Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik tantanalari arafasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Jizzax viloyati masjidlarida faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
“Zakovat” o‘yini O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari doirasida o‘tkazilib, intellektual bellashuvi bilan bir qatorda sportning futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha ham musobaqalar tashkil etiladi.
Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov, viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Nurali Raimov va boshqa mutasaddilar intellektual bellashuv boshlanishi arafasida so‘zga chiqib, yurtimiz istiqlol ayyomi munosabati bilan o‘tkazilayotgan musobaqaning ahamiyati haqida so‘zladilar hamda ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladilar.
Mazkur musobaqa va bellashuvlar diniy soha xodimlarining aqliy va jismoniy faolligini oshirish, o‘zaro jamoaviy hamfikrligini qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatlarini oshirish maqsadida Yoshlar ittifoqi tashkiloti hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tasdiqlangan dastur asosida o‘tkazilmoqda.
20 ta jamoa ishtirok etgan “Zakovat” qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Intellektual o‘yinning yakunida 1-o‘rinni Jizzax shahar masjidlari xodimlaridan iborat “Imom Buxoriy”, 2-o‘rinni Paxtakor tumani masjidlari xodimlarining "Paxtakor" hamda 3-o‘rinni Sharof Rashidov tumani imom-xatiblaridan tuzilgan "Sharof Rashidov" jamoaci qo‘lga kiritib, g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati