O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tizimdagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etilgan aql sporti — “Shaxmat” va “Shashka” musobaqalari o‘z yakuniga yetdi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov ishtirok etdi. Ular istiqlol bayrami munosabati bilan barchani samimiy tabriklab, bunday aqliy musobaqalarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidladi.
Imom-xatib va imom-noiblar ishtirokida o‘tgan bellashuvlar qizg‘in va shiddatli ruhda kechdi.
Shaxmat musobaqasi g‘oliblari:
1-o‘rin — Isoyev Mustaqim, Shofirkon tumani "Qori Fazliddin" masjidi imom-xatibi
2-o‘rin — Shukrullayev Qurbon, Vobkent tumani "Abdulazizxon" masjidi imom-xatibi
3-o‘rin — Odilov Haydarjon, Kogon tumani "Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali" masjidi imom-xatibi
Shashka musobaqasi g‘oliblari:
1-o‘rin — Najmidinov G‘ayrat, Romitan tumani "Mahallai-bolo" masjidi imom-xatibi
2-o‘rin — Oripov Olim, Shofirkon tumani "Ahad hoji Qilich o‘g‘li" masjidi imom-xatibi
3-o‘rin — Bozorov Vahobiddin, Peshku tumani "Chiqirchi" masjidi imom-xatibi
G‘olib va sovrindorlar tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati