Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
صَلَواتُ اللهِ و ملَائِكَتِهِ وَ أَنْبيَائِهِ وَ رُسُلِهِ وَ حَمَلَةِ عَرْشِهِ وَ جَمِيعِ خَلْقِهِ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّد وَ عَلَى اَلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِينَ
O‘qilishi: Solavatullohi va malaikatihi va anbiyaihi va rusulihi va xamalati ’arshihi va jami’i xolqihi a’la sayyidina Muhammadin va ’ala alihi va sohbihi ajma’iyn!
Ma’nosi: Sayyidimiz hazrati Muhammadga, ul zotning oilalari (ahli)ga va hamma sahobalariga Allohning, Uning farishtalarining, payg‘ambarlarining, elchi-rasullarining, Uning Arshini ko‘tarib turgan maloikalarning va barcha-barcha yaralmishlarning salotu salomi bo‘lsin!
Manba: “Al-ad’iyatul-varidatu fil-ayatil karimati val-ahadisish-sharifah”.
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati