odamlarga sehr o'rgatadigan shaytonlar kofir bo'ldilar...”(Baqara surasi, 102-oyat). La'natlangan shaytonning odamlarga sehr o'rgatishdan ko'zlagan birdan-bir maqsadi – ularni mushrikka aylantirishdir.
Alloh O'ziga sherik qilgan insonni hech qachon kechirmaydi. Bugungi kunda ko'plab gumroh kimsalarning sehrga aralashib yurganiga guvoh bo'lasiz. Ular sehrni faqat harom deb o'ylaydilar va uning kufr ekanini his qilmaydilar. Bu hol, ayniqsa, er-xotin orasidagi munosabatlarda – issiq-sovuq va shu kabi narsalarni qilishda yaqqol namoyon bo'ladi. Ular bu ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo'lgan so'zlarni qo'llaydilar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar”, deb ulardan biri sehr ekanini bayon qilganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Har bir banda Alloh taolodan qo'rqishi va dunyoyu oxiratini kuydiradigan bunday ishlardan saqlanishi lozim.
Vahb ibn Munabbih: «Ayrim kitoblarda o'qidimki: “Alloh azza va jalla: “Mendan o'zga iloh yo'q. Sehr qilgan va sehr qildirgan, fol ochgan va fol ochdirgan, shumlangan va shumlantirgan kimsalar Mendan emas”, deydi». Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Folbin – sehrgar, sehrgar esa kofirdir”, degan. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Albatta, afsun o'qish, tumor taqish va issiq-sovuq qilish shirkdir” (Ibn Hibbon, Imom Hokim rivoyat qilishgan).
Kimki tumor yoki munchoq taqib, bu ko'z tegishidan saqlaydi deb e'tiqod qilsa, shirk keltirgan bo'ladi. Hitobiy roziyallohu anhu aytadi: «Qur'on yoki Alloh taoloning ismlari bilan dam solish mumkin. Chunki Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumoga dam solib: “Sizlarni Allohning to'liq kalimalari ila har bir shaytonu hasharotdan va har bir yomon ko'zdan O'z panohida saqlashini so'rayman”, der edilar» (Imom Hokim rivoyati).
Folbinga qatnayotgan opa-singillarimizning bu yo'ldan qaytishlarini so'raymiz. Alloh taolo Qur'oni karimda bu ilm faqat O'zida ekanini aytgan. Alloh bilan Allohning ilmini talashayotgan bandalar, albatta, xor bo'lajak. Shu mal'un, iflos va jirkanch maxluqlarning oldiga borib, iymonu e'tiqodimizni poymol qilmaylik, azizlar. Kimki shu ishni qilgan bo'lsa, tavba qilsin.
Musulmon kishi boshiga musibat etganda sabr qiladi. Uning Allohdan ekanini biladi va Allohga yanada kuchliroq tazarru bilan sig'inib, musibatiga, g'am-anduhiga yupanch izlaydi. Mo'min kishi kasal bo'lsa, darrov azayimxonga yugurmasdan shariat ruxsat bergan tibbiy vositalar bilan davolanadi, o'ziga o'zi
Qur'on oyatlarini o'qib dam soladi...
Hozirgi kunda turli duoxon va azayimxonlarga borish ham xatarli bo'lib qolgan. Chunki ularning ko'pi shariatda vorid bo'lmagan allaqanday shubhali duolar va qasidalar bilan dam soladilar. Sehr, ya'ni ko'zbo'yamachilik, issiq-sovuq qilish katta gunoh. Sehr qilgani uchun olinadigan haq ham shariatda taqiqlangan ishni qilgani uchun harom.
Alloh taoloning izni bo'lmasa, hech kimga zarar etmasligi Qur'oni karimda bayon qilingan. Ular kelajakda bo'ladigan ishlarni oldindan aytib berish da'vosi ila sodda insonlarni aldab, o'z tuzoqlariga ilintirmoqdalar. Kishilarda bo'lmag'ur shumlanishlarning paydo bo'lishi esa ko'plab oilalarning buzilib ketishiga, qo'ni-qo'shni, yaqin qarindoshlar, aka-uka, quda-andalarning orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo'lmoqda.
Masjidlarimizga ziyoratga kelgan ba'zilar: “Yo'limni ochib bering, baxtim ochilsin”, deb folbinlarning gapini aytishadi. Albatta, har bir ish Allohdan. Islom insonlarda uchraydigan badaniy xastaliklarni tib orqali, qalb xastaliklarini esa Qur'oni karim oyatlari bilan muolaja qilishga amr etgan. Har birimiz dinimizning amriga bo'ysunishimiz, folbin va kohinlarga qatnash ulkan gunoh ekanini yaxshi anglashimiz lozim.
Jahongirxon ABROROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi xodimi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari musulmon olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan eng yirik ilmiy-fiqhiy tashkilot – Xalqaro islom fiqhi akademiyasiga a’zo bo‘ldilar.
Bu haqda mazkur akademiya bosh kotibi professor Qutb Mustafo Sanodan tabrik maktubi olindi.
Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuqori bahodir.
Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan sakkizinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval Turkiy davlatlar muftiylari kengashi (2021 y.), Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (Saudiya Arabistoni, 2024 y.), Islom olami uyushmasi (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi (Saudiya Arabistoni, 2026 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Xalqaro islom fiqhi akademiyasi (arabcha: مجمع الفقه الإسلامي الدولي, inglizcha: International Islamic Fiqh Academy - IIFA) — islom olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan xalqaro ilmiy-fiqhiy tashkilot hisoblanadi.
Akademiya Islom hamkorlik tashkiloti (IHT - OIC) huzuridagi oliy ilmiy organ hisoblanadi. U 1981 yilda Makka shahrida tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. Mazkur akademiyaga professor Qutb Mustafo Sano rahbarlik qiladi. Uning asosiy maqsadlari zamonaviy masalalarga fatvo berish, bayonotlar e’lon qilish, ma’naviy merosni asrash, tadqiq etish, Islom ummati birligini ta’minlash va mo‘tadillikni targ‘ib etish kabilardir.
Tashkilotga a’zo bo‘lgan 57 ta davlatning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari, faqihlari va muftiylari akademiya a’zosi bo‘ladi. Akademiya muntazam ravishda xalqaro anjumanlar va yig‘ilishlar o‘tkazadi. Har bir dolzarb masala yuzasidan dunyo ulamolarining ma’ruzalari, ilmiy tadqiqotlari va xulosalari tinglanadi. Qabul qilingan qarorlar to‘plami musulmon dunyosidagi ishonchli manbalardan biri sanaladi.
Alloh taolodan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Xalqaro islom fiqhi akademiyasidagi faoliyatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati