Zarafshon vohasi tarixida tariqatdan saboq berishni daʼvo qiluvchilar, soxta tariqatchilar ham uchraydi. Soxta tariqatchilar deganda, tasavvufning faqat tashqi jihatlariga, marosim va turli zikr majlislariga asosiy eʼtiborni qaratib, uning falsafiy-irfoniy xususiyatlaridan bexabar faoliyat yuritayotgan, muayyan bir kishini pir sanab, uning etagidan tutuvchi, jamiyatning boshqa aʼzolaridan chetlashib, pir xizmatini hayotdagi eng asosiy maqsad, deb biluvchi johil kishilar yoki jamoalar, guruhlar tushuniladi. Ular faoliyatida tasavvuf taʼlimotida, shariat ahkomlaridan kelib chiqib, qabul qilingan tartib-qoidalardan chetga chiqish holatlari ham kuzatilmoqda. Buning sabablaridan biri, ulardagi mutaassiblik gʻoyalarigina emas, tasavvuf tarixi, maqsadi va vazifalari toʻgʻrisida ilmiy asoslangan, misol va faktlar bilan isbotlangan tushuntirish ishlari yetarli emasligidadir. Baʼzi zamonaviy tariqat vakillari oʻz tariqatlaridagi ayrim harakatlari bilan kishilar eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Ular ming yillar oldin shakllanib, muqaddas deb ulugʻlangan diniy ahkomlarning ildizlarini toʻla-toʻkis tushunmaydigan kishilar ongini zaharlamoqda.
Tariqatga kirgan kishiga ilmning shart emasligi va hatto ilmni tark qilish afzalligi toʻgʻrisidagi masala ham, ayni paytda, dolzarb.
Soxta shayxlar johil, ilmsiz sufiylar va botil tariqatlar tasavvufda qattiq tanqid ostiga olinadi. Ilm talab qilishni rad etuvchi “tariqatchilar” quyidagilarni dalil qilib keltiradi: “Avvalo, ilmning mohiyati ibodatga vosita boʻlishdir. U orqali inson Robbini taniydi va unga bandalik qilishga harakat qiladi. Modomiki, inson Allohga ibodat qilish yoʻliga oʻtgan ekan, unga ilmning keragi yoʻq” [12]. Tariqatchilar faoliyatida ham islomga mutanosib kelmaydigan baʼzi bidʼat va xurofotlar borki, ularni ilmiy asosda bartaraf etish zarur.
XVII asrda Ahmad Sirhindiy aynan shunday masalalarni isloh qilish maqsadida “Maktubot” [5] asarini yozgan. Asarda tasavvufning mohiyatini sodda iboralar bilan sharhlab, yot qarashlarga ishonchli hujjat va dalillar bilan raddiya bergan. Uning maktublari oʻz davridan koʻra koʻproq kelajakka xitob [4] qilgan. Ular oʻz davridan koʻra kelajakka atalgan maktublardir.
Soʻfi Ollohyorning “Sabotul ojizin” asari aqida, fiqh, tafsir, hadis, tarix, siyrat va adab ilmlarini oʻzida jamlagan moʻtabar manbadir. Unda islom asoslarini oʻrgatuvchi eng muhim fan boʻlgan aqidaga oid masalalar turkiy tilda sharhlangan. Asarda Alloh taoloning maʼrifati, tavhidi, sifatlari, imon, farishtalar, qabr azobi, qiyomat, umrning foniyligi haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, avliyolar karomati, piri komillar, rizo va sabr, tama, dunyo hiylalaridan qochish, kibr, tavakkul, darveshlik, muloyimlik, ezgulik, haqirlik, sadoqat kabi inson kamolotini belgilovchi fazilatlar va holatlar sodda til va taʼsirchan ruhda bayon etilgan. Shuningdek, oʻsha davrdagi oʻn toʻrtta bidʼat taʼlimot jiddiy tanqid qilinib, ularning muddaolari oʻrinsiz ekani ochib berilgan.
Soʻfi Ollohyor – ravshaniya, abbosiya, hubbiya, malohid, avliyoiya, hululiya, huriya, voqifiya, mutakosila, ilhomiya va iddaoiya kabi “soxta tariqat”lar va ularning notoʻgʻri “iddao”lariga munosib raddiya bergan.
Jumladan, hurufiylar ikki guruhga boʻlingan: avboshiylar va ravshaniylar. Ravshaniya – hurufiylardan ajralib chiqqan boʻlib, jahriy zikr bilan shugʻullangan. “Jazba ahlimiz” deb, devona qalandar boʻlib, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurgan. Oqshomlari jam boʻlib, turli musiqa asboblari – nay, qoʻbiz kabilarni chalib, hikmatlar aytgan. Yigʻilgan xotinlar va yosh yigitlar joʻr boʻlib ashula aytgan [7]. Albatta, bu shariat va tariqat qoidalariga mutlaq toʻgʻri kelmaydi. Bu davrda avboshiylar koʻpayib ketgani taʼkidlangan.
Abbosiya – fahsh va giyohvandlikka mubtalo boʻlgan. Hubbiyalar esa Allohni qattiq sevsa, shariat ahkomi soqit boʻlishini aytishgan.
Soʻfi Ollohyor bunday deydi:
“Yaqin bilgilki, baʼzi nomusulmon,
Demish: “Vaqtiki qurbat topsa inson,
Koʻtarur Haq shariat hukmin andin”,
Boʻlur yuzi qaro mundogʻ degandin.
Bu botil soʻz erur qavli malohid,
Shariatga erur ul firqa johid”.
Bularni tanqid qilib yuzi qaro boʻlgani, bu botil soʻz ekanini taʼkidlab, malohidlarning bu iddaolari shariatga zidligini tushuntirib, keskin raddiya beradi. Asrlar davomida shakllangan islomiy dunyoqarashning buzilishi va nosogʻlom muhitning vujudga kelishiga sabab boʻladigan bu taʼlimotlarga ergashmaslikka chaqiradi. Takabbur boʻlmaslik, qiyomatda nasabdan soʻralmasligi, “qoracha” “xoja”dan yoki “muallim” “sayyid”dan yuqori turishi mumkinligi tushuntirilgan. Bu illatlarga birgalikda kurashish [7] zarurligi taʼkidlangan.
Jaloliddin Rumiy bunday deydi:
Nist dunyo nuqrahu farzandi zan,
Chist dunyo? Az Xudo gʻofil budan.
Yaʼni sen boylikni ham, ayol va farzandni ham dunyo deb bilma, ulardan yuz ham burma! Seni nima gʻaflatda tutsa, nima haqiqatdan uzoqlashtirsa ana shuni dunyo deb bilgil. Insonning oilasi va yaqinlariga doimo mehr-oqibat bilan munosabatda boʻlishi chin insoniylik namunasidir.
Yuqorida nomlari zikr qilingan bir qancha botil tariqatlar paydo boʻldi va ularning barchasi ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha keskin tanqid ostiga olindi. Notoʻgʻri boʻlganligi bois ularning aksariyati tarix sahnasidan tushib qoldi.
Muayyan tariqat piri shariatdan bexabar boʻlsa, uning ortidan ergashganlar undan-da savodsiz boʻlsa, bu holat nima bilan yakun topishini tasavvur qilish mumkin. Ular atrofga jaholat tarqaladi va xalq maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mana shu kabi “soxta tariqat”chilarning “soxta” daʼvolari jamiyat orasida goh-gohida toʻlqinlanib turadi. Jumladan, “Pirga qoʻl bergan kishining qazo namozlari soqit boʻlishi”, “Puxta ilm olishlik shart emasligi”, “Chap qoʻl bilan sindirilgan nonni yemaslik”, “Pir tahorat qilgan suv muqaddasligi” kabi bir qator nosharʼiy iddaolari aholining turli tushunmovchiliklariga sabab boʻlmoqda.
Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallammuborak hadislaridan birida bunday deydilar: “Ummatimning eng yaxshisi oxirat ishi deb dunyo ishini, dunyo ishi deb oxirat ishini qoldirmaydiganlaridir”, dedilar.
Alloh taolo rohiblik, yaʼni tarkidunyochilik yoʻq ekanligi xabarini quyidagi oyatda marhamat qilgan: “Rohiblikni oʻzlari chiqarib oldilar. Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat oʻzlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning koʻpi fosiqdurlar” (Hadid surasi, 27-oyat).
Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: “Islomda rohib (tarkidunyochi)lik yoʻq” [8:11].
Koʻrinib turibdiki, ayrim tariqatchilarning qilayotgan amallari shariat asoslariga ham, tariqat anʼanalariga ham toʻgʻri kelmaydi. Bundan tashqari, oddiygina insoniy mantiq mezoniga ham mos emas.
Tasavvuf asosi – Qurʼoni karim va sunnati mutahharo ustida bunyod etilgan. Tasavvuf qoidasi: “Har bir diniy fikriy yondashuv ilmiydir”. Tasavvuf har tomonlama qalbni soflash, tozalash, taftish qilish, tushunish va muloqot qilishni talab qiladi. Uning ichki qoidalari shariat fiqhiga asoslangan boʻlib, shariat kabi islohot va tadrij jarayonini ham qabul qiladi.
Yassaviya tariqati peshvolari “Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Vaz-zoriyot surasi, 56) oyatidan maʼrifatni tushunishadi. Maʼrifatdan taʼbir esa ibodatga ishora boʻlib, maʼrifat ibodatsiz hosil boʻlmasligi [6] aytilgan.
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini har bir ishda moʻtadil boʻlgan, adolatli ummat ekanligini taʼriflab:
“Shuningdek (yaʼni haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (adolatli) bir millat qildik” [10] deydi.
Yaʼni bu ummat oʻz aqidasida, amal va hukmlarida moʻtadil boʻlgan ummatdir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlarini oʻz kalomi sharifida alohida ulugʻlab, ularni haq yoʻl sari hidoyat qildi va amallarida moʻtadil ummat qildik, deb taʼrifladi. Chunki dinda chuqur ketish hamda dinning qatʼiy boʻlmagan ahkomlarida mutaassibona amalda boʻlish toʻgʻri yoʻldan adashish va halokatning omilidir. Ularga shayton amallarini chiroyli koʻrsatib qoʻyganligi sababli turli bidʼat, xurofot va hatto shirk amallar sodir boʻladi.
Shubha yoʻqki, tariqat peshvolari sababli bu din ahkomlari, shariat odoblarini alohida eʼtirof etish lozim. Biroq oʻzini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyari sifatida koʻrsatib, shariat ilmidan bexabar holda tariqatda peshvolikni daʼvo qilayotgan, Alloh va paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib, dinda boʻlmagan, toqatdan tashqari amallarni targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani ham koʻz yumib boʻlmas holatdir.
Aslida shariat ahkomlarini joriy qilish yoki biror ibodatni farz qilish Alloh taologa va Uning izni bilan paygʻambarlariga xosdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish lozimligini koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”, dedilar. Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deb turganlarida, oʻziga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni soʻrab kelgan muridga toqatidan tashqari vazifalarni yuklash, tarkidunyochilikni targʻib qilib, ibodatlarga mukkasidan ketishga buyurish sunnati mutahharoga zid yoʻldir. Holbuki, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir” [2], deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini belgilab berganlaridan keyin ham tarkidunyochilikka targʻib qilib, “pirsiz yashashni dinsizlik” deb daʼvo qilayotganlar shariatning qaysi daliliga suyanmoqda?
Darhaqiqat, islom dini navqiron, bagʻrikeng dindir. Allohning dargohida shoh ham, gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham, sogʻlomu bemor ham najot izlab, oʻz ehtiyojini topish ilinjida ibodatga yuzlanadi. Islom esa ularning barchasining toqatidagi dindir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dinni boshqalarga yengil qilib tushuntiringlar, ogʻirlashtirmanglar. Hamda dindagi yaxshilik bashoratlarini yetkazinglar, ularni nafratlantirib qoʻymanglar” [1], deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham koʻrish lozimligini uqtiradilar.
Baʼzan ayrim masjidlarda jamoadagi tariqat daʼvosidagi ayrim odamlarning oʻz imomlari ustidan shikoyat qilishlarini eshitib hayron qolamiz yoki ayrim namozxon birodarlarning boshqalarga “bosh kiyiming yoʻq, boʻyningda galstuk bor ekan, sening ibodating unaqa ekan, masjidga kelma”, “meni yonimda namoz oʻqima”, “sening ibodating ibodat emas”, degan soʻzlarni aytib, dil ogʻritganlarini yoxud tasavvuf daʼvosidagi ayrim kimsalarning boshqalar qoʻlidan, hatto onasi, xotini qoʻlidan taom yemasligi-yu oʻz tariqatida boʻlmaganlarni “kofir” deb aytishlari kishining hayratini yanada oshiradi.
Oʻzlarini tariqatga mansubligini daʼvo qilayotgan ayrim kimsalar mutaassiblikning shu qadar chuqur nuqtasiga yetganki, hatto bosh kiyimsiz namoz oʻqiydiganlarni, tariqatda boʻlmaganlarni kofir deyish darajasiga borib yetgan [9].
Dinda mutaassibona yoʻl tutib, faqat musulmon birodarini ayblaydigan, oʻziga maʼqul boʻlmagan ishi sabab uni kofirga chiqaradigan bunday kimsalarning masjidga kelishidan, islom arkonlarini bajarish, ibodat qilishdan maqsadi nima? Jamoada bir-biriga nisbatan nafrat uygʻotishmi? Yoki oʻzini din sohasida bilimdon, taqvodor qilib koʻrsatishmi? Yoki kimnidir ayblab, jamoada fisqu fasod qoʻzgʻashmi? Avvalo, ibodatdan maqsad Alloh taoloning roziligini topish, oxirat saodatiga erishish ekan, demak, bunday kimsalar, birinchi navbatda, oʻz niyatlarini, maqsadlarini toʻgʻrilab olishi kerak.
Inson maʼrifatli boʻlishi, oʻzini anglash, oʻrganish uchun avvalo nafsini boshqara olishi, bor kuch-quvvatini ilohiy ishq yoʻlida sarflashi, butun vujudini idora etib, uni ruhiy kamolot uchun safarbar qilishi kerakligi taʼkidlanadi. Yerdan yaxshi hosil olish uchun uni barcha begona oʻtlardan tozalab, keyin urugʻ sepilgani kabi botinni poklab, soʻng zikr urugʻini sepish kerakligi tushuntiriladi. Shuningdek, inson maʼrifatli boʻlishda nafsga qarshi sabr fazilatini oʻziga singdirishi kerak. Bu jarayonda halol luqma va hushyorlikka alohida eʼtibor berib, qoʻl mehnati bilan hayot kechirishni kundalik odatga aylantirish lozimligi uqtirilgan.
Avvalo tariqatlarda murid-murshidlik muayyan tartib-qoidalar asosida yuzaga kelib, qatʼiy shariatga tayangan va tariqat odoblarini oʻzida mujassam etgan hamda murshidning koʻrsatmalariga rioya etish sharti bilan tariqatga murshidlik qilish huquqi pir-murshidlar tomonidan berilgan. Tariqat murshidi shariat qonun-qoidalarini yaxshi bilishi va tariqat silsilasi sahih boʻlgan ustozlar zanjiriga ulanishi asosiy shartlardan sanaladi. Tarixda tariqat masnadiga oʻtirgan murshidlarga oʻz ustozlari tomonidan tasdiqlangan ijozatnomalar berilgan. Ushbu hujjat murshid, qozi yoki zamona ulamolari muhri bilan tasdiqlangan.
Tariqat, yuqorida taʼkidlab oʻtilgandek, ahdi qatʼiy, taqvosi mustahkam ulugʻlar yoʻli. Yuqoridagi tanqidlar esa sof tariqatning asl sohiblariga emas, yosh yigit-qizlarni ilm-maʼrifatdan toʻsib, farz va sunnat ibodatlardan tashqari yana bir qancha vazifalarni yuklab tashlaydigan, qoʻshtirnoq ichidagi tariqatning soxta “pirlari”ga tegishli. Sof tariqat va uning asl mohiyati hamda maqsadi alohida bir ulkan mavzu. Bu mavzuda soʻzni muxtasar qilsak, chunki kishi imonning nimaligini taʼriflash uchun avvalo imonga kirmogʻi lozim boʻlganidek, tariqat haqida xolis soʻz yuritish uchun tasavvufdan yetarli darajada boxabar boʻlish lozim. Bu boradagi tavsiyalar, tariqat istaganlar shariat ilmini mukammal egallagan, ustozlik maqomidagi ulugʻlarga murojaat qilsalar maqsadga muvofiq boʻladi.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihi Buxoriy. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2008. 1-juz. – B. 23, 2-juz. – B 392.
Ali ibn Hisomiddin al-Hindiy. “Kanzu-l-aʼmol”. – Bayrut: “Muassasatur risola” nashriyoti, 1989. 3-juz. – B. 428.
Al-Kutubu as-sitta. Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Riyoz: Dorus salom, 2000. –B. 8. 69-hadis.
Görmez, “Açılış Konuşmaları I”, Uluslararası İmâm-ı Rabbânî Sempozyumu Tebliğleri, – Istanbul: Hüdâyî Vakfı, 2018. – S. 10.
Muhammad Masrur Ahmad, Jovid Iqbol Mazhariy, Iqbol Ahmad Axtar Qodiriy. Jahoni Imom Rabboniy mujaddidi alfi soniy shayx Ahmad Sirhindiy // Sohibzoda Sojid ar-Rahmon. Imomi Rabboniy ki taʼlimoti tasavvuf. T. 2. – Karachi: Imomi Rabboniy fondi, 2005. – B. 501.
Muhammad Olim shayx Azizon. Lamahot. – B. 245.
Sirojiddinov Sh. Soʻfi Ollohyor ilohiyoti (I qism). – T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi nashriyoti, 2001. – B. 19.
Shamsiddin Abu Bakr Muhammad ibn Abu Sahl Saraxsiy. Mabsut. – Bayrut: Dorul fikr, 2000. 4-jild. – B. 353.
Ehson Ilho Zahir. Al-Barilaviyyatu – aqoid va tarix Lohur – Pokiston: “Idoratu tarjimoni al-sunna”, 2008. – B. 55, 69, 135.
Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: Sharq, 2004. Baqara surasi.143-oyat.
Husayn ibn Masʼud al-Bagʻaviy. Sharhus sunnat. – Bayrut: Maktabatul islomiya, 1983. 2-jild. – B. 371.
Yuldashxodjayev X. Tariqatchilikning zamonaviy koʻrinishlari. – Toshkent: TIU, 2010. – B. 17.
MEXROJIDDIN AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Манба: https://www.bukhari.uz/?p=44486&lang=oz
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zali markazida VII asrga mansub qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi — Usmon Mus'hafi namoyish etilmoqda. Ammo bu nodir qo‘lyozmaning bugungi manziliga yetib kelguniga qadar bosib o‘tgan yo‘li qariyb o‘n to‘rt asrlik Qur’on kitobati tarixi, Samarqand, Sankt-Peterburg, Ufa va Toshkent bilan bog‘liq murakkab tarixiy jarayonlarni qamrab oladi. Bu tarixni anglash uchun avvalo Qur’oni karimning ilk bor Mus'haf shaklida jamlanish jarayoniga nazar tashlash, xabar bermoqda iccu.uz.
VII asr: Qur’onning Mus'haf shaklida jamlanishi
Qur’oni karimning Mus'haf shaklida jamlanishi ikki muhim bosqichda amalga oshgan. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida Qur’on oyatlari sahobalar tomonidan yod olinib, vahiy kotiblari tomonidan turli yozuv materiallariga qayd etilgan. Biroq ular hali yagona Mus'haf holida jamlanmagan edi.
Payg‘ambar vafotlaridan keyin Abu Bakr Siddiq xalifaligi davrida yuz bergan Yamoma jangida ko‘plab Qur’on qorilarining shahid bo‘lishi Qur’on matnini bir joyga jamlash zaruratini kuchaytirdi. Imom Buxoriy Zayd ibn Sobitdan rivoyat qilgan hadisga ko‘ra, Umar ibn Xattob Abu Bakrga Qur’onni jamlashni taklif qilgan. Bu vazifa Zayd ibn Sobitga topshirilgan. Zayd Qur’on oyatlarini yozma manbalar hamda sahobalarning yodidagi qiroatlar bilan solishtirib jamlagan. Natijada Qur’on suhuf — sahifalar majmuasi holiga keltirilgan. Bu sahifalar dastlab Abu Bakrda, keyinchalik Umar ibn Xattobda, undan so‘ng esa Hafsa binti Umar huzurida saqlangan.
Usmon ibn Affon davri: rasmiy Mus'haf nusxalari
Usmon ibn Affon xalifaligi davrida islom davlati hududi kengayib, turli o‘lkalardagi musulmonlar orasida Qur’on qiroatiga oid tafovutlar sezila boshladi. Imom Buxoriy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisga ko‘ra, Huzayfa ibn Yamon Armaniya va manbalarda 'Azarbayjon' deb atalgan tarixiy hududlarga yurishlarida Shom va Iroq askarlari orasidagi qiroat farqlarini ko‘rib, Usmon ibn Affonni bundan ogohlantirgan.
Shundan so‘ng xalifa Hafsa binti Umar huzuridagi sahifalarni olib kelishni buyurib, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Sa’id ibn Os va Abdurahmon ibn Horis ibn Hishomdan iborat hay’atga rasmiy Mus'haf nusxalarini tayyorlashni topshirgan. Tayyorlangan Mus'haflar musulmon dunyosining yirik markazlariga yuborilgan. Shu tariqa Abu Bakr davrida Qur’on bir joyga jamlangan bo‘lsa, Usmon ibn Affon davrida mazkur matn asosida rasmiy Mus'haf nusxalari tayyorlanib, musulmon o‘lkalariga tarqatilgan.
Mus'hafning Markaziy Osiyoga kelish tarixi
Mus'hafning Markaziy Osiyoga aynan qachon va qanday yo‘l bilan kelgani masalasi hanuz ilmiy tadqiqotlar mavzusi bo‘lib qolmoqda. Keng tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Usmon Mus'hafi” XIV asrda buyuk bobomiz Amir Temur tomonidan Iroqdan Samarqandga olib kelingan. Shundan so‘ng ushbu nodir qo‘lyozma uzoq yillar davomida Samarqanddagi Nodir Devonbegi madrasasida e’zoz bilan saqlangan.
1868-yil: Samarqanddan Sankt-Peterburgga
Usmon Mus'hafi tarixining hujjatlar bilan aniqroq kuzatiladigan davri XIX asrdan boshlanadi. Mus'haf 1868-yilda (ayrim manbalarda 1869-yilda) Samarqanddan Sankt-Peterburgga olib ketilgan va avval Rossiya xalq maorifi vazirligiga, keyinchalik esa Saltikov-Shchedrin kutubxonasiga topshirilgan.
1905-yil: Mus'hafning faksimile nusxalari
Sankt-Peterburgda Mus'haf nafaqat saqlangan, balki ilmiy va nashriy jihatdan o‘rganilgan. 1905-yilda uning 50 dona faksimile nusxasi tayyorlangan. Bu nashr qadimiy qo‘lyozmani bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘lmagan tadqiqotchilar uchun uning matni va yozuv xususiyatlarini o‘rganishda muhim manbaga aylangan.
1917-yildan keyin: Mus'hafni qaytarish talabi
Siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng musulmon jamoatchiligi qadimiy Mus'hafni o‘z tasarrufiga qaytarish masalasini ko‘tardi. Natijada qo‘lyozma Sankt-Peterburgdan chiqarilib, dastlab Ufaga olib borildi. Shundan keyin uning yo‘li yana Turkiston tomon burildi.
1924-yil: Toshkentga qaytish
1924-yilda Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytarilgan. Qo‘lyozma O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida saqlana boshlagan. Shu tariqa Mus'hafning qariyb yarim asr davom etgan Samarqand — Sankt-Peterburg — Ufa — Toshkent tarixiy yo‘li yakunlangan.
1989-yil: diniy idora tasarrufiga topshirilishi
Mus'haf bir necha o‘n yil davomida muzey fondida saqlandi. 1989-yilda O‘zbekiston hukumati qarori asosida qo‘lyozma O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirildi. 1989-yil 14-mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan musulmonlarning to‘rtinchi qurultoyida Mus'haf musulmonlar tasarrufiga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyingi yillarda u Hazrati Imom majmuasidagi Mo‘yi Muborak madrasasida saqlandi.
1996–2000-yillar: YUNЕSKO e’tirofi
Usmon Mus'hafining xalqaro miqyosdagi tarixida 1990-yillar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston qo‘lyozmani YUNЕSKOning “Memory of the World” — “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritish uchun 1996-yilda taqdim etdi. 1997-yilda Usmon Mus'hafi ushbu xalqaro reyestrga kiritildi. 2000-yil 28-avgustda esa mazkur e’tirofni tasdiqlovchi maxsus sertifikat taqdim etildi. Shu tariqa qo‘lyozma xalqaro darajada muhim yozma tarixiy meros sifatida e’tirof etildi.
2007-yil: maxsus saqlash tizimi
Qadimiy qo‘lyozmani zamonaviy talablar asosida saqlash maqsadida 2007-yil 8-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 115-son qarori qabul qilindi. Germaniyada ishlab chiqarilgan maxsus himoya qurilmasi olib kelinib, Mus'hafni muayyan harorat va namlik sharoitida saqlash tizimi yaratildi. Bu qo‘lyozmaning uzoq muddat saqlanishini ta’minlash yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.
2025-yil 13-noyabr: yangi manzil
Usmon Mus'hafi tarixidagi navbatdagi muhim sana — 2025-yil 13-noyabr. Shu kuni qo‘lyozma Hazrati Imom majmuasidagi Mo‘yi Muborak madrasasidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelinib, Qur’oni karim zalidagi maxsus himoyalangan vitrinaga joylashtirildi. Shu kundan buyon qariyb o‘n to‘rt asrlik tarix bilan bog‘liq ushbu nodir yodgorlik Markazning Qur’on zalida namoyish etilmoqda.
338 varaqdan iborat Mus'haf
Bugungi kunda ushbu Mus'haf 338 varaqdan iborat bo‘lib, har bir varaqning o‘lchami 53 × 68 santimetrni tashkil etadi. Qur’on matni kiyik terisiga Hijoz xatida bitilgan. Qo‘lyozma yozuvida harakat va nuqtalar qo‘llanmagan, har bir sahifada esa 12 qator matn joylashtirilgan. Qur’oni karimdagi 114 suradan 89 tasi ushbu Mus'hafda saqlanib qolmagan. Qolgan 23 ta suraning ayrim qismlari bizgacha yetib kelgan. Faqat ikkita sura — An’om va Toha suralari to‘liq holatda saqlangan.
Bugun: 65 metrlik gumbaz ostidagi Mus'haf
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zaliga kirgan mehmon avvalo uning ko‘lamini his qiladi. Sakkiz qirrali zalning diametri 45 metr, umumiy maydoni 1 638 kvadrat metrni tashkil etadi. Nigoh yuqoriga ko‘tarilganda 65 metr balandlikdagi ulkan gumbaz ko‘rinadi. Uning bezaklarida 1 million 600 mingdan ortiq Svarovsiy kristallari foydalanilgan. Zalda zamonaviy multimedia texnologiyalari asosida maxsus Qur’oni karim mapping-shousi ham namoyish etiladi. Unda Qur’oni karimning nozil bo‘lish jarayoni yorug‘lik, tasvir va ovoz uyg‘unligi vositasida ta’sirchan va badiiy shaklda gavdalantiriladi. Ana shu mahobatli va ramziy makonning markazida esa VII asrga mansub Usmon Mus'hafi joylashgan.
Bir Mus'haf atrofida 114 Qur’on qo‘lyozmasi
Qur’on zalining ekspozitsiyasi faqat Usmon Mus'hafi bilan cheklanmaydi. Markaziy eksponat atrofida jami 114 ta Qur’on qo‘lyozmasi jamlangan. Bu son ramziy jihatdan ham muhim: Qur’oni karim 114 suradan iborat. Ekspozitsiyada Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va Shayboniylar davriga oid Qur’on nusxalarini ko‘rish mumkin. Shu tariqa zalga tashrif buyurgan kishi faqat bitta qadimiy qo‘lyozmani emas, balki Markaziy Osiyoda asrlar davomida shakllangan Qur’on kitobati, xattotlik va qo‘lyozmachilik madaniyatini bir makonda ko‘radi.
8 ta ipak gilam va 8 ta shams
Qur’on zalining yana bir muhim badiiy qismi — Qur’on oyatlari tushirilgan yirik ipak gilamlardir. Zalning 4 ravoq qismida jami 8 ta yirik ipak gilam joylashtirilgan. Ularga Qur’oni karimning turli suralaridan tanlangan oyatlar bitilgan. Shu tariqa me’morchilik, xattotlik, qo‘lyozma merosi va zamonaviy muzey texnologiyalari yagona makonda uyg‘unlashtirilgan. Bundan tashqari, gilamlar ustiga doira shaklidagi 8 ta shams joylashtirilgan bo‘lib, ularning har biriga maxsus duolar bitilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati