O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari tashabbusi bilan yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan 3500 dan ziyod imom-xatib va imom noiblar uchun voiz ulamo va malakali mutaxassislar ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy suhbatlar o'tkazish yo'lga qo'yildi.
Shu yil 22 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov va Diniy idora Qur'oni karim va tajvidni o'rgatish bo'limi mudiri Shayx Alijon qori Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakilliklari jamoasi va masjidlarning barcha imom-xatib va imom noiblariga zoom dasturi orqali ma'naviy-ma'rifiy suhbat o'tkazdilar.
Masofaviy uchrashuvda professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov o'z ma'ruzasida yurtimiz mo'min-musulmonlari huquqiy davlat va qonun ustuvor bo'lgan jamiyatda istiqomat qilishi, barcha qonun oldida teng ekanini, shu bois nima kasb qilish va qanday lavozim egasi bo'lishidan qat'iy nazar barcha qonunga amal qilishi zarur ekanini alohida ta'kidladi.
Shayx Alijon qori Qur'oni karim fazilati haqida manfaatli mav'iza qilib, jumladan, Kalomullohning insoniyatga rahmat o'laroq nozil qilingani, uni o'qigan qoriga dunyoyu oxiratda beriladigan ajru mukofotlar, ulug' oylarda qilingan xatmi Qur'onlarning savobi yanada ziyoda bo'lishi, Qur'oni karimni eshitish qalbga huzur berishi haqida oyat, hadis va ularning sharhi bilan tushuntirib berdi.
Ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvda notiqlar tomonidan barcha soha vakillari qatori imom-domlalar ham o'z vazifasini sidqidildan bajarishga xaris bo'lishi, axloqiy sifatlarini kamol toptirib borishi, ilmu ma'rifat va jamoat ishlarida mo'min-musulmonlarga namuna bo'lishi lozimligini ta'kidlash barobarida din peshvolari jamiyatdagi maqom va martabalariga har tomonlama munosib bo'lishlari aytib o'tildi.






O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati