#Mavlid_shukuhi
OLAMLARGA RAHMAT PAYG‘AMBAR ﷺ
Robi’ul avval oyi – musulmonlar uchun ulkan baxtu saodat, xursandchilik oyi bo‘lib, bu oyda butun olamlarga rahmat, ikki jahon sarvari, Payg‘ambari Muhammad ﷺ tavallud topganlar. Bu oyni musulmonlar o‘zgacha tayyorgarlik bilan kutib olishadi va Rasululloh ﷺga bo‘lgan muhabbatning kichik bir ko‘rinishi sifatida mavlidi sharif tadbirlari o‘tkaziladi, u zotning siyratlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.
Juma kuni Toshkent shahrining barcha jome masjidlarida Mavlidi sharif o‘qildi hamda juma namozi ko‘tarinki kayfiyatda ado etildi.
Shuningdek, jamoat bilan birgalikda xayrli duolar qilindi.
Allohim, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘lishni nasibi ro‘zi aylagin!
MuslimShosh.uz
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati