Bismillahir Rohmanir Rohiym
Tahorat olish uchun shunday joy tanlash lozimki, quyilgan suv yerga tushib, kiyim-boshga sachramasin. Zero, poklanish uchun tahorat qilaturib, kiyim-boshni bulg‘ab olish mantiqqa zid. Xalo va istinjo qilgan joyda tahorat qilinmaydi. Tahorat qilishda behuda so‘zlarni gapirilmaydi. Sharoit bo‘lsa, yuzni qiblaga qilib tahorat olish ham odobdandir.
Namozxon tahorat qilishidan oldin unga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Ko‘pchilik bunga ahamiyat bermaydi. Masalan, oyoqlarni yuvish navbati kelgandagina paypoqlarini yechishadi. Bir oyoqdagi paypoq yechilib, oyoq yuvilgach, u qayta kiyilib, so‘ngra ikkinchi oyoq paypog‘i yechilib yuviladi. Ba’zilar o‘rtada bir artinib olib, so‘ngra oyoqni yuvishga kirishadilar va hokazo. Bunday qilish makruh hisoblanadi.
Sunnatga ko‘ra, tahorat amallari orasiga begona amal kirmasligi kerak. Uzrli kishilar bundan mustasno. Erkaklar istalgan pokiza joyda tahorat olaveradilar. Ayollar esa, nomahramlar ko‘zi tushmaydigan yerda tahorat qilishlari kerak. Tahorat qo‘yidagi tartibda olinadi:
1. Niyat qilish. Niyat qalbdan o‘tkazish bilan bo‘ladi. Ammo niyatni tilda aytish mustahabdir[1].
2. Tahoratni “Bismillahir Rohmanir Rohiym” bilan boshlash. Agar tahorat avvalida “Bismilloh”ni aytish esdan chiqsa, eslaganda aytiladi.
3. Ikki qo‘lni bo‘g‘inlari bilan uch marta yuvish. Barmoqlarni bir-biriga kiritib, oralariga suv yetkazish kerak. Uzugi bor odam uni qimirlatib tagiga suv yetkazishi zarur. Qo‘llar yuvilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي جَعَلَ الْمَاءَ طَهُورًا وَالْإِسْلَامَ نُورًا
“Alhamdu lillahillaziy ja’alal maa tohuron val Islama nuron”
“Suvni poklik manbai, Islom dinini esa nur qilib yaratgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin”.
4. Og‘izga o‘ng qo‘l bilan suv olib, yaxshilab (hamma yeriga yetkazib) chayish. Bu holat 3 marta takrorlanadi. Og‘iz chayilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ طَهِّرْ نَكْهَتِي وَاسْقِنِي مِنْ حَوْضِ نَبِيِّك
“Allohumma tohhir nakhatiy vasqiniy min havzi nabiyyik”
“Allohim, og‘zimni pok qil va menga Payg‘ambaringga ato qilganing “Havzi kavsar” suvidan ichishni nasib et”.
5. Burunga o‘ng qo‘l bilan yaxshilab suv tortib[2], chap qo‘l bilan qoqish. Bu amal 3 marotaba bajariladi. Burunga suv tortilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ أَرِحْنِي رَائِحَةَ الْجَنَّةِ وَلَا تُرِحْنِي رَائِحَةَ النَّارِ
“Allohumma arihniy roihatal jannati va la turihniy roihatan nari”
“Allohim, meni jannat hididan bahramand et, do‘zax isidan nari tut”.
Eslatma! Ro‘zador kishi og‘iz chayish va burunga suv olishda mubolag‘a qilmaydi. Chunki tomog‘idan suv o‘tib, ro‘zasi buzilishi xavfi bor. Shuningdek, oqar suvlardan tahorat qilinganida og‘iz va burundan chiqqan suv ariqqa tashlanmaydi.
6. Yuzni peshonaning ustki qismidan boshlab iyak ostigacha va ikki quloq yumshog‘i o‘rtasidagi joylarni uch marta yuvish. Ikki lab va ustidagi qismlari ham yuzdan hisoblanadi. O‘ng qo‘l hovuchi bilan peshonaning o‘ng tarafiga ohista suv quyilib (bunda ko‘zlarni yummaslik kerak) peshonaning soch ungan yeri, iyak osti va ikki quloq yumshoqlari oralig‘ida biror joy qoldirmay uch bor yuviladi.
Ko‘zlar ichiga suv yetkazish farz emas, chunki ko‘zning ichi yuz hisoblanmaydi. Ko‘z yuz hududida joylashgan alohida bir a’zodir. Uning atrofida yig‘ilib qolgan kirlarni tozalab, o‘rnini yuvish kerak. Yuz yuvilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ بَيِّضْ وَجْهِي بِنُورِكَ يَوْمَ تَبْيَضُّ وُجُوهُ أَوْلِيَآئِكَ وَلَا تُسَوِّدْ وَجْهِي يَوْمَ تَسْوَدُّ وُجُوهُ أَعْدَائِكَ
“Allohumma bayyiz vajhiy bi nurika yavma tabyazzu vujuhu avliyaika va la tusavvid vajhiy yavma tasvaddu vujuhu a’daik”
“Allohim, suyukli bandalaring yuzlari pok holatda turuvchi kuni mening yuzimni ham O‘z nuring bilan yorug‘ qil. Dushmanlaring yuzi qora bo‘lguvchi kunda mening yuzimni qora qilmagin”.
7. Soqolga mas'h tortish. Yuz uch bora yuvilgach, qo‘llar yangidan namlanib, soqol ikki qo‘l bilan siypalanib mas'h tortiladi. Bunda barmoqlarni jag‘ tagidan soqol orasiga kiritib, suv yetkazish kerak.
Eslatma! Siyrak soqolli kishilar yuz yuvishda soqoli ostiga suv yetkazishlari lozim.
8. Qo‘llarni tirsaklari bilan qo‘shib uch marta yuvish. Ikki qo‘lni yuvishda barmoq uchlaridan boshlab, tirsakda tugatiladi. Avval o‘ng qo‘l so‘ng chap qo‘l yuviladi. O‘ng qo‘l tirsagi bilan yaxshilab ishqalangach, kaftga suv to‘ldirilib, tirsak tomon oqiziladi va yana ishqalanadi. O‘ng va chap qo‘llar tirsaklari bilan shu ravishda uch bora yuviladi. Qo‘llarning mukammal yuvilganiga aniq ishonch hosil qilish uchun tirsaklardan ikki enlik o‘tkazib yuvilsa, maqsadga muvofiqdir. Shunga ko‘ra, tahoratdan oldin tayyorgarlik ko‘rayotganda yenglarni ham tirsakkacha emas, sal yuqoriroqqacha shimarish kerak, shunda ikki enlik tepadan yuvishga imkon bo‘ladi.
O‘ng qo‘l yuvilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ أَعْطِنِي كِتَابِي بِيَمِينِي وَحَاسِبْنِي حِسَابًا يَسِيرًا
“Allohumma a’tiniy kitabiy biyaminiy va hasibniy hisaban yasiro”
“Allohim, (qiyomat kuni) amallarim yozilgan daftarim (nomai a’molim)ni o‘ng tarafimdan berib, hisob-kitobimni oson qilgin”.
Chap qo‘l yuvilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ لَا تُعْطِينِي كِتَابِي بِشِمَالِي وَلَا مِنْ وَرَاءِ ظَهْرِي وَلَا تحَاسِبْنِي حِسَابًا شَدِيدًا
“Allohumma laa tu’tiniy kitabiy bishimaliy va laa min varoi zohriy va laa tuhasibniy hisaban shadiyda”
“Allohim, (qiyomat kuni) amallarim yozilgan daftarim (nomai a’molim)ni chap tarafimdan ham, ortimdan ham bermagin hamda meni qattiq hisob-kitob qilmagin”.
9. Boshga bir marta mas'h tortish. Boshga mas'h tortish uchun ikki qo‘lning kaft va barmoqlari yangidan namlanadi, bosh hamda ko‘rsatkich barmoqlaridan boshqa barmoqlar birlashtirilib boshning old tomonidan orqasiga qarab (kaftlarning jimjiloq tomonidan yarmi boshga tekkizib) bo‘yingacha siypalanadi. So‘ng bosh hamda ko‘rsatkich barmoqlari birlashtirilib boshning orqasidan old tarafiga qarab (kaftlarning qolgan nam qismi, ya’ni bosh barmoq tomonidan yarmi boshga tekkizib) peshonagacha mas'h qilinadi.
Boshga mas'h tortilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ غَشِّنِي بِرَحْمَتِكَ وَأَنْزِلْ عَلَيَّ مِنْ بَرَكَاتِكَ
“Allohumma g‘oshshiniy birohmatika va anzil ’alayya min barokatik”
“Allohim, O‘z rahmating bilan boshimni silagin va ustimga barakotlaringni yog‘dirgin”.
10. Quloqqa mas'h tortish. Boshga mas'h tortilgach, barmoqlar qayta namlanmaydi, balki, boshga mas'h tortish uchun namlangan bosh hamda ko‘rsatkich barmoqlari bilan ikki quloq bir marta mas'h qilinadi. Ko‘rsatkich barmoq bilan quloq ichlari, bosh barmoq bilan esa quloq orqalari siypalanadi.
Quloqqa mas'h tortilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ اجْعَلْنِي مِنَ الَّذِينَ يَسْتَمِعُونَ الْقَوْلَ فَيَتَّبِعُونَ أَحْسَنَهُ
“Allohummaj’alniy minallaziyna yastami’unal qovla fayattabi’una ahsanah”
“Alloh, so‘zni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga (foydalisiga) ergashadiganlardan qilgin”.
11. Bo‘yinga mas'h tortish. Quloqlar mas'h qilingach, kaftning orqa tarafi gardandagi qon tomirlariga tekkiziladi. Ko‘pchilik tomoqqa mas'h tortadi. Bu esa bid’atdir.
Bo‘yinga mas'h tortilganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ أَعْتِقْ رَقَبَتِي مِنَ النَّارِ وَاحْفَظْنِي مِنَ السَّلاَسِلِ وَاْلأَغْلاَلِ
“Allohumma a’tiq roqobatiy minan nari vahfazniy minas salasili val ag‘lal”
“Allohim, meni do‘zax azobidan qutqargin va zanjirlarda sudralishdan saqlagin”.
12. Oyoqlarni uch marta yuvish. Avval o‘ng oyoq, so‘ng chap oyoq yuviladi. Oyoqni yuvish barmoq uchlaridan boshlab to‘piqda tugatiladi. “To‘piq” oyoqning ikki yonida bo‘rtib chiqqan suyakdir. Oyoq yuvilganda, to‘piq ham qo‘shib yuviladi.
Tahorat oyoqni yuvish bilan mukammal bo‘ladi. Oyoqni yuvish, qo‘lni yuvishdek, barmoqlardan boshlanadi. Avval o‘ng oyoq barmoqlariga suv quyilib, to‘pig‘i bilan bir bor yuvilgach, chap qo‘l jimjilog‘i bilan o‘ng oyoq jimjilog‘ining ost tomonidan boshlab bir marta xilol qilinadi. So‘ng yana ikki bor mazkur tartibda yuviladi.
O‘ng oyoq yuvilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ ثَبِّتْ قَدَمَيَّ عَلَى الصِّرَاطِ يَوْمَ تَزِلُّ فِيهِ اْلأَقْدَامُ
“Allohumma sabbit qodamayya ’alas siroti yavma tazillu fiyhil aqdam”
“Yo Alloh, oyoqlar toyguvchi (qiyomat) kun(i)da oyoqlarimni Sirot (ko‘prigi) uzra sobitqadam ayla”.
Chap oyoq ham o‘ng oyoqni yuvish tartibida yuviladi, lekin chap oyoqni hilol qilish (chap qo‘l jimjilog‘i bilan) bosh barmoqdan boshlab, jimjiloqda tugatiladi.
Chap oyoq yuvilayotganda ushbu duo o‘qiladi:
اَللّٰــهُمَّ اجْعَلْ سَعْيِي مَشْكُورًا وَذَنْبِي مَغْفُورًا
“Allohummaj’al sa’yiy mashkuron va zanbiy mag‘furo”
“Allohim, qilgan ishlarimni savob yo‘liga burgin va gunohlarimni avf etgin”.
13. Tahorat olgandan so‘ng: “Ashhadu allaa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan ’abduhu va Rasuluhu”, deb aytish.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim tahorat olib: “Ashhadu allaa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan ’abduhu va Rasuluhu”, desa, unga jannatning sakkizta eshigi ochilib, xohlaganidan kiraveradi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
14. Uyda tahorat olish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘z uyida tahorat qilib, Allohning uylaridan bir uyga Allohning farzlaridan bir farzni ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o‘chadi, boshqasi ila darajasi ko‘tariladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
15. Ishqalash. Qo‘lni a’zo ustidan suv bilan yoki undan keyin yurg‘izish.
16. Suvni tejash. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir mud suv ila tahorat qilar edilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
17. Oynaga qaraganda duo qilish. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oynaga qarasalar:
“Allohumma anta hassanta xolqiy fa hassin xuluqiy”
“Allohim, yaratilishimni go‘zal qilding, xulqimni ham chiroyli qilgin”, deb aytardilar.
Davron NURMUHAMMAD
[1] Mustahab – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimiy qilmagan, ammo bajarilishi yaxshilik hisoblangan amal. Masalan, tahoratni o‘ng a’zodan boshlash, bo‘yinga mas'h tortish, namozdagi esnoq va yo‘talni imkon qadar qaytarish. Mustahabni qilgan odam savobga ega bo‘ladi, qilmagan gunohkor bo‘lmaydi.
[2] Burunga suv tortayotganda, avval o‘ng teshigiga so‘ng chap teshigiga suv olinadi.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi