Savol: Men ishlab chiqarishda ishlayman va o‘sha yerda tashkil qilingan tushligimizdan ortib qolgan nonlarni sherigim uyiga olib ketadi. Uning shu ishi to‘g‘rimi?
Javob: Bu yerdagi ortib qolgan taom va nonlar ishlab chiqarish egalarining mulki hisoblanadi. Chunki tushlikni ular tashkil etadi. Agar ular ortib qolgan non va taomlarni olib ketishga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki ishora bilan rozilik bildirgan bo‘lsalar, olib ketish joiz bo‘ladi. Aks holda esa mumkin bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, (halol bo‘ladi)”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizda ilmiy safar bilan bo‘lib turgan Qur’on va tajvid ilmlarining yirik ustozi, Butunjahon Qur’oni karimni yodlash tashkiloti Ilmiy kengashi raisi, doktor Shayx Ayman ibn Rushdiy Suvayd bilan muloqot o‘tkazdilar.
Muftiy hazratlari muhtaram mehmonga so‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan buyuk allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonda Qur’oni karim va uning ta’limiga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, yurtimiz tajvid ustozlari uchun o‘tkazilayotgan manfaatli mahorat darslari va ilmiy suhbatlari uchun olimga alohida minnatdorlik izhor etildi.
Muloqotda tajribali ustozning o‘n qiroat ilmi bo‘yicha jahonga taniqli olim sifatidagi faoliyati, xususan, qirq yillik tadqiqotlari mahsuli bo‘lgan «At-Tajvid al-Musovvar» asari hamda teledasturlari butun dunyo musulmonlari qatorida yurtimiz ilmi toliblari uchun ham bebaho manba bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof qilindi.
O‘z navbatida, Shayx Ayman Suvayd O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, Kalomullohga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va bu boradagi ilmiy hamkorliklarni ko‘rib, juda xursand bo‘lganini so‘zladi. Mahorat darslarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ustoz-mudarrislarning bilim saviyasi va ilmiy salohiyatidan nihoyatda mamnun bo‘lganini bildirdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida esdalik sovg‘alari almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati