O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona bo‘limi boshlig‘i, Toshkent islom instituti Tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi Kamoliddin Ziyodulloh tomonidan nashrga tayyorlangan «Sarf fanidan amaliy mashg‘ulotlar daftari” chop etildi.
Birinchi va ikkinchi daftarlardan tashkil topgan ushbu qo‘llanma sarf fanini o‘rganishga qiziquvchilar uchun manba bo‘lib, arab tilidagi barcha sarf darsliklariga umumiy tatbiq qilinadigan yo‘riqnomalarni o‘zida mujassam etgan.
Ma’lumki, Sarf fani arab tilini mukammal o‘zlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega. Bu fan kalimalarning tuzilishi, o‘zgarish qoidalari va turli shakllardagi ma’nolarni to‘g‘ri anglashga yo‘l ochadi.
Arab tilini o‘rganuvchilar, xususan sarf qoidalarini oson, tushunarli va samarali tarzda o‘zlashtirishga yordam berish maqsadida tasnif qilingan mazkur daftarlarda sarf fanidagi jami 22 bob va ularning qismlariga oid 133 ta mashq, tuslash uchun jadvallar berildi. Har bir mashq o‘quvchini nazariy bilimdan amaliyotga o‘tkazib, ilmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati