Shu yil 26 fevral' yakshanba kuni Jazoir prezidenti Abdelmadjid Tebbun Afrikadagi eng katta 27 gektarlik “Buyuk Jazoir” masjidini rasman ochdi.
Mazkur masjid majuasi 12 ta qismdan iborat bo'lib, unda 120 ming o'rinli namozxona, Islom tsivilizatsiyasi muzeyi, anjumanlar zali va bir millionlik kutubxonaga ega madaniyat markazi, 1,5 ming o'quvchiga mo'ljallangan "Qur'on uyi" oliy islom fanlari maktabi, ilmiy tadqiqot va qadimiy qo'lyozmalarni qayta tiklash laboratoriyasi, shuningdek, vertolyot qo'nish maydonchasi, ko'p qavatli avtoturargoh, dam olish maskanlari mavjud.
Jazoir poytaxti, hatto qo'shni shaharlardan ham ko'rish mumkin bo'lgan minoraning balandligi 267 metrni tashkil etadi. Masjidning ichki qismi sakkiz burchakli ustunlar, marmar va 6 km ga yaqin kalligrafik yozuvlar bilan bezatilgan.
Masjidga ilk g'isht 2011 yilda qo'yilgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati