Bismillahir Rohmanir Rohiym
Siz hech qachon yutqazmaydigan, kasodga uchramaydigan uchta tijoriy kelishuv haqida eshitganmisiz? Unda ushbu oyatga quloq tuting:
"Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladiganlar,
- namozni to‘kis ado etib,
- Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora nafaqa qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar" (Fotir surasi, 29-oyat).
Izoh: "..hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar". Bu ushbu oyatning asosiy xulosasidir. Dunyodagi tijoratda foyda ham, zarar ham bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan uch amalni – Qur’on tilovati, namoz va infoqni – bajargan insonlar Alloh bilan bo‘lgan "tijorat"dan hech qachon yutqazmaydilar. Bu tijoratning foydasi bu dunyoda ham, u dunyoda ham bo‘ladi. Bu dunyoda qalb xotirjamligi, baraka, hayotda ma’no topish kabilar, u dunyoda esa Allohning roziligi, jannat va abadiy saodatdir. Bu tijorat – haqiqiy va abadiy muvaffaqiyatdir.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan masjid imom-xatiblari va imom-noiblari o‘rtasida Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami munosabati bilan sportning stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin: I.Ametniyazov (Taxtako‘pir tumani «Abdulkarim oxun» jome masjidi imom-xatibi);
2-o‘rin: R.Komiljonov (To‘rtko‘l tumani «G‘oib ota» masjidi imom-noibi);
3-o‘rin: O.Mashalov (Beruniy tumani «Sulton uvos bobo» jome masjidi imom-noibi).
Musobaqa so‘ngida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari A.Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B.Razov va Nukus «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori J.Abdirazzaqovlar ishtirokchilarni g‘alaba bilan tabriklab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilashdi.
G‘oliblarga «Vaqf» xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati