Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447

Ixlosning alomati

06.08.2025   10184   2 min.
Ixlosning alomati

Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi: 
 

– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?


Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:


– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.


Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.


Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.


Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.

Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Islom-tinchlik va omonlik dini

23.09.2025   5798   1 min.
Islom-tinchlik va omonlik dini

Islom tinchlik va omonlik dini bo‘lishlik bilan bir qatorda, o‘zgalarni ham doimo tinchlikka ergashishlikka, uni asramoqlikka chaqiradi. Yaratgan tomonidan bu dinni Islom deb nomlanishi ham fikrimizning yaqqol isbotidir[1].

Islom so‘zi arabcha “salama” yoki “salima” so‘zlaridan olingan bo‘lib, bu so‘zlar “tinchlik”, “omonlik”, “xavfsizlik”, “salomat bo‘lish” kabi ma’nolarni anglatadi. Islom so‘zining lug‘aviy ma’nosidan shu ayon bo‘ladiki, Islom faqat va faqat tinchlikka da’vat etadi.

Din sifatida esa u o‘zida tinchlikni mujassamlagan va uning timsoliga aylangan. U bashariyatni sabr-toqatli, tinchliksevar, mehr-muruvvatli, tartibli, bag‘rikeng, qanoatli bo‘lishlikka targ‘ib etadi.

Agar Qur’oni karim yoki Hadislarda zikr etilgan muslim yoki mo‘min so‘zlarining ma’no, mazmuniga ahamiyat beradigan bo‘lsak, shu aniq bo‘ladiki Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam nazdida, “muslim” o‘zida tinchlik va omonlikni mujassamlagan bo‘lsa, “mo‘min” esa mehr-muxabbat, tinchliksevar, bag‘rikenglik, og‘ir-bosiqlik, sokinlik, kabi asl insoniy fazilatlarga ega shahs tushuniladi.

The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi

 


[1] "Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir" (Oli Imron surasi, 19-oyat); "Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim" (Moida surasi, 3-oyat); "U sizlarni bundan oldin va (Qur’on)da Payg‘ambar sizlarga guvoh bo‘lishi uchun, sizlar esa, odamlarga guvohlar bo‘lishingiz uchun musulmonlar deb nomladi" (Haj surasi, 78-oyat).