Alloh taolo bizga juda ko'plab ne'matlar bergan. Bu ne'matlar shunchalar ko'pki, ularni sanab adog'iga eta olmaymiz. Nafas olishimiz, ko'zlarimiz ko'rishi, turli hidlar va tamlarni farqlay olishimiz, qo'l-oyoqlarimiz harakati, bularning barchasi hech narsa bilan o'lchab bo'lmas darajadagi ulkan ne'matlardir. Agar bizda shulardan boshqa ne'mat bo'lmasa ham Allohning bergan ne'matlarini haqqini ado eta olmagan bo'lardik. Lekin atrofga nazar solsangiz, mislsiz va sanoqsiz ne'matlar aro ko'milib yashayotganimizni his qilasiz. Mol-dunyo, lazzatli taomlar, zamonaviy markablar, dang'illama uylar va hokazo... Bu ne'matlar hammasi o'z yo'ligayu lekin bu ne'matlar ichida eng buyuklaridan biri shubhasiz, farzand ne'matidir.
Sababi hayotingizda Alloh taolo sizga nimaiki moddiy ne'matlar bergan bo'lsa, ularning barini o'ylab ham o'tirmay farzandingizning kamoli uchun qurbon qilishga tayyor turasiz. Biror kishi agar unga sog'lom fitrat berilgan bo'lsa, farzandining baxti uchun o'zidagi biror moddiy ne'matga baxillik qilmaydi. Buni barcha birdek e'tirof etadi.
Musulmon odam doim yodida tutishi lozimki, Alloh taolo Qiyomat kuni bizga ato etgan bu adadsiz ne'matlari haqida hisob qiladi. Ne'matlarning kichigidan tortib kattasigacha nimaga sarflaganimiz, qanday sarflaganimiz haqida hisob so'raydi. Shular qatorida farzand ne'mati haqida ham.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “So'ngra Alloh sizga bergan barcha nematlar haqida albatta so'ralursizlar”(Takasur surasi, 7-oyat).
Mana shu oyatni bir tadabbur qilib ko'raylik. Ustimizga yog'ilib turgan son-sanoqsiz ne'matlar shukrini ado etyapmizmi? Ushbu ne'matlarni to'g'ri yo'lda sarflayapmizmi?
Bularning ichida eng qiymatli ne'mat bo'lmish farzandlarimiz haqida Robbimiz so'rab qolsa, beradigan javobimiz tayyormi? Farzandlarimizning tarbiyasi qanday bo'lgani, ularning tarbiyasiga qancha vaqt, ilm, mablag' sarflaganimiz haqida so'rasa-chi? Farzandlarimiz ertaga Qiyomat kunida yuzimizni yorug' qiladigan darajada salohiyatli, tarbiyali, axloq-odoblimi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qiyomat kunida Odam bolasining qadami toki besh narsa haqida so'ralmagunicha, Robbining xuzuridan siljimaydi: umrini nimalarga sarflagani, yoshligini nimalar bilan o'tkazgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani hamda olgan ilmiga amal qilgani yoki qilmagani haqida”.
Bugun Allohga shukrki, qo'limizda juda ham ko'p ne'matlar bor. Mana shu ne'matlarni farzandlarimiz tarbiyasi yo'lida safarbar qilishga tirishmog'imiz darkor. Robbimiz bizga bergan sog'lik-salomatlik, mol-dunyo, tinchlik-omonlik hamda bo'sh vaqt kabi ne'matlardan farzandlarimiz tarbiyasi yo'lida foydalanib qolishimiz kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Beshta narsadan oldin beshta narsani g'animat bil: qarishingdan oldin yoshligingni, kasal bo'lishdan oldin sog'ligingni, faqirligingdan oldin boyligingni, mashg'ul bo'lishingdan oldin bo'sh vaqtingni va o'limdan oldin hayotingni”.
Yaxshi bir tavsiya shuki, er-hotin birga o'tirib bir qog'ozga o'zlarida mavjud bo'lgan barcha moddiyu ma'naviy ne'matlarni yozib chiqadilar. Keyin shu imkoniyatlardan farzand tarbiyasi yo'lida qanday foydalanish mumkinligi haqida bosh qotiradilar. Ana shunda Allohning izni ila o'sha oilaga juda ham ko'plab futuhotlar fayz-barakalar yog'ilsa ajab emas, inshaalloh. Zero, mehribon Robbimiz O'z Kalomida “Bizni yo'limizda jiddu jahd qilganlarni to'g'ri yo'llarimizga yo'llab qo'yamiz” deb marhamat qilgan.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Qashqadaryo viloyatidagi Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 32-bitiruvchi kurs talabalari uchun bag‘ishlangan "Xatmona–2026" tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, viloyat hokimligi vakillari, muassasa rahbariyati, ustozlar va bitiruvchilar qatnashdi.
Marosimni ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir G‘uzarov ochib, yoshlarga ilm va ma’rifat yo‘lida sobitqadamlik tiladi. Shundan so‘ng viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov so‘zga chiqib, bitiruvchilarga ilm fazilati, ustozga hurmat hamda dinimiz va xalqimiz yo‘lida sidqidildan xizmat qilish mas’uliyati haqida qimmatli nasihatlar qildi.
Tadbir davomida ustozlar va talabalarning dildan suhbatlari, xotiralari tinglandi.
Yakunda ilm yo‘lida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bitiruvchilarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Tantanali marosim xayrli duolar bilan yakunlandi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati