Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda payg‘ambarlar alayhimussalomga itoat etishga oid kelgan ikkinchi ibora bu ittibo (ergashish)dir.
﴿قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ﴾
“Ayting (ey, Muhammad!): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
﴿الَّذِينَ يَتَّبِعُونَ الرَّسُولَ النَّبِيَّ الْأُمِّيَّ الَّذِي يَجِدُونَهُ مَكْتُوبًا عِنْدَهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَالْإِنْجِيلِ﴾
“Ular savodsiz elchiga – ismi o‘zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg‘ambarga (Muhammadga) ergashadilar” (A’rof surasi, 157-oyat).
﴿فَآَمِنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ النَّبِيِّ الْأُمِّيِّ الَّذِي يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَكَلِمَاتِهِ وَاتَّبِعُوهُ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ﴾
“Bas, Allohga va Uning rasuliga iymon keltiringiz! U (rasuli) Allohga va Uning kalimalari (ilohiy kitoblari)ga ishonadigan savodsiz payg‘ambardir. Unga ergashingiz, toki hidoyat topgaysiz!” (A’rof surasi, 158-oyat).
﴿لَقَدْ تَابَ اللَّهُ عَلَى النَّبِيِّ وَالْمُهَاجِرِينَ وَالْأَنْصَارِ الَّذِينَ اتَّبَعُوهُ فِي سَاعَةِ الْعُسْرَةِ﴾
“Alloh Payg‘ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul etdi. Ulardan bir guruhining dillari chalg‘iyozgandan keyin og‘ir (bir) soatda unga ergashgan edilar” (Tavba surasi, 117-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ حَسۡبُكَ ٱللَّهُ وَمَنِ ٱتَّبَعَكَ مِنَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ ٦٤
“Ey, Payg‘ambar! Sizga va Sizga ergashgan mo‘minlarga Alloh kifoyadir” (Anfol surasi, 64-oyat).
﴿رَبَّنَا آَمَنَّا بِمَا أَنْزَلْتَ وَاتَّبَعْنَا الرَّسُولَ فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ﴾
“Ey, Robbimiz, nozil qilgan narsangga iymon keltirdik va Payg‘ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni guvohlik beruvchilar bilan birga (qo‘shib) yozgin!” (Oli Imron surasi, 53-oyat).
﴿قُلْ هَذِهِ سَبِيلِي أَدْعُو إِلَى اللَّهِ عَلَى بَصِيرَةٍ أَنَا وَمَنِ اتَّبَعَنِي﴾
Ayting: “Mening yo‘lim – shu! Men va menga ergashganlar aniq hujjat bilan Allohga da’vat etamiz” (Yusuf surasi, 108-oyat).
﴿إِنَّ أَوْلَى النَّاسِ بِإِبْرَاهِيمَ لَلَّذِينَ اتَّبَعُوهُ﴾
“Odamlar ichida Ibrohimga do‘strog‘i – unga ergashganlar” (Oli Imron surasi, 68-oyat).
﴿وَجَعَلْنَا فِي قُلُوبِ الَّذِينَ اتَّبَعُوهُ رَأْفَةً وَرَحْمَةً﴾
“...unga ergashgan kishilarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik” (Hadid surasi, 27-oyat).
﴿وَأَنْذِرِ النَّاسَ يَوْمَ يَأْتِيهِمُ الْعَذَابُ فَيَقُولُ الَّذِينَ ظَلَمُوا رَبَّنَا أَخِّرْنَا إِلَى أَجَلٍ قَرِيبٍ نُجِبْ دَعْوَتَكَ وَنَتَّبِعِ الرُّسُلَ﴾
“(Ey, Muhammad!) Odamlarni ogohlantirib qo‘yingki, ularga azob keladigan kuni (qiyomatda) zulm qilganlar: «Ey, Rabbimiz! Bizlarga ozgina muhlat bergin, Sening da’vatingga ijobat qilurmiz va payg‘ambarlarga ergashurmiz», – deydilar” (Ibrohim surasi, 44-oyat).
﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ﴾
“Payg‘ambarning sizlarga guvoh bo‘lishi uchun “o‘rta ummat” qilib qo‘ydik. Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg‘ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)” (Baqara surasi, 143-oyat).
﴿قَالَ يَا قَوْمِ اتَّبِعُوا الْمُرْسَلِينَ﴾
“...dedi: “Ey, qavmim! (Bu) elchilarga ergashingiz!” (Yosin surasi, 20-oyat).
﴿وَإِنَّ رَبَّكُمُ الرَّحْمَنُ فَاتَّبِعُونِي وَأَطِيعُوا أَمْرِي﴾
“Shubha yo‘qki, sizlarning Rabbingiz Rahmondir. Bas, menga ergashingiz va amrimga itoat qilingiz!...» (Toho surasi, 90-oyat).
﴿فَقَالُوا أَبَشَرًا مِنَّا وَاحِدًا نَتَّبِعُهُ إِنَّا إِذًا لَفِي ضَلَالٍ وَسُعُرٍ﴾
“Bas, aytdilar: «Bizlar o‘zimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda bo‘lurmiz-ku!” (Qamar surasi, 24-oyat).
Yuqoridagi barcha oyatlar payg‘ambar alayhissalomga itoat etish lozimligini ko‘rsatadi. Zero, payg‘ambarlar bashariyatga go‘zal namuna o‘laroq yuborilgandirlar. Ularning vazifalari faqatgina so‘z orqali da’vat qilish bilan cheklanmaydi. Payg‘ambarlarning hatti-harakatlari insonlarga hayot yo‘lini ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyiladi:
﴿لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا﴾
“(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).
Ma’lumki, faqatgina nazariy ta’lim bilan insonlarni isloh qilib bo‘lmaydi. Bu borada odamlarga ergashishlari (taqlid qilishlari) uchun amaliy namuna lozim. Zero, inson soha mutaxassisidan amaliy ko‘nikmalarni o‘rganmay turib, faqatgina kitobdan nazariy bilimlarni o‘rganish bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Masalan, tibbiyot sohasida amaliyotni ko‘rmay, o‘rganmagan, faqat nazariy bilim olgan shaxsga inson hayotini topshirib bo‘lmaydi. Bu misol har bir bilim sohasiga tegishli.
Hatto taom pishirishda ham faqatgina taomni qanday tayyorlash yo‘riqnomasini o‘qish bilan biror natijaga erishib bo‘lmaydi, balki bunda ham amaliyot muhim sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda, insonlar biror narsani o‘rganishda hamisha amaliy namunaga muhtojdirlar. Ayniqsa, diniy ta’limda juda muhim.
Shu sababli, Alloh taolo butun bashariyatga yuborgan payg‘ambarlariga muqaddas kalomini ham qo‘shib jo‘natdi. To‘g‘ri, Alloh taolo ko‘plab payg‘ambarlarini yubordi, lekin ularning barchasiga ham ilohiy kitob nozil qilmadi. Ammo hech bir kitob payg‘ambarsiz nozil bo‘lgani yo‘q. Makka mushriklari bir necha bor payg‘ambarsiz kitob nozil qilinishini so‘radilar, ammo ularning bu so‘rovlari rad etildi. Sababi esa – oddiy. Chuni insonlar faqatgina kitobga emas, balki muallimga ham muhtojdirlar. Shu sababli, odamlar Alloh taolo yuborgan payg‘ambarga itoat etishlari va ergashishlari shart.
Yuqorida ta’kidlanganidek, payg‘ambarga itoat Alloh taologa itoat etishdir. Biri ikkinchisiz bo‘lmas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir aytgan so‘zlari va qilgan amallari shak-shubhasiz Alloh taoloning vahiyiga asoslangan. Hatto Qur’oni karimda u haqda biror oyat kelmagan bo‘lsa ham.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Shu yilning 6 aprel kuni Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida viloyatdagi imom-xatiblarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdurahmon Nazirqulov ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidan diniy-ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash va yurt obodligiga hissa qo‘shish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.
Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov o‘z nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Masjidlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda hududlarda ozodalikni saqlash imom-xatiblarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar yig‘inlarida faol ishtirok etish va aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz va mehnat migrantlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning oila a’zolaridan xabar olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Viloyat hokimligi mas’uli Abdurahmon Nazirqulov so‘zga chiqib, masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash va aholi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda diniy soha xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida imom-xatiblarga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kasbiy mas’uliyatni oshirish hamda jamoatchilik bilan ishlashda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati