Mashhur ayollar hayotidan
Muallif: Hanan Bani Ali
1. Halima as-Sa’diyaning nasabi.
2. Halima as-Sa’diyaning Islomni qabul qilishi.
3. Halima as-Sa’diyaning Payg‘ambar bilan bog‘liq voqeasi.
4. Payg‘ambarimiz alayhissalomning Halima onamizga bo‘lgan vafosi.
5. Payg‘ambarimiz alayhissalomning Halima onamizning farzandlariga bo‘lgan vafosi.
1. Halima as-Sa’diyaning nasabi
Halima — Abu Zuaybning qizi, uning ismi Abdulloh ibn Horis ibn Shijna ibn Rizam ibn Nozira ibn Sa’d ibn Bakr ibn Havozin edi. Banu Sa’d qabilasi — Halima as-Sa’diya yashagan qishloq, Toif shahridan taxminan 70 km janubda joylashgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu qishloq Makka sharqida joylashgan.
2. Halima as-Sa’diyaning Islomni qabul qilishi
Ko‘pchilik ulamolarning fikriga ko‘ra, Halima va u kishining turmush o‘rtog‘i Islomni qabul qilgan. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobiya ayollaridan biri sifatida tan olingan. Abu Qosim Tabaraniy uni o‘zining hadis to‘plamlarida zikr qilgan.
Uning ta’rificha, Halima onamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayha vasallam Xadicha onamizga uylanganidan so‘ng, unga kelib, mamlakatdagi qahatchilikdan shikoyat qilgan. Payg‘ambar alayhissalom Xadicha oanmizga murojaat qilib, unga 40 ta qo‘y va bir tuya berdirgan. Keyinroq, nubuvvatdan keyin ham u kishi Payg‘ambarimiz sallollog‘hu alayhi va sallam huzurlariga kelib, Islomni qabul qilgan va u kishining turmush o‘rtog‘i ham Islomga kirgan.
3. Halima as-Sa’diyaning Payg‘ambarimiz bilan bog‘liq voqeasi
Halima as-Sa’diya hikoya qiladi: u Makkaga bola yemizish uchun kelganida, boshqa barcha yemizuvchi ayollar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetim bo‘lgani uchun u kishini olishni istamagan. Halima onamiz va u kishining oilasi juda og‘ir ahvolda bo‘lishgan, ozuqa yetarli emas edi. U kishi otasidan yetim qolgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib, uni onasi Omina onamizdan olib, o‘z qishlog‘iga olib ketadi.
Halima as-Sa’diya onamiz o‘z hayoti haqida hikoya qilib shunday deydi: Payg‘ambarimiz Muhammmad sollallohu alayhi vasallamni sut ona sifatida tarbiyalash maqsadida qishlog‘iga olib kelganlaridan so‘ng, u kishida mavjud bo‘lgan mol-hayvonlarining suti ko‘paygan hamda u kishining ko‘kragida ham sut ko‘payib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni va o‘z o‘g‘lini to‘yg‘azib emizgan. Ular qishlog‘ida to‘kinchilik, farovon va qalbalari surur bo‘lgan holda hayot kechirgan, buning barchasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning barokati tufayli sodir bo‘lgan.
4. Payg‘ambarimizning Halima onamiz xonadonida tarbiyalanishi
Muhammad sollallohu alayhi vasallam bolaligining dastlabki yillarini Halima as-Sa’diyaning uyida, Banu Sa’d sahrosida o‘tkazgan. U zot sog‘lom, jismonan yetuk, ravon tilli bola sifatida o‘sib ulg‘aydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 4 yoshiga yetganlarida bir voqea sodir bo‘lgan: u kishi o‘rtoqlari bilan o‘ynayotganda, ikki farishta - Jabroil va Mikoil (alayhimus salom) – u kishining oldiga kelishib, ko‘kragini yorib, qalbini chiqarishadi, uni Zamzam suvi va muz bilan yuvishadi. So‘ng, u zotning yuragi tozalanib, muhrlanadi va Allohning amri bilan qayta joyiga qo‘yiladi.
Halima as-Sa’diya Muhammad sollallohu alayhi vasallam uchun juda katta xavotirga tushgan edi. Bolalar unga kelib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida xabar berishganida, halima onamiz Payg‘ambarga (sollallohu alayhi vasallam) biror narsa bo‘libdi, deb o‘yladi. Shuning uchun u Muhammad alayhissalomni Omina onamizga qaytarib berdi. Ammo, Omina onamiz bu voqeani eshitganida na qo‘rqdi va na g‘amgin bo‘ldi, chunki u kishi o‘g‘li kelajakda ulug‘ shaxs bo‘ladi deb ishongan edi, bu ishonch unga tug‘ruq kechasida ko‘rgan tushi orqali ma’lum qilingan edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Halima as-Sa’diyaga bo‘lgan vafolari
Muhammad sollallohu alayhi vasallam Halima as-Sa’diya onamizga juda vafodor bo‘lgan. Unga nisbatan u kishini farzandidek qalbida alohida o‘rin bor edi. Bunga dalil – Makkaning fathi kuni Halima onamizning singlisi Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzuriga kelganida, u zot undan Halima onamiz haqida so‘radi. Singlisi Halimat onaning vafot etganini aytganida, Payg‘ambarimizning muborak ko‘z yoshlari to‘kildi. U zot Halima onamizni singdisiga kiyim-kechak va 200 dirham pul hadya etdi. Singlisi ketar ekan, shunday dedi: “Siz kichikligingizda ham, katta bo‘lganingizda ham eng yaxshi inson edingiz”.
Payg‘ambarimizning Halima onamizning farzandlariga bo‘lgan vafolari
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Halima onamizning farzandlariga ham vafodor bo‘lganlar. Bu holat Havozin urushida musulmonlar g‘alaba qilganidan keyin o‘z aksini topadi. G‘animatlar orasida Halima onamizning qizi Shayma ham bor edi. U Payg‘ambarning huzuriga olib kelinganda, u uni samimiyat bilan qarshi oldi, o‘z ridosini yerga yoyib, uni o‘sha yerga o‘tqazdi. So‘ng u Shaymaga ixtiyor berdi: xohlasa hurmat-ehtirom bilan Payg‘ambarimizning yonida qolishi mumkin, xohlasa o‘z qavmiga qaytishi mumkin edi. Shayma o‘z qavmiga qaytishni tanladi, lekin u Islomni qabul qildi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni ulug‘lab, hurmat ko‘rsatdi.
Xulosa
Ulamolar Halima as-Sa’diya onamiz Islomni qabul qilgan deb hisoblashadi. Bu maqolada Halima onamizning Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bolaligi davridagi hayotida tutgan o‘rni, u zotni emizgani, bu sababli kelgan xayru barakalar, sahroda u zotni tarbiyalashi va kishini xavotirga solgan “shaqqus sadr” voqeasi haqida so‘z bordi.
Shuningdek, Payg‘ambarimizning Halima onamiz va u kishining farzandlariga nisbatan vafodorligi haqida ham so‘z yuritildi.
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati