Halqimiz qadimdan o'g'il farzand dunyoga kelsa, yurtini, oilasini, or-nomusini himoyalovchi pahlavon, avlodlar davomchisi tug'ildi, deya quvongan. Uni yoshligidan jasur, Vataniga sadoqatli va matonatli qilib tarbiyalash uchun kamon otish, ot choptirish, kurash, tosh ko'tarish kabi o'yinlar o'rgatilgan.
Bolalarning botir bo'lishida xalq og'zaki ijodi namunalarining ham o'rni bor. Dostonu ertaklardagi qahramonlar bolalarni oriyatli, kuch-g'ayratli bo'lishga undaydi. Masalan, “Alpomish” dostonidagi Hakimbiyning etti yoshida 14 botmonlik yoyni ko'tarib otgani, “Alpomish” deya nom olgani bolalarga o'zgacha zavq beradi.
Bugun Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Namoz Botir, Sobir Rahimov kabi jasoratli siymolarni bilmaydiganlar kamdan-kam. Ularning mahoratli sarkardaligi, notiqligi, jang qilish usullari necha asr o'tsa hamki, o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q.
Birgina Bobur Mirzoning sarkardalik mahoratiga nazar solsak, uning qo'shini sanoq jihatidan o'n barobar ko'p bo'lgan Ibrohim Lo'di askarlarini engganini ko'ramiz. Manbalarda keltirilishicha, shiddatli jang oldidan Bobur askarlari biroz qo'rquvga tushadi. Shunda sarkarda ularga: “Bu dunyoda hamma o'ladi, it ham, yigit ham. Ammo er kishiga mard holida o'lish sharafdir!” deya ta'sirli nutq so'zlaydi. Bundan ruhlangan askarlar jon-jahdi bilan jangga kirib, g'olib bo'lishadi.
O'zidan ko'p askarlarni engish, ayniqsa, musulmon jangchilar uchun yangilik emas. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sahobalari Badr va Uhud jangida mushriklar ustidan g'alaba qozonganida son jihatidan ulardan ancha kam bo'lgan. Rum, Fors erlari fathida ham sahobalar ozchilik bo'lishiga qaramay, g'oliblikni qo'lga kiritgan. Albatta, bunga Allohning inoyati hamda sahobalar iymonining kuchi, irodasi sabab bo'lgan.
Tarix solnomalarida bunday azmu shijoat va iroda bilan g'alabaga erishganlar ko'p. Bu haqda Qur'oni karimda Tolut va Jolut qissasi keltiriladi:
«Tolut askar bilan chiqqanda: “Albatta, Alloh sizni daryo bilan sinovchidir, kim undan ichsa, u mendan emas. Va kim uni tanovul qilmasa, u, albatta, mendandir. Magar birov qo'li bilan bir ho'plam ho'plasa, mayli”, dedi. Ozginalaridan boshqalari undan ichdilar. U va u bilan birga iymon keltirganlar u (daryo)dan o'tganlarida, ular: “Bugun bizda Jolut va uning askari bilan jang qilishga toqat yo'q”, dedilar. Allohga ro'baro' bo'lishga ishonganlar: “Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan ko'p sonli guruhlarga g'olib kelgan. Alloh sabrlilar bilandir”, dedilar» (Baqara surasi, 249-oyat).
Tolut o'z askarlarining irodasini sinash uchun daryodan suv ichmaslikni buyurdi. Ichsa ham, bir ho'plam ichishga ruxsat berdi. U shu orqali kimning irodasi kuchli, kimniki kuchsiz ekanini aniqladi. Sinovdan o'tmaganlar ajralib qoldi.
Kam sonli kishilargina askarlikka qabul qilindi. Biroz suvsizlikka chiday olmagan odam urushning mashaqqatlariga chiday olmasligi turgan gap edi. So'ngra Tolut askarlari kam bo'lishiga qaramay, Jolut askarlari ustidan g'alaba qozondi.
Afsuski, bugun yigitlar orasida or-nomus, mashaqqatlarda sabru matonat ko'rsatish kabi xislatlar kamayib bormoqda. Sababi, globallashuv necha asrlik qadriyatlarni, Vatan, ona-yurt, or-nomus kabi muqaddas tushunchalarni emiryapti. Ayrimlar uchun bu so'zlar hech narsani anglatmay qo'ydi. Faqat o'z joni omon bo'lsa, bas. Buning misolini ayrim davlatlarda kechayotgan urushlarda ko'rdik.
Ba'zi yoshlar ozgina mashaqqat etsa, ishini, oilasini yoki yurtini tashlab ketmoqda. Qiyinchiliklarni sabr bilan engish o'rniga oson yo'lni tutmoqda. Ularning bunday dangasa bo'lib ulg'ayishida ota-onalarining ham hissasi bor. Chunki keyingi paytda turmushimiz farovonlashgan sayin farzandlarimizga barcha sharoitlarni muhayyo qilib qo'yyapmiz. Ular qiyinchilik, mashaqqat nimaligini bilmay o'smoqda. Oqibatda u endi ulg'ayib, mustaqil bo'ldim deganda, ozgina qiyinchilikka chidamayapti. Alloh saqlasin, bunday yigitlar ertaga yurt boshiga ish tushsa, nima qilar ekan?
Insoniyat yashashda davom etar ekan, Vatanni, yurt sha'nini himoya qilishdek muhim vazifa har bir er yigit zimmasida turadi. Shunday ekan, farzandlarimizni oriyatli, jasur, chin musulmon qilib tarbiyalash har birimizning vazifamiz ekanini unutmasligimiz lozim.
Otabek ATOYeV,
Nurota tumani “Chilustun” jome
masjidi imom-xatibi
Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz Ona-yurtimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, O‘zbekiston Respublikasi istiqlolini qo‘lga kiritganining 35 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz.
Jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning diniy qadriyatlari, milliy an’analari nihoyatda bisyor, beqiyos va betakror bo‘lsa-da, qutlug‘ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida bu yil Mustaqilligimizni 35 yilligini nishonlayotganimiz uchun faqat 35 tasinigina zikr qilmoqchimiz:
* SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...
*** ENG muhimi: yo‘qotib qo‘yishdan oldin ularning QADRIGA yetish !!!
a s o s v a n ye g i z l a r i d a
Bu ro‘yxatni yana ko‘plab davom ettirish mumkin... Biroq fikrimizni muxtasar qilgan holda Allohdan O‘zbekiston xalqining bunday fazilatlari yanada ko‘payishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizga sihat-salomatlik, oilalarimizga baxt-saodat so‘rab qolamiz.
Alloh taboraka va taolo har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ilohiy fayz-baraka, ko‘pdan-ko‘p yaxshiliklar ato etsin!
Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti hamda masjidu-madrasalarimizni obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida, hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!
Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni doimo turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Mehribon Parvardigorimiz O‘zi – eshitib turuvchi, ko‘rib turuvchi va bilib turuvchi Zot! Hammalarimizning dillarimizdagi niyatlarimizni, qalbimizdagi orzularimizni va barcha hojatlarimizni o‘ylaganimizdan ham afzali-ziyodasi bilan ravo qilsin!
Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar, muvaffaqiyatlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!
Ibrohimjon domla INOMOV