Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’onni hajr (tark) qilmanglar
1. Agar: "...uni o‘rniga qo‘yib tilovat qiladiganlari....", kabi bo‘la olmasangiz, (Baqara surasi, 121-oyat).
2. Hech bo‘lmasa: "...undan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar", kabi bo‘ling. (Muzzammil surasi, 20-oyat).
3. Agar unisini ham, bunisini ham yo‘qotsangiz: "...unga quloq solinglar va jim turinglar...", kabi bo‘ling. (A’rof surasi, 204-oyat).
Ana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida Diniy idoraning “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi tomonidan o‘quv kurslari o‘qituvchilari hamda mas’ul xodimlari uchun silsilaviy onlayn darslar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Bugun, 16 iyul kuni navbatdagi masofaviy dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. «Zoom» platformasi orqali tashkil etilgan ushbu darsda bo‘lim boshlig‘i Shayx Ali Fayzulloh Maxdum “Qur’oni karim shafoati” kitobi asosida ilmiy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
E’tiborli jihati, mazkur silsilaviy darslarda faol ishtirok etgan va dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan tinglovchilarga kelgusida ushbu kitob bo‘yicha maxsus ijoza (ruxsatnoma) berilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi tizimli darslar diyorimizda muqaddas Qur’on ilmlarini keng yoyish hamda ustoz va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati