Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) turkiy tilli mamlakatlarning tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinligi asosida tashkil etilgan nufuzli xalqaro tuzilma hisoblanadi. Ushbu tashkilotga 2009 yilda Naxchivonda asos solinib, turkiy davlatlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, birodarlik rishtalarini yanada kuchaytirish maqsadida faoliyat yuritib kelmoqda. Kengash nafaqat davlat rahbarlari darajasidagi muloqot maydoni, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yuksaltirishning samarali vositasiga aylangan. Shu jihatdan, Turkiy davlatlar kengashi bugun jahon siyosiy maydonida o‘z o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgan, xalqlarni umumiy maqsad va intilishlar atrofida birlashtirayotgan muhim tuzilma sifatida namoyon bo‘lmoqda. Unga Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston va O‘zbekiston a’zo. Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi maqomiga ega.
Tashkilot yig‘ilishlarida “Turkiyzabon davlatlar oqsoqollari kengashi” sho‘basida mamlakatlarning din bo‘yicha yetakchilari ham ishtirok etib keladi. Tashkilotning 2022 yil aprel oyida Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari yig‘ilishda ishtirok etib, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun Turkiy davlatlar diniy idoralari aro Fatvo hay’atini tashkil etishni taklif qilgandi. Oradan bir yarim yil o‘tib, 2023 yil 25 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashining IV yig‘ilishida Fatvo hay’ati tuzildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashkilotning anjumanlarida eng dolzarb mavzularda chiqishlar qilib, muhim takliflar taqdim etib keladi va ular ishtirokchilar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, qardosh xalqlar tinch-totuvligini ta’minlash, butun jahonda tinchlik-osoyishtalikni qaror toptirishga barcha birdek sa’y-harakat qilishi zarurligi, din peshvolari ko‘proq tinchlikni targ‘ib qilishi, keng xalq ommasini ogoh va hushyor bo‘lib yashashga da’vat etishi, global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi kabi ofatlar insoniyatni tang ahvolga solayotganiga e’tibor qaratib, Turkiy davlatlar muftiylarining atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan murojaatini e’lon qilish hamda diniy ramzlar, muqaddas kitoblar va Islom shiorlarini obro‘sizlantirish bilan bog‘liq xatti-harakatlarning oldini olish haqidagi Turkiy davlatlar muftiylari bayonotini qabul qilish takliflari shular jumlasidan.
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Bishkek shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi, VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ummat hamjihatligi bilan har sohada rivojlanish bo‘lishi, ummat orasida ixtilof, tafriqa, nizolar kelib chiqqanda esa turli xil ko‘ngilsizliklar kelib chiqishi, yakka holda buyuk maqsadlarni amalga oshirish mushkul ekani, hamkorlik va hamjihatlikda harakat qilish orqali har qanday maqsad va tashabbuslar ro‘yobga chiqishi oson kechishini ta’kidlab, ma’ruza qildilar.
Darhaqiqat, Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur” (Nahl surasi, 90-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham biz ummatlarni birdam, hamjihat, inoq bo‘lishga buyurganlar. O‘zlarining vidolashuv hajlarida qilgan xutbalarida biz ummatlarni bir-birimizga dushman bo‘lishdan, qurol ko‘tarishdan qaytarib, do‘stu birodar bo‘lib yashashni vasiyat qilganlar.
Yig‘ilishda yana bir e’tiborli holat shu bo‘ldiki, Turkiy davlatlar muftiylari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining muhtaram Prezidentimiz farmonlariga ko‘ra “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlanganini e’tirof etib, samimiy qutladilar.
Tadbir davomida (11 sentyabr kuni) Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Turkiy davlatlar muftiylarini qabul qildi. Oliy darajadagi muloqotda muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining samimiy salom va ezgu tilaklarini qardosh xalq Prezidentiga yetkazdilar.
O‘z navbatida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov janobi oliylari Muftiy hazratlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga samimiy salom va eng yaxshi tilaklarini yetkazib qo‘yishini so‘radi.
Yurtimiz ulamolari bugungi murakkab davrda dunyo minbarlarida turib, butun jahonda tinchlikni asrab-avaylash, xalqlarning farovon va totuvlikda hayot kechirishi borasida o‘zlarining dolzarb chiqishlari bilan dunyo hamjihatini ogohlikka chaqirib kelmoqda. Muftiy hazratlarining ham Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashida so‘zlagan nutqi dunyo ulamolarini ummat hamjihatligi yo‘lida birlashishga to‘laqonli chaqirig‘i bo‘ldi.
Yig‘ilish so‘ngida ulamolar duoi xayr qilish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga murojaat qildilar. Hazratning dunyo musulmonlariga tinchlik-ofiyat so‘rab, turkiy xalqlar birdamligi yanada mustahkam bo‘lishi haqidagi xayrli duolari bilan tadbirni nihoyalab bergani O‘zbekiston musulmonlari ulamolari, diniy idorasi, xossatan, muftiy hazratning mavqelariga dalolat desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi