Ma’rifat soati
Bugun Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar uchun Ma’rifat soati bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdulvosit Homidjonov ham tadbirda ishtirok etib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdilar.
Kun tartibida umumiy masalalar, xususan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish, fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish, mahallalar bilan ko‘proq ishlab, xonadonlarga kirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabi ekani eslatib o‘tildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov hamda vakillik mas’ul xodimi Saidxon domla Maxsumov Toshkent shahar hokimligi tomonidan Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Ma’rifat soati so‘ngida xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining barcha kurslari va oliy diniy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun yangi 2026-2027 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ochilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy hokimlik mas’ullari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirlar Qur’oni karim tilovati, xayrli duolar va davlat madhiyasi bilan boshlandi.
So‘zga chiqqan mutasaddilar barchani mustaqilligimizning 35 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, yaqinda ham bir guruh ulamolar “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani yorqin dalil ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yilda Toshkent islom institutini ilk magistrlar tamomlagani, endilikda doktorantura tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ham aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalari faoliyati yildan-yilga takomillashayotgani, jumladan, o‘quv dasturlari zamon talabiga qarab yangilab borilayotgani, kirish imtihonlari elektron test shaklida o‘tkazilib, eng munosib talabalar saralab olinayotgani, mudarris va talabalarga har jihatdan sharoitlar hozirlanayotgani, ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, talabalar astoydil o‘qib-o‘rganib, yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi lozimligiga urg‘u qaratildi.
Tadbirlar davomida diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga yangi qabul qilingan talabalar ham so‘zga chiqishdi.
1-kurs talabalariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazar hazratlari nomidan esdalik sovg‘alari ulashildi.
Yakunda Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishi hamda yangi o‘quv yili xayrli va manfaatli kechishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng o‘quv xonalarida “Mustaqillik darslari” boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati