1. Azon eshitgan kishi muazzin aytgan kalimalarni qaytaradi. Azonni eshitgan musulmon kishi uni diqqat bilan tinglashi va muazzin jumlani tugatishi bilanoq uni ichida takrorlashi darkor.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki azonni eshitsangiz, muazzin aytayotgan narsani aytinglar”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
2. “Hayya ’alas solah” va “Hayya ’alal falah” deganda esa “Laa havla va laa quvvata illa billah”, deydi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim chin qalbdan muazzin aytgan narsani aytib tursa hamda “hayya ala”larda “Laa havla va laa quvvata” desa jannatga kiradi», dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
3. Muazzin “Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh” lafzini aytganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “So‘ngra menga salavot aytinglar. Chunki kim menga bir salavot aytsa, albatta, Alloh unga o‘n salavot aytadi. Keyin menga vasilani so‘ranglar. Bas, u jannatdagi bir manzila bo‘lib, Allohning bandalaridan faqat bir bandagagina lozim bo‘lur. O‘sha banda men bo‘lishimni orzu qilaman. Kim menga vasilani so‘rasa, unga shafoat halol bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so‘ngra menga salavot ayting. Zero, kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taoloning Payg‘ambarga salavot yo‘llashi U zotni muqarrab farishtalarga maqtashi, bandaga salavot yo‘llashi unga rahmat nazari bilan boqishidir.
4. Azon tamom bo‘lgach ushbu duolarni o‘qish:
اللَّهُمَّ رَبِّ هَذهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاةِ القائِمةِ آتِ مُحَمَّداً الوَسِيلَةَ والفَضِيلَةَ وابْعَثْهُ مَقاماً محموداً الذي وَعَدْتَهُ
“Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah”
“Allohim! Ey ushbu yetuk chaqiriqnig, hozir bo‘lib turgan namozning Robbi! Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vasila va fazilatni ato et. U zotni O‘zing va’da qilgan maqomi mahmudga yetkaz”.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah” desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo‘ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ رَضِيتُ بِاللَّهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا
“Ashhadu alla ilaha illalloh vahdahu la shariyka laha va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadin Rasulun va bil Islami diynan”.
“Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Rasulidir. Allohni Robb deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar deb, Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Imom Muslim rivoyati).
5. Duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Muazzinlar aytgan kalimalarni ayt, qachonki oxiriga yetsang, so‘ra, beriladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati