Bismillahir Rohmanir Rohiym
VAHIYNING IKKI TURI
Alloh taolo tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelgan vahiylar ikki turga bo‘linadi:
1. Al-vahiy al-matluv ((namozda)tilovat qilinadigan vahiy) – Qur’oni karimdagi nozil bo‘lgan oyatlar;
2. Kundalik hayotda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning irodasi (xohishi)ni bildirish uchun vaqti-vaqti bilan nozil bo‘lgan vahiy – al-vahiy g‘oyri al-matluv (tilovat qilinmaydigan vahiy) deb ataladi. Ushbu vahiy odamlarga so‘zlanmaydi, balki payg‘ambar alayhissalom so‘zi va hatti-harakati orqali yetkaziladi.
VAHIYNING IKKINCHI TURI QUR’ONI KARIMDA TASDIQLANGAN
Vahiyning ikkinchi turi Qur’oni karimda uchramaydi, ammo ko‘p oyatlarda Alloh taoloning xohishi sifatida unga ishora qilinadi. Ayrim oyatlarda Alloh taoloning vahiyi faqatgina Qur’on oyatlari bilan cheklanmasligi, balki vahiyning boshqa turlari ham mavjudligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ﴾
“Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg‘ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)” (Baqara surasi, 143-oyat).
Ushbu oyatning mazmunini tushunish uchun quyidagilarni bilish lozim:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelgan dastlabki yillari musulmonlar Baytul Maqdis tomonga yuzlanib, ibodat qilishga buyurilgan edilar. O‘sha vaqtda u yer ular uchun qibla hisoblanardi. Ammo oradan o‘n yetti oy o‘tib, Qur’oni karim bundan qaytarib, musulmonlarga yuzlarini yangi qibla sifatida muqaddas Ka’ba tomonga burishga buyurdi:
﴿فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ﴾
“Yuzingizni Masjidi Harom (Ka’ba) tomonga buring!” (Baqara surasi, 144-oyat).
Mushriklar Makkaning qibla bo‘lishidan yuz o‘girdilar, Baytul Maqdis yana avvalgidek qibla bo‘lishini bahona qildilar. Qur’oni karimda bayon etilganidek, ushbu oyat odamlar payg‘ambar alayhissalomga itoat etishliklarini sinash uchun nozil etilgandi: “Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg‘ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)” (Baqara surasi, 143-oyat).
Demak, Baytul Maqdisning qibla bo‘lishi Alloh taoloning irodasi bilan amal oshgan, ammo Qur’oni karimning biror oyatida Baytul Maqdis tomonga yuzni burishga oid amr uchramaydi. Bu buyruq odamlarga payg‘ambar alayhissalom orqali hech qanday vahiysiz bildirilgan. Oyatda ta’kidlanganidek bu amr Alloh taoloning xohishi ila yuzaga chiqqan. Oyatda ochiq-oydin “payg‘ambar qildi” emas, balki “Biz qildik” (ja’alna) tarzida kelishi hech qanday izoh talab qilmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:
a) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan ayrim vahiylar Qur’oni karimda uchramaydi;
b) bu vahiylar Alloh taolo tomonidan bo‘lib, undagi amrlar ham Alloh taoloning xohish-irodasidandir;
v) ikkinchi turdagi vahiylarga ham xuddi birinchi turdagi vahiy kabi amal qilish barcha mo‘minlar uchun shartdir;
g) bu vahiylar mo‘minlarning Qur’onda kelmagan buyruqlarga amal qilishlarini sinash uchun yuborilib turilgan.
Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga binoan bo‘lgan, bu borada Qur’oni karimda hech qanday oyat kelmagan. Lekin ayrim musulmonlar bu qoidaga amal qila olmasdilar. Shu sababli, Qur’oni karimda ular haqida quyidagi oyatlar nozil bo‘ldi va iftorlikdan keyin hatto uxlab qolingan bo‘lsa ham, er kishi ayoliga yaqinlik qilishiga ruxsat berildi:
﴿أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ الصِّيَامِ الرَّفَثُ إِلَى نِسَائِكُمْ هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ عَلِمَ اللَّهُ أَنَّكُمْ كُنْتُمْ تَخْتَانُونَ أَنْفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنْكُمْ فَالْآَنَ بَاشِرُوهُنَّ وَابْتَغُوا مَا كَتَبَ اللَّهُ لَكُمْ وَكُلُوا وَاشْرَبُوا حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الْأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الْأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ثُمَّ أَتِمُّوا الصِّيَامَ إِلَى اللَّيْلِ﴾
“Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi, ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ngra, ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!” (Baqara surasi, 187-oyat).
Ushbu oyatdan quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:
Demak, yuqorida ta’kidlangan taqiq shar’iy va mo‘min-musulmonlar unga amal qilishlari shart hisoblangan. Binobarin, bu taqiqlar faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqaligina ma’lum bo‘lib, u haqda birorta oyat mavjud emas.
Qolaversa, Qur’oni karim bu taqiqni tasdiqlash bilan birga, Alloh taoloning so‘zi sifatida baholaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu taqiqni hayotga tatbiq etdilar, garchi u haqda Qur’oni karimda Alloh taoloning vahiyi kelmagan bo‘lsa ham.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu oyat bir tomondan Qur’oni karimda kelmagan vahiylar mavjud ekanligini ko‘rsatadi, boshqa tomondan, musulmonlar uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruq va ko‘rsatmalariga amal qilish qanchalik shartligini yaqqol namoyon etadi.
﴿وَلَقَدْ نَصَرَكُمُ اللَّهُ بِبَدْرٍ وَأَنْتُمْ أَذِلَّةٌ فَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ إِذْ تَقُولُ لِلْمُؤْمِنِينَ أَلَنْ يَكْفِيَكُمْ أَنْ يُمِدَّكُمْ رَبُّكُمْ بِثَلَاثَةِ آَلَافٍ مِنَ الْمَلَائِكَةِ مُنْزَلِينَبَلَى إِنْ تَصْبِرُوا وَتَتَّقُوا وَيَأْتُوكُمْ مِنْ فَوْرِهِمْ هَذَا يُمْدِدْكُمْ رَبُّكُمْ بِخَمْسَةِ آَلَافٍ مِنَ الْمَلَائِكَةِ مُسَوِّمِينَ وَمَا جَعَلَهُ اللَّهُ إِلَّا بُشْرَى لَكُمْ وَلِتَطْمَئِنَّ قُلُوبُكُمْ بِهِ وَمَا النَّصْرُ إِلَّا مِنْ عِنْدِ اللَّهِ الْعَزِيزِ الْحَكِيمِ﴾
“Badr (jangi)da (harbiy) kuchingiz oz bo‘lsa-da, Alloh sizlarni g‘olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo‘rqib, zora shukr qilsangiz. Mo‘minlarga: «Rabbingiz (osmondan) tushirilgan uch ming nafar farishta bilan sizlarga madad bergani kifoya emasmi?!» – degan paytingizni eslang! Yo‘g‘-ye (kifoya qilur)! Agar sabrli bo‘lib, Allohdan qo‘rqsangiz, ular (dushmanlar) bexos hujum qilib qolsalar – Rabbingiz sizlarga besh mingta belgili farishta bilan madad berur. Buni (madadni) Alloh sizlarga xushxabar bo‘lishi va dillaringiz u bilan taskin topishi uchun berdi. Falaba esa, faqat Alloh huzuridadirki, U Aziz va Hakimdir” (Oli Imron surasi, 123-126 – oyatlar).
Alloh taoloning farishtalarini yordamga yuborishi haqidagi xabari musulmonlar uchun ulkan bashorat edi. Ammo Badr jangi vaqtida berilgan bu xushxabar haqida Qur’oni karimning biror oyatida uchramaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Qur’oni karimda Badr jangida farishtalarning yordamga tushirilgani haqida oyat kelmagan. Faqatgina ushbu bashoratga boshqa janglar o‘tgandan keyin ishora beriladi. Ushbu oyatda bu xushxabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan berilgani qat’iy ta’kidlanmoqda. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari Alloh taoloning vahiysi ekanligiga yana bir dalil (isbot) bo‘ladi.
وَإِذۡ يَعِدُكُمُ ٱللَّهُ إِحۡدَى ٱلطَّآئِفَتَيۡنِ أَنَّهَا لَكُمۡ ٧
“Allohning “ikki toifadan biri sizlarning foydangizga bo‘ladi”, deb va’da qilganini eslang” (Anfol surasi, 7-oyat).
Ushbu oyatda zikr etilgan ikki toifadan biri – Abu Sufyonning Suriyadan kelgan savdo karvoni, ikkinchisi esa, Makka mushriklari Abu Jahlning to‘dasi edi. Bu oyatda Alloh taolo iymon keltirganlarga ushbu toifadan birining ustidan g‘alaba qozonishlarining va’dasini bermoqda. Natijada haqiqatdan ham, musulmonlar Abu Jahlning qo‘shini ustidan g‘alaba qozondilar. Ammo Alloh taoloning musulmonlarga bu ikki toifaning biri ustidan g‘alaba qozonishlari haqidagi va’dasi Qur’oni karimda kelmagan.
﴿وَإِذْ أَسَرَّ النَّبِيُّ إِلَى بَعْضِ أَزْوَاجِهِ حَدِيثًا فَلَمَّا نَبَّأَتْ بِهِ وَأَظْهَرَهُ اللَّهُ عَلَيْهِ عَرَّفَ بَعْضَهُ وَأَعْرَضَ عَنْ بَعْضٍ فَلَمَّا نَبَّأَهَا بِهِ قَالَتْ مَنْ أَنْبَأَكَ هَذَا قَالَ نَبَّأَنِيَ الْعَلِيمُ الْخَبِيرُ﴾
“Payg‘ambar xotinlaridan biriga (Hafsaga) bir gapni (cho‘risi Moriya talog‘i va xalifalikni) xufyona aytganini eslang! Bas, qachonki, (Hafsa) u (sir) haqida (Oyshaga) xabar bergach, Alloh uni bundan voqif qildi va u (Hafsaga o‘zi bilgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki, (Payg‘ambar Hafsaga) xabarni aytgach, u: «Kim Sizga bu xabarni berdi?», – dedi, (Payg‘ambar): «Menga Biluvchi va Xabardor (Alloh) xabar berdi», – dedi (Tahrim surasi, 3-oyat).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga bu sir haqida O‘zi bildirdi. Ammo bu haqda ham Qur’oni karimning biror oyatida zikr qilinmagan. Bu ham vahiyning ikkinchi turiga aniq misol bo‘ladi.
﴿مَا قَطَعْتُمْ مِنْ لِينَةٍ أَوْ تَرَكْتُمُوهَا قَائِمَةً عَلَى أُصُولِهَا فَبِإِذْنِ اللَّهِ﴾
“(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar (Banu Nazir xurmozorlaridan) biror xurmo daraxtini kesdingizmi yoki uni o‘z tanalarida turgan holida qoldirdingizmi, bas, (qilingan ish) Allohning izni bilan” (Hashr surasi, 5-oyat).
Musulmonlar Alloh taoloning izni ila xurmo daraxtlarini kesdilar, vaholanki, Qur’oni karimda jangi vaqtida daraxtlarni kesish haqida birorta oyat mavjud emas. Unda qanday qilib musulmonlar daraxtlarni kesishga ijozat oldilar? (Kim ularga daraxtlarni kesishga ruxsat berdi?) Javob bitta: Ularga ruxsatni Alloh taolo O‘z payg‘ambariga (g‘oyril matluv) vahiyi orqali yetkazgan.
Alloh taolo musulmonlarni asrandi farzandga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga o‘rgatish maqsadida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asrandi farzandlari (Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu) taloq qilgan ayoli Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoga uylanishga buyurdi. Dastlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uylanishdan juda hijolatda bo‘ldilar. Zero, bu odat johiliyat davrida sharmandalik hisoblangan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan aniq bu haqda ko‘rsatma olganlaridan keyin nikohlariga oldilar. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyiladi:
﴿وَإِذْ تَقُولُ لِلَّذِي أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَأَنْعَمْتَ عَلَيْهِ أَمْسِكْ عَلَيْكَ زَوْجَكَ وَاتَّقِ اللَّهَ وَتُخْفِي فِي نَفْسِكَ مَا اللَّهُ مُبْدِيهِ وَتَخْشَى النَّاسَ وَاللَّهُ أَحَقُّ أَنْ تَخْشَاهُ فَلَمَّا قَضَى زَيْدٌ مِنْهَا وَطَرًا زَوَّجْنَاكَهَا لِكَيْ لَا يَكُونَ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ حَرَجٌ فِي أَزْوَاجِ أَدْعِيَائِهِمْ إِذَا قَضَوْا مِنْهُنَّ وَطَرًا وَكَانَ أَمْرُ اللَّهِ مَفْعُولًا﴾
“(Ey, Muhammad!) Eslang, Alloh va Siz (ne’matlarni) in’om etgan kishiga (Zayd ibn Horisaga): «Juftingni o‘zingda saqla (taloq qilishga shoshma)! Allohdan qo‘rqqin!» – deb, Alloh oshkor qiluvchi bo‘lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo‘rqishga haqliroq bo‘lgan holingizda, Siz odamlardan (ta’nalaridan) qo‘rqqan edingiz. Bas, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo‘minlarga asrandi bolalari o‘z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo‘lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir” (Ahzob surasi, 37-oyat).
“Alloh oshkor qiluvchi bo‘lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz” oyatiga ko‘ra, Alloh taolo O‘z payg‘ambariga Zaynab roziyallohu anhoga Zayd ibn Horisa roziyallohu anhudan ajrashganidan keyin uylanishlarini bildirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynabni Zayddan ajrashmoqchi bo‘lganini bilganlar, ammo buni hayo qilib ma’lum qilmaganlar. Hatto Zayd Zaynabning ajrashmoqchi ekani haqida aytganida ham, unga oilani saqlab qolishni maslahat berganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Zaynabning ajrashmoqchi bo‘lganini Alloh taolo bildirgan. Biroq bu haqda Qur’oni karimda oyat kelmagan. Bu ilm Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tarafidan berilgan.
Oyatdagi eng muhim nuqta – “Biz Sizni unga uylantirdik” oyatidir. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Zaynab roziyallohu anho o‘rtalaridagi nikoh Alloh taoloning amri va irodasi ila bo‘lgandir, buni Robbul a’lamiynning O‘zi ma’lum qilmoqda. Bu haqdagi oyat buni tasdiqlaydi. Ammo uning bo‘lishi haqidagi xabar Qur’oni karimning biror oyatida uchramaydi. Bu ham g‘oyril matluv vahiyga navbatdagi isbotdir.
﴿حَافِظُوا عَلَى الصَّلَوَاتِ وَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى وَقُومُوا لِلَّهِ قَانِتِينَ فَإِنْ خِفْتُمْ فَرِجَالًا أَوْ رُكْبَانًا فَإِذَا أَمِنْتُمْ فَاذْكُرُوا اللَّهَ كَمَا عَلَّمَكُمْ مَا لَمْ تَكُونُوا تَعْلَمُونَ﴾
“(Besh vaqt farz qilingan) namozlarni, xususan o‘rta namozni saqlangiz (o‘z vaqtida o‘qingiz) va (namozda) Allohga bo‘yin sungan holatda (kamtarlik bilan) turingiz! Agar (dushman hujumidan) xavfda bo‘lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o‘qiyveringiz). (Xavfdan) xotirjam bo‘lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta’lim berganidek Allohni zikr eting (namoz o‘qing)” (Baqara surasi, 238-239 – oyatlar).
Ushbu oyatdan quyidagi mulohazalarni keltirish mumkin:
birinchidan, musulmonlar birdan ortiq farz namozlarni ado etishlari shart. Ammo ularning aniq soni yuqoridagi oyatda ham, Qur’oni karimning boshqa oyatlarida ham bayon etilmagan. Biroq farz namozlar besh mahal ekani faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqaligina ma’lum bo‘lgan.
ikkinchidan, oyatdagi “o‘rta namoz”dan qaysi namoz ekaniligini bayon qilib berish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga havola etiladi.
uchinchidan, “(Xavfdan) xotirjam bo‘lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta’lim berganidek Allohni zikr eting” oyatidagi “zikr eting”dan “namoz o‘qing” mazmuni kelib chiqadi. Oyatning tafsiri shunga ishora qiladi.
Demak, mo‘min-musulmonlar (tinch) xotirjam bo‘lgan vaqtlarida namozlarini odatdagidek Alloh taolo o‘rgatganidek ado etishlari lozim ekan. Biroq Alloh taolo namozni qanday o‘qishni ta’lim bergani Qur’oni karimning biror oyatida kelmagan. Balki namozni qanday o‘qishning tartibini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rgatganlar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rgatganlari bu Alloh taoloning ta’lim bergani demakdir. Ya’ni Alloh taolo payg‘ambari alayhissalomga (g‘oyril matluv bo‘lgan, Qur’onda kelmagan) vaxiyi orqali namoz o‘qishni tartibini o‘rgatgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bu vahiy asosida musulmonlarga ta’lim berganlar.
9. Ayrim munofiqlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Hudaybiya g‘azotida ishtirok etmadilar. Musulmonlar kofirlarga qarshi janglarni davom ettirishayotganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat Hudaybiya jangida ishtirok etganlargina navbatdagi g‘azotlarda qatnashishlari mumkinligini e’lon qildilar. Musulmonlarning g‘alaba qozonishayotgani hamda taqsimlanayotgan o‘ljalarni ko‘rgan munofiqlar ham janglarda qatnashishga qiziqib qolishdi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning iltimoslarini rad etdilar, urushda ishtirok etishlariga ruxsat bermadilar. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyiladi:
﴿سَيَقُولُ الْمُخَلَّفُونَ إِذَا انْطَلَقْتُمْ إِلَى مَغَانِمَ لِتَأْخُذُوهَا ذَرُونَا نَتَّبِعْكُمْ يُرِيدُونَ أَنْ يُبَدِّلُوا كَلَامَ اللَّهِ قُلْ لَنْ تَتَّبِعُونَا كَذَلِكُمْ قَالَ اللَّهُ مِنْ قَبْلُ﴾
“Hali sizlar (Xaybar jangidagi) o‘ljalarni olish uchun ketayotgan vaqtingizda (jihodga chiqmay uyda) qolgan kimsalar: «Bizlarga ham (o‘lja olish uchun) sizlarga ergashishimizga (yo‘l) qo‘yingiz», – derlar. Ular Allohning kalomini o‘zgartirmoqchi bo‘ladilar. Ayting: «Sira ham bizlarga ergashmaysiz. Alloh ilgari mana shunday degandir»” (Fath surasi, 15-oyat).
Oyatga ko‘ra, Alloh taolo Hudaybiya g‘azotida musulmonlar safida bo‘ladiganlarning sonini avvaldan bilgan va munofiqlarning jangda qatnashishlarini bekor qilgan. Va bu haqda Qur’oni karimda oyat uchramasa-da, Alloh taolo vahiy orqali buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bildirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorlari Alloh taoloning irodasidan kelib chiqqan.
10. Payg‘ambarlikning ilk davrlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on oyatlari nozil bo‘lganda ularni esdan chiqarmaslik uchun ovoz chiqarib yoddan qaytarardilar. Bir vaqtda Qur’oni karim oyatlarini eshitib, ularni tadabbur qilib, qalbda saqlab, eslab qolish mushkul edi. Alloh taolo bu mushkullikni oson qilib, quyidagi oyatni nozil qildi:
﴿لَا تُحَرِّكْ بِهِ لِسَانَكَ لِتَعْجَلَ بِهِ إِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآَنَهُ فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآَنَهُ ثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ﴾
“(Ey, Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko‘p) harakatlantiravermang. Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 16-19 – oyatlar).
Alloh taolo ushbu oyatning so‘nggida Qur’on oyatlarini bayon qilib berishini ham va’da berdi. Ya’ni bayon qilish uni tafsir qilish demakdir. Tafsirlar turli ko‘rinishda berilgan. Ularning ayrimlari Alloh taolodan tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy ko‘rinishida kelgan.
11. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi:
﴿وَأَنْزَلَ اللَّهُ عَلَيْكَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَعَلَّمَكَ مَا لَمْ تَكُنْ تَعْلَمُ وَكَانَ فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكَ عَظِيمًا﴾
“Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir” (Niso surasi, 113-oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda Kitob va Hikmatni nozil qilganini alohida zikr etdi. Oyatga ko‘ra, hikmat Qur’oni karimga qo‘shimcha sifatida ishora qilinmoqda. “...bilmaganingizni bildirdi” – Alloh taolo nafaqat Kitobni, balki hikmatni ham, avval bilmagan boshqa narsalarni ham o‘rgatdi. Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlik vazifalarini bajarishlarida sodir bo‘lgan vahiyning ikki turiga misol bo‘ladi.
12. Qur’oni karimda vahiyning turlicha ko‘rinishlari zikr etilgan:
﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ﴾
“Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin” (Sho‘ro surasi, 51-oyat).
﴿قُلْ مَنْ كَانَ عَدُوًّا لِجِبْرِيلَ فَإِنَّهُ نَزَّلَهُ عَلَى قَلْبِكَ بِإِذْنِ اللَّهِ مُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيْهِ وَهُدًى وَبُشْرَى لِلْمُؤْمِنِينَ﴾
“Ayting (ey, Muhammad!): «Kim Jabroilga dushman bo‘lsa, axir, u uni (Qur’onni) qalbingizga Allohning izni bilan o‘zidan avvalgi (ilohiy kitoblar)ni tasdiq etadigan, mo‘minlarga hidoyat va xushxabar holida nozil qildi-ku!” (Baqara surasi, 97-oyat).
﴿وَإِنَّهُ لَتَنْزِيلُ رَبِّ الْعَالَمِينَ نَزَلَ بِهِ الرُّوحُ الْأَمِينُ عَلَى قَلْبِكَ لِتَكُونَ مِنَ الْمُنْذِرِينَ بِلِسَانٍ عَرَبِيٍّ مُبِينٍ﴾
“Albatta, (bu Qur’on) olamlar Parvardigorining nozil qilgan (kitob)idir. Uni Ruhul-amin (Jabroil) olib kelib, ogohlantiruvchi (payg‘ambar)lardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga tushirdi, u aniq arab tilida edi” (Shuaro surasi, 192-195-oyatlar).
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy goho farishta (Jabroil alayhissalom), ba’zan parda ortidan kelishi mumkin ekan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelishi faqatgina Qur’oni karim bilan chegaralanmaganini ko‘rsatadi.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:
1) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va boshqa barcha payg‘ambarlarning vazifasi Allohning kalomini odamlarga faqtagina yetkazish emas, balki hikmatni o‘rgatishadi va go‘zal namuna o‘laroq ularni zulumatdan hidoyatga boshlaydilar;
2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etishdek lozimdir. Shu bois, Qur’oni karimda ikkisi hamisha birga zikr etilgan;
3) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bu amalda Allohga itoat etishga tengdir. Uning biri ikkinchisiz bo‘lmaydi;
4) insonlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nafaqat itoat etishlari, balki ergashishlari ham shartdir.
5) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan har bir so‘zlari va qilgan har qanday amallari Alloh taoloning vahiyiga asoslangan;
6) bu vahiylar ba’zan Qur’on oyatlarida o‘z aksini topadi va ular bayon (tilovat) qilingan vahiy (al-vahiy al-matluv) deb ataladi.
Shuningdek, ayrim hollarda vahiylar Qur’on oyatlariga qo‘shimcha sifatida nozil bo‘ladi va ular bayon (tilovat) qilinmagan vahiy (al-vahiy g‘oyri al-matluv) deyiladi.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD