Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

Usmon Mus'hafi Toshkentga qachon olib kelingan?

18.08.2025   9208   5 min.
Usmon Mus'hafi Toshkentga qachon olib kelingan?

Kun tarixi

Vatanimiz tarixidagi 18 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

928 yil (bundan 1097 yil oldin) – Quyosh tutilishi ro‘y berdi. Qadimda kishilar Quyosh tutilishlarini oldindan bilganlar. Ularga tutilish takrorlanib turadigan davr ham ma’lum bo‘lgan. Bu saros deb atalib, u 18 yil 11 kun 8 soatga teng. Yer yuzining ma’lum joyida to‘la Quyosh tutilishi kamdan-kam takrorlanadigan hodisa o‘rta hisobda 300 yilda bir marta kuzatilishi mumkin. Ushbu sanada ro‘y bergan Quyosh tutilishini farg‘onalik falakiyotchi olim Abdulloh bin Amajur Turkiy quyidagicha qayd etadi: “Men Quyosh tutilishini o‘g‘lim Abul Hasan va Muflih bilan birga kuzatdim. Quyosh o‘zi tutilgan yuzasining choragidan kamroq mikdorga ko‘tarildi va hatto, Quyosh yuzasining to‘rtdan bir qismi qoraymaguncha uning tutilishi sezilarli darajada ortmadi. Biz Quyoshni suvda, sof va maxsus usulda kuzatdik”.

1412 yil (bundan 613 yil oldin) – hijriy 815 yil jumadulavval oyining o‘ninchi kuni (milodiy 1412 yil 18 avgustda) Hirotning Bog‘i Zag‘on guzarida Mirzo Ulug‘bekning qizi Hasiba sulton Xonzoda begim dunyoga keldi. Temuriylar hukmdori Shohrux mirzo nevarasi sharafiga to‘y-tomoshalar uyushtirib, barchaga sochqilar ulashdi. 

Shohrux saroyidagi tartibga muvofiq Ulug‘bek Mirzoning birinchi xotini malika O‘gi Begini oy-kuni yaqinlashgach, Samarqanddan Hirotga olib kelgan edilar. Shu sababli malika Samarqandda emas, Hirotda dunyoga kelgan. Tug‘ilgan qizga Habiba Sulton deb ism qo‘yadilar. Shuningdek, O‘gi Begi xon avlodiga mansub bo‘lgani tufayli qiziga “Xonzoda begim” unvonini beradilar. Habiba Sulton Hirotda Gavharshod begim murabbiyaligida tarbiyalanadi. 

1912 yil (bundan 113 yil oldin) – monumentalist rassom, O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tavallud topdi (vafoti 1995 yil). U o‘z ijodida Sharq miniatyurasi an’analarini davom ettirib, milliy musavvirlik maktabini yaratdi. Chingiz Ahmarov o‘zbek tasviriy san’atining milliy o‘ziga xosligi borasida xalqning boy va go‘zal badiiy merosining ilg‘or an’analarini hozirgi zamon san’atiga ijodiy singdirishda faol xizmat qildi. Asarlarida ijodkorlik ruhi bilan yashayotgan zamondoshlarining go‘zal va yoqimtoy, tabiati murakkab va nafis qiyofalari tasvirlandi. 

1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan sharafli soqchilar kuzatuvidagi maxsus poyezd Usmon Mus'hafini Ufadan Toshkentga olib keldi. U bir qancha vaqt Toshkentdagi masjidlardan birida saqlandi, so‘ngra xavfsizlik maqsadlarini ko‘zlab O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi)ga topshirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan umumiy Musulmonlar to‘rtinchi qurultoyida O‘zbekiston hukumatining qarori bilan Usmon Mus'hafi musulmonlar ixtiyoriga qaytarib berilganligi e’lon qilindi.

Hozirda Toshkentda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining Turkistonga kelib qolishi tarixi haqida turli taxminlar bor. Ko‘pchilik tadqiqotchilar uni Amir Temur Basradan Samarqandga olib kelgan, degan fikrni bildiradilar. Boshqa tarixchilar Amir Temur To‘xtamishni mag‘lubiyatga uchratib, Oltin O‘rdani egallaganidan keyin, o‘sha Qur’onni qo‘lga kiritib, Samarqandga keltirgan, degan xulosada. Tarixda yana boshqa farazlarga ham duch kelinadi. 

Ushbu Qur’on 1868 yilda (ba’zi manbalarda 1869 yilda) Samarqanddan Sankt-Peterburgga olib ketiladi va avval Rossiya xalq maorifi vazirligiga, so‘ngra shahardagi Saltikov-Shchedrin kutubxonasiga beiladi. 1905 yilda Sankt-Peterburgda ushbu Mus'hafdan 50 dona nusxa olingan. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng, musulmonlar qurultoyining iltimosiga ko‘ra, RSFSR hukumatining qarori bilan musulmonlarga qaytarib berilgan. Avval Ufada saqlanib, 1924 yilda Toshkentga keltirilgan. 

1936 yil (bundan 89 yil oldin) – geolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To‘rabek Dolimov tavallud topdi (vafoti 2011 yil). U 1996–2004 yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining rektori bo‘lgan. Unig ilmiy ishlari burmalangan o‘lkalardagi vulkan jinslarining petrologiyasi va Tyanshanning geodinamikasiga bag‘ishlangan. U 1998 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

1980 yil (bundan 45 yil oldin) – Toshkent metropoliteni birinchi yo‘li (hozirgi “Olmazor” – “Buyuk Ipak yo‘li” bekatlari)ning 4,6 kilometrli 2-navbati (3 ta bekat) foydalanishga topshirildi. 

2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Futbol bo‘yicha trenerlar va sport hakamlari tayyorlash respublika maktabi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBЕRDIYEV, 
tayyorladi, O‘zA

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   45054   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari