Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: "Qachon banda namoz o‘qigani tursa, gunohlari uning boshi va yelkasi ustiga olib kelinadi. Har gal ruku va sajda qilganida gunohlari birin ketin to‘kiladi" (Imom Bayhaqiy rivoyati).
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.
Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati