Yurtimizning ma’naviyat va ma’rifat ravnaq topishi, aholimizning diniy bilim va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etib kelinayotgan «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasi ham xalqimiz ko‘nglidan joy olgan nashrlar hisoblanadi.
Ushbu nashrlarni keng kitobxonlar ommasiga targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatgan bir guruh soha xodimlari «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyoti jamoasi tomonidan taqdirlandi.
Farg‘ona viloyati vakilligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev va nashriyot mas’ul kotibi Tolibjon Nizomov ishtirok etib, e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lgan imomlarni samimiy tabriklashdi. Shuningdek, ularga nashriyot sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetalarining aholini ma’rifiy tarbiyalashdagi o‘rni, yoshlar ongini sog‘lom g‘oyalar bilan boyitishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ma’naviyat va ma’rifat yo‘lidagi bu kabi tashabbuslar xalqimizning ilmga, axloqiy qadriyatlarga va milliy an’analarga sadoqatini yanada mustahkamlashi qayd etilib, kelgusi mavsumda ham targ‘ibot ishlarida faol bo‘lishga chaqirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Istanbul shahrining Arnautko‘y tumanida joylashgan “Kolyon Xolding” qurilish kompaniyasida faoliyat yuritayotgan 150 nafarga yaqin o‘zbekistonlik ishchi-xizmatchilar bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turgan Namangan viloyat bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov va Qarshi shahridagi “Aralovul” jome masjidi imom-xatibi Odiljon domla Jabborov yurtdoshlarimiz bilan «Islomda odob va axloq» hamda «Vatanga muhabbat» mavzularida samimiy suhbat qurdi.
Muloqot chog‘ida islom dinida go‘zal xulq, kattalarga hurmat, halol mehnat va mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, musofir yurtda yurgan vatandoshlar uchun yurt sha’nini munosib saqlash, qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish hamda Vatan qadrini teran anglash lozimligi ta’kidlandi.
Samimiy ruhda kechgan tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati