Ma’rifat soati
Bugun Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar uchun Ma’rifat soati bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdulvosit Homidjonov ham tadbirda ishtirok etib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdilar.
Kun tartibida umumiy masalalar, xususan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish, fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish, mahallalar bilan ko‘proq ishlab, xonadonlarga kirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabi ekani eslatib o‘tildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov hamda vakillik mas’ul xodimi Saidxon domla Maxsumov Toshkent shahar hokimligi tomonidan Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Ma’rifat soati so‘ngida xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyining “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2027 yil uchun obuna mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda soha mutasaddilari, imom-xatiblar va otinoyilar ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar jamiyatda sof ma’rifatni yoyish, aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishda diniy-ma’rifiy nashrlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladilar.
Tadbir davomida yakunlanayotgan mavsumda obuna ishlarini namunali tashkil etgan faol diniy soha xodimlariga minnatdorlik bildirilib, yangi yilda ham bu xayrli ishlarni yuqori saviyada davom ettirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Barcha yurtdoshlarimizni “Hidoyat”, “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2027 yil uchun obuna bo‘lishga, xonadonlarga ziyo ulashishdek savobli tashabbusda faol ishtirok etishga chorlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati