Yurtimizning ma’naviyat va ma’rifat ravnaq topishi, aholimizning diniy bilim va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etib kelinayotgan «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasi ham xalqimiz ko‘nglidan joy olgan nashrlar hisoblanadi.
Ushbu nashrlarni keng kitobxonlar ommasiga targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatgan bir guruh soha xodimlari «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyoti jamoasi tomonidan taqdirlandi.
Farg‘ona viloyati vakilligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev va nashriyot mas’ul kotibi Tolibjon Nizomov ishtirok etib, e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lgan imomlarni samimiy tabriklashdi. Shuningdek, ularga nashriyot sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetalarining aholini ma’rifiy tarbiyalashdagi o‘rni, yoshlar ongini sog‘lom g‘oyalar bilan boyitishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ma’naviyat va ma’rifat yo‘lidagi bu kabi tashabbuslar xalqimizning ilmga, axloqiy qadriyatlarga va milliy an’analarga sadoqatini yanada mustahkamlashi qayd etilib, kelgusi mavsumda ham targ‘ibot ishlarida faol bo‘lishga chaqirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir domla G‘uzarov pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.
Tadqiqotchi O‘tkir Umbarovich G‘uzarov Qarshi davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda 13.00.01 – "Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi" ixtisosligi bo‘yicha "Pedagogik jarayonda Burhoniddin an-Nasafiyning didaktik g‘oyalarini tizimlashtirish mexanizmlari" ("Go‘zal xulqlar" asari misolida) mavzusidagi dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ushbu ilmiy natija ta’lim muassasasi jamoasi uchun katta quvonch bo‘lib, diniy ta’lim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish va ajdodlarimiz boy ma’naviy merosini zamonaviy pedagogikaga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi O‘tkir domla G‘uzarovni qo‘lga kiritilgan ilmiy daraja bilan samimiy qutlab, ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlariga baraka, kelgusi ilmiy-pedagogik faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati