Xabar berganimizdek, yaxshi niyat ila yurtimizdan umra safariga otlangan navbatdagi guruh ziyoratchilari eson-omon Jidda shahriga yetib keldi. Bu yerda ularni mutasaddilar kutib olib, zamonaviy avtobuslarlarga o‘tkazib, Madinai munavvaraga kuzatishdi.
Ziyoratchilarimiz Payg‘ambarimiz alayhissalom shaharlariga borgunga qadar Saudiya Arabistonining mashhur tansiq taomlaridan biri – Albaykni tanovvul qilib, chanqoqbosdi salqin ichimliklarni ichish bilan birga tajribali ellikboshilardan ma’ruzalar tinglab, duoyu zikrlar ila ruhiy ozuqa oldilar.
Madinai munavvarada ham yurtdoshlarimiz munosib kutib olindi. So‘ngra mehmonxona oshxonasida tushlik qilib, o‘zlarining shinam xonalariga joylashdilar.
Ikkinchi kuni erta tongdan ziyoratchilarimiz Masjidun Nabaviyda bomdod namozini ado etib, Ravzai sharif ziyorati, muborak shahardagi Uhud tog‘i, Qubo masjidi ziyoratiga bordilar, Xurmo bog‘larida sayr qilib, yangi xurmo mevalaridan yedilar.
Islom tarixida katta o‘ringa ega bo‘lgan bu makonlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, guruhboshilaridan ular haqidagi voqealarni tinglagan ziyoratchilar go‘yoki o‘zlarini Saodat asriga tushib qolgandek his qilib, bir olam taassurot, ilmu ixloslari ziyoda bo‘lgan holda mehmonxonaga qaytdi.
Ayni paytda hamyurtlarimiz shavqu zavq ila ibodat va ziyoratlarni davom ettirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati