Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2026   |   20 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:56
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:43
Bismillah
05 Iyul, 2026, 20 Muharram, 1448

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   14720   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sahoba bo‘lolmagan tobe’in: Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh

03.07.2026   9697   1 min.
Sahoba bo‘lolmagan tobe’in: Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh

Ulug‘ tobe’in Abdulloh ibn Sanobihiy rahimahulloh (asl ismlari Abdurahmon ibn Usayla)ning hayoti bugungi kun kishisi uchun – ayniqsa, vaqtning qadri, go‘zal xotima va maqsad sari intilish borasida ulkan ibrat maktabidir.

Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rish, u zotdan bevosita hadis eshitish ishtiyoqida Yamandan Madinaga qarab yo‘lga chiqadi. Biroq, Madinaga yetib kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari haqida xabar topadi. Nabiy alayhissalom besh kun oldin vafot etgan edilar. Abdurahmon ibn Usayla payg‘ambarimizni ko‘ra olmay, sahobalik sharafiga 5 kun kechikkani sababli erisha olmaydi...


Bugungi kunda biz “ertaga qilaman”, “keyinroq boshlayman” deb yillarni boy beryapmiz. Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar ichida yashayotgan hozirgi avlod uchun ushbu qissa – vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va xayrli ishlarni kechiktirmaslik uchun eng katta ogohlantirishdir.
 

Ma’lumot o‘rnida: Yamandan Madinagacha bo‘lgan masofa (masalan, poytaxt Sano yoki janubdagi Adan) yo‘nalishga qarab taxminan 1100-1400 kilometrni tashkil qiladi. Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh yashagan asrda bu masofa piyoda yoki tuyalarda, cahroning issiq va xavfli yo‘llari orqali bosib o‘tilgan. Tuyalar karvoni kuniga o‘rtacha 30-40 km yo‘l yurgan. Demak, Yamandan Madinaga yetib borish uchun o‘rtacha 35-45 kun (taxminan 1,5 oy) vaqt talab etilgan.

 

Davron NURMUHAMMAD