Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Yurtimiz ulamolariga mukofotlar muborak bo‘lsin!

09.09.2025   9123   5 min.
Yurtimiz ulamolariga mukofotlar muborak bo‘lsin!

Ulamolar va odamlarga foydali ilmlarni ta’lim beruvchi muallimlarning Alloh taolo huzurida sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksakdir. Ularni islom dini ehtirom qilishga chaqiradi. Ilm ahlini Alloh taolo Qur’oni karimda madh etib, shunday marhamat qilgan: “... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala 11).
 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida bunday deganlar: “Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir”.


Milliy tariximizga nazar solsak, azal-azaldan xalqimiz, yurt boshida turgan a’yonlar ham olimlarni izzat va ikrom qilganlariga guvoh bo‘lamiz. Buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temurning ilm ma’rifat ahliga, allomalarga qanchalik hurmat bilan munosabatda bo‘lgani tarixchilar tomonidan o‘z manbalarida qayd etilgan. Fransuz olimi Lyangle bunday deydi:


“Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Negaki, Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.  


Darhaqiqat, jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasi, har tomonlama taraqqiy etishi, xavfsiz bo‘lishi ta’lim, olimlar va ustozlarga bo‘lgan munosabatga qarab shakllanadi.


O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hamda bir qator diniy soha vakillari davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani isbotidir. Qolaversa, jamiyatda islomiy ma’rifatni keng yoyish, milliy-diniy qadriyatlarni targ‘ib etish va mamlakatimizning islom dunyosidagi nufuzini oshirishda katta hissa qo‘shib kelayotgan muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor bugungi kunda yurtimizda sohibqiron Amir Temur boshqaruvi an’analari munosib darajada davom ettiralayotganing ham isbotidir. Zero, olimlarga ko‘rsatilgan ehtirom Vatan va millat, ma’rifat va diyonat rivojiga ko‘rsatilgan ehtiromdir.


Muftiy hazratlariga ko‘rsatilgan ushbu e’tirofning ortida aslida juda katta mehnat borligini eslab o‘tishimiz lozim. Zero, yillar davomida tinimsiz mehnat, izlanishlar va ilmiy yutuqlar bugunga kelib o‘z samarasini bermoqda. Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘zining din rivoji va xalq saodati yo‘lidagi 35 yildan ziyod vaqt mobaynida masjid imom xatibligi, mudarrislik, shahar va viloyat bosh imom xatibligi vazifalarida ishlab yurtimiz musulmonlari va yoshlariga diniy ma’rifat ulashdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasiga tayinlanishi bilan qisqa muddatda tizimda ulkan islohot va o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, 114 ta yangi masjid ochilishi, 600 dan ziyod masjidlar ta’mirlanishi va qayta bunyod etilishi namozxonlarni mamnun qilmoqda. Madrasalar ochish va diniy ta’limni rivojlantirish, Qur’on va tajvidni o‘rgatish, imom-xatib va mudarrislarning ilm va malakalarini oshirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning savodxonligini oshirish, ularda paydo bo‘layotgan diniy savollarga mazhab bo‘yicha asosli javoblar yetkazish  kabi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishda asosiy tashabbuskor bo‘ldi.


Olim sifatida 20 dan ziyod asarlar muallifi bo‘lgan hazrat nafaqat yurtimizda balki, islom olamida e’tirofga ega bo‘ldi. Nufuzli islom tashkilotlariga a’zo bo‘ldi. xalqaro ilmiy anjumanlarda dolzarb mavzularida ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.


Bugungi axborot  va tezkor xabar almashishda ijtimoiy tarmoqning ahamiyati katta bo‘lib turgan bir vaqtda televideniye, bosma axborot nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sof islom ta’limotini yetkazish borasida yurtimizdagi barcha diniy soha vakillariga imkoniyatlar yaratildi. Shaxsan, muftiy hazratlarining chiqishlari e’lon qilinadigan ijtimoiy tarmoqlar obunachilari soni 3 mln.ni tashkil etayotgani u kishining diniy-ma’rifiy chiqishlarini xalqimiz katta qiziqish bilan kuzatayotganing dalilidir. Aholi bilan joylarda uchrashuvlar o‘tkazish, murojaat bilan kelgan fuqarolarni qabul qilib, ularning muammolariga yechim topish borasida o‘zlari boshchilik mamlakatimizdagi barcha imom-xatiblar xalq bilan hamdard bo‘lib kelmoqda.


Yaqingacha davlatimizda fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida yutuqlarga erishgan fuqarolarimizga davlat mukofot va ordenlari berilganda, ko‘p yillardan buyon diniy sohada mehnat qilib kelayotgan ulamolarimizga e’tibor yo‘qligi ko‘pchiligimizni qalbiizmga mahsunlik keltirar edi. Alhamdulillah, bugunga kelib diniy soha vakillari, olimlarimiz ham hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanmoqda. Bu kabi e’tibor yurtimiz aholisi, mo‘min-musulmonlar, ayniqsa, shu sohada xizmat qilib kelayotgan barcha kishilarni mamnun qilib, ruhlarini ko‘tardi. Qolaversa, bu mukofot diniy soha va unda xizmat qilib kelayotgan muftiy hazrat boshchiligidagi barcha xodimlarning xizmatlariga e’tirof, e’tibor va ehtiromdir.   


Alloh taolo yurtimizni tinch, farovon, xalqimizni sog‘-omon qilsin. Yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyishda ulamolarimizga kuch-quvvat ato qilsin. 

Zayniddin domla Eshonqulov, 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

   

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   65310   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari