So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qur’oni karim oyatlari bitilgan qog‘ozlardan hurmatsizlik bilan foydalanilayotgani, ulamolar, imom-xatiblarni tanqid qilish, xato-kamchiliklarini qidirish va hatto masxaralash kabi holatlar kuzatilmoqda. Ba’zilar esa ularni obro‘sizlantirish, dunyodan bexabar johilga chiqarishga urinmoqda. Bundan ham yomoni egniga chopon kiyib, boshiga salla o‘rab, bachkana qiliqlar bilan ilm ahlining ustidan mazahlab video tasvirlar olib tarqatayotgan yoshlar ham uchramoqda.
Bunday nomaqbul xatti-harakatlar islomiy qadriyatlar borasida ham uchrayotgani tashvishlidir. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Juma kuni bilan tabriklash borasida ham turli tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Ayrimlar Juma bilan tabriklashni mas'harabozlikka aylantirib, o‘zicha suratu videolar, yozuvlar tarqatishdi. Ba’zilar hayit kuni aniq bo‘lmagani uchun turli mas'haraomuz so‘zlar bilan she’r yozib ommaga ulashdi. Afsuski, jamiyatimizda bunday yengil-yelpi audio, video va yozma jo‘natmalarni ko‘pchilik yaxshi qabul qiladi va tez ommalashadi. Lekin diniy masalalarda hazil bo‘lmaydi. Bu ishni qilayotganlar esa bilmasdan gunoh orttirib olayotgani achinarli. Albatta, bu diniy bilimsizlik belgisi hamdir.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining kofir bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Illo, Juma kuni ham Hayit ham islom shiorlaridandir.
Islom ta’limotiga ko‘ra “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkatining alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Bular qatoriga shariatimizda ulug‘langan zotlar – payg‘ambarlar, sahobalar, tobeinlar, avliyolar, ulamolar, ilm ahllari ham, Juma kuni, Ramazon oyi, muqaddas oylar, ibodat vositalari bo‘lmish tasbih, salla va joynamoz kabi narsalar ham kiradi.
Dinimiz ulamolarining fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa, yoki shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: “Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”. Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Xuddi shunday Islom dinini, shariat ahkomlarini yetkazishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan ulamolar sha’niga yomon so‘zlarni gapirish Alloh va Uning rasulini g‘azabini keltiradigan yomon ishdir.
Olimning fazlini Alloh va Uning rasuli ulug‘lab tursa-yu, unga nisbatan hurmatsizlik qilish, Alloh va Uning rasuliga hurmatsizlikdir. Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, musulmon katta gunohni qilish bilan dindan chiqmaydi, lekin dinni, ulamolarni past sanash bilan dindan chiqish xavfi bor. Chunki ulamolar din nomidan gapiruvchi shaxslardir. Ularga otilgan tosh dinga, payg‘ambarga otilgan hisoblanadi.
Tohir Buxoriyning “Xulosatul fatovo” asarida: “Kim bir olimni zohiriy sababsiz yomon ko‘rsa, uning dindan chiqish xavfi bor!” deyiladi (Ali Qoriy, “Sharhu Fiqhil akbar”).
Ilm ahlini hurmatlash Alloh taoloni ulug‘lashdir. Payg‘ambarimiz alayhi vassalm: “Keksalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimimizni haqqini bilmagan kishi bizdan emas” deganlar (Imom Hokim rivoyat qilgan).
Qolaversa, ilm ahli va salohiyatli kishilarni masxara qilish, ularni qadrini yerga urish kofir va munofiq kishilarning sifatidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi:
“Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).
Demak, bilib bilmay, ulamolar va ilm ahlni, Islom shiorlarini masxara qilish mo‘minga ham aqli rosa kishiga ham xos sifat emas. Ayniqsa, mamlakatimizning asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.
Tolibjon NIZOMOV
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati