Alloh taolo mo'minlarni bunday vasf qiladi: «Mo'minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan, O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)»(Anfol, 2–4).
Demak, haqiqiy mo'minlar yuksak sifatlarga ega bo'lgan kishilardir:
“...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan...”
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg'ul bo'lishi kerak. Bu haqda Qur'onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!(Ahzob, 41-42); Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»(Baqara, 152).
Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o'y-xayoli Alloh taologa bog'langan bo'ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo'ldir. Banda o'z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti osoyishta va xotirjam bo'ladi.
“...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan...”
Banda Qur'onni qanchalik ko'p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma'nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo'ladi.
“...O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...”
Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo'minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g'aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir»(Hud, 123).
Mo'min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo'lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.
“...Namozni barkamol o'qiydigan...”
Haqiqiy mo'minlar namozni benuqson ado etishadi. “...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...”.
Mo'min qo'lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo'ladigan yo'llarga sarf qiladi, qo'lidagi boylikning ko'p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo'lida sarflaganidan sevinadi.
Alloh yo'lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko'payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir»(Baqara, 261).
Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo'lgan musulmon haqiqiy mo'min nomiga loyiqdir va ular uchun “...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...”.
Haqiqiy mo'minlardan bo'lishni istagan banda o'z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo'lishi mo'minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug' darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog'imiz zarur.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 30 iyun kuni Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda juda muhim masalalar kun tartibiga chiqdi.
– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda, – dedi muhtaram Prezidentimiz. – Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.
Men bilaman, o‘g‘il-qizlarimizning har birida katta salohiyat bor, iste’dod bor, iqtidor bor. Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!
Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak!..
Kecha Prezidentimiz ana shunday o‘g‘il-qizlarimizdan bir guruhini “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash haqidagi farmon va qarorni imzolagan edi. Bugun ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
– Aziz o‘g‘il-qizlarim! Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman.
Siz – aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang!
Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladigan, ishonadigan va doim qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor!
Yo‘lingiz ochiq, niyatingiz ulug‘, qaddingiz baland bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz yoshlar bilan muloqot yakunida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati