Qamashi tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishiga rasman start berildi (https://t.me/qashmatbuot/9149?single). Mazkur loyiha tumanning Oqguzar mahallasi hududida joylashgan 66 gektar maydonda amalga oshirilayotgan bo‘lib, u kelajakda aholi uchun barcha shart-sharoitlarga ega zamonaviy turarjoy va ijtimoiy infratuzilmani o‘z ichiga olgan yangi shaharchani tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qamashi tumanida aholi turmush darajasini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifa va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan edi. Mazkur massiv qurilishi aynan shu vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy ifodasidir.
Qurilishning birinchi bosqichida 7 qavatli 32 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, jami 952 xonadon foydalanishga topshiriladi. Ushbu uylar barcha zarur kommunikatsiyalar — tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va markazlashgan kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, zamonaviy infratuzilma doirasida har bir xonadonga optik internet va videokuzatuv tizimlari ulanishi ko‘zda tutilgan.
Turarjoylar bilan bir qatorda massiv hududida maktab, bolalar bog‘chasi, klinika, madaniyat markazi, sport majmuasi, istirohat bog‘i, avtoshohbekat, yashil hududlar hamda tikuvchilik fabrikasi qurilishi belgilangan. Bu esa fuqarolar uchun nafaqat qulay yashash sharoiti, balki ish o‘rinlari, ta’lim, tibbiy xizmat va dam olish imkoniyatlarini ham yaratadi.
Loyiha ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, (https://t.me/kamashi24/38320) Qamashi tumani hokimi, mutasaddi tashkilot rahbarlari, mahalla faollari, quruvchilar va nuroniylar ishtirok etdi. Tadbir davomida mazkur massiv nafaqat Qamashi tumani, balki butun viloyat aholisi uchun zamonaviy va farovon hayot sari muhim qadam ekani ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi
Axborot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati