Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2025   |   22 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:02
Peshin
12:24
Asr
16:44
Shom
18:38
Xufton
19:51
Bismillah
14 Sentabr, 2025, 22 Rabi`ul avval, 1447
Yangiliklar

12.09.2025   783   1 min.
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Alloh va rasuli xush ko‘radigan ikki xislat

11.09.2025   4048   4 min.
Alloh va rasuli xush ko‘radigan ikki xislat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ashajj ibn Abdulqays roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning oldilarida o‘tirganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Senda Alloh va Rasuli xush ko‘radigan ikki xislat bor”, dedilar. Sahobiy qiziqib: “U qanday xislat? Biri doim ro‘zador bo‘lish va ikkinchisi uxlamay tuni bilan ibodat qilib chiqishmi?” – dedi.

“Yo‘q, unisi ham, bunisi ham emas”, dedilar Nabiy alayhissalom. Ashajj roziyallohu anhu: “Yo Allohning Rasuli, ular qaysi xislatlar?” – dedi takror. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob berib: “Halimlik va bosiqlik”[1], dedilar.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida: “Odam go‘zal xulqi bilan kunduzi ro‘za tutib, tunni ibodat bilan o‘tkazadiganlarning darajasiga yetadi” [2], dedilar.

Xulqi go‘zal odam ikki dunyo saodatiga erishadi. Odamlarning qalblarini mahv etish orqali foyda ko‘radi va mana shuning natijasida oxiratni ham qo‘lga kiritadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xususda shunday dedilar: “Tarozuda go‘zal xulqdan-da og‘irroq tosh bosadigan biror narsa yo‘q”[3].

U zot yana bir hadislarida: “Mo‘minlarning iymonda kamolotga erishganlari xulqi eng chiroyli bo‘lganlari, fe’li yumshoq, uning boshqalar bilan til topishishi oson bo‘ladi va boshqalar ham u bilan oson chiqishib ketishadi. Hech kim bilan kelishmaydigan va boshqalar ham u bilan kelisha olmaydigan kishida yaxshilik yo‘qdir”[4], deganlar.

Ummu Salama roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirib, oxiratni esladilar: YoAllohning Rasuli, bir xotinning dunyoda ikki turmush o‘rtog‘i bo‘lgan bo‘lsa, barchalari vafot etishsa va jannatga kirishsa, ayol qaysi eriga bo‘ladi?” – dedilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom nima deb javob bergan bo‘lishlari mumkin?! “Puldori yoki ilmlirog‘iga bo‘ladi”, dedilarmi?! Yo ilm va fazlda yuqorirog‘igami?! Yo‘q, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Xulqi go‘zalroq eriga bo‘ladi”, dedilar.


Ummu Salama roziyallohu anho hayratlandilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Ummu Salama, go‘zal xulq dunyo va oxirat yaxshiliklarini keltiradi” [5], dedilar.

Ro‘za tutib, namoz o‘qib, sadaqalar beradigan, lekin tili bilan qo‘shnisiga ozor beradigan ayolning vafoti xabarini berishganida, Nabiy alayhissalom: “U ayol do‘zaxda” [6] deganlarini yuqorida ham aytib o‘tdik.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu duolarini, albatta, yodingizda tuting: “Allohim! Mening tashqi ko‘rinishimni go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qil”[7].

Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallamning quyidagi duolarini aytib yurishni kundalik odatga aylantiring: “Allohim! Meni eng go‘zal xulqlar sari boshla. Go‘zal xulqlar tomon yetaklaydigan Zot faqat O‘zingsan. Yomon xulqlarni mendan arit. Yomon xulqlarni mendan faqatgina Sen nari qila olasan”[8].


Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

 


[1]  Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati.
[2]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih qaror bergan.
[3]  Imom Termiziy rivoyati.
[4]  Imom Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan.
[5]  Imom Tabaroniy rivoyati.
[6]  Imom Hokim, Imom  Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.
[8]  Imom Muslim rivoyati.