Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

“Nido qildi... biz ijobat qildik”

17.09.2025   10410   4 min.
“Nido qildi... biz ijobat qildik”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo bandalarning tavba-tazarru qilishi uchun turli imtihonlar bilan sinovlar beradi. Mana shu sinovlardan shukr va sabr ila o‘tganlarga Alloh ulkan savoblar berib, gunohlarini kechiradi, musibatlarini aritadi.


Yunus alayhissalom baliqning qornida turib Allohga zorlanmadilarmi?! U zotning nolalariga berilgan javob quyidagicha bo‘ldi: «Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik...»[1].


Alloh taolo marhamat qiladiki: «Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (o‘z qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘u zulmatlar ichra: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir, Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan! Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qilguvchilardan bo‘ldim”, deb nido qilgan (paytini eslang!). Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz»[2].


Ayyub alayhissalom odob va hayo ila nido qilmadilarmi?! Alloh taolo u zotga ham quyidagicha javob qildi: «Ayyub esa Parvardigoriga nido qilib: “(Ey Rabbim!) Menga musibat yetdi. O‘zing rahmlilarning rahmlirog‘idirsan”, deb iltijo qilgan paytini (eslang!). Bas, Biz uning (duosini) ijobat qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda O‘z huzurimizdan mehribonlik ko‘rsatib, barcha ibodat qilguvchilarga eslatma bo‘lsin, deb (Ayyub­ga) oilasini va ular bilan qo‘shib yana o‘shalarning barobarida ahli avlod ato etdik»[3].


Shuningdek, Alloh taolo Nuh alayhissalomning duolarini ham ijobat qilib: «Nuhni (eslang!) U ilgari nido qilganida Biz uning (nidosini) mustajob qilib, o‘zini va ahlini buyuk g‘amdan qutqardik»[4], dedi.


Ya’qub alayhissalom ham boshiga tushgan sinovni aritishini so‘rab Alloh taologa nido qildi: «...Men g‘am va tashvishlarimdan yolg‘iz Allohgagina shikoyat qilaman...»[5].

Payg‘ambarlarning eng afzali bo‘lmish Nabiy sollallohu alayhi vasallam Toifdan quvg‘in bo‘lib, hatto yosh bolalar toshbo‘ron qilishganida kavushlari qonga to‘lib olamlar Robbiga duoyu iltijolar ila yuzlanganlar: “Quvvatsizligim, chorasizlikdan va odamlar oldida xorligimdan Senga shikoyat qilaman, ey Rabbim! Sen Rahmli Zotsan! Zaifhollarning Parvardigorisan va mening ham Robbimsan! Meni kimga tashlab qo‘yding? Menga qovog‘ini soladigan begonaga  tashlab qo‘ydingmi? Ishimni dushmanga topshirib qo‘ydingmi? Muhimi, g‘azabingga duchor bo‘lmagan bo‘lsam, bundan boshqa barchasi bekor! Shunday bo‘lsa-da, ofiyating men uchun kengdir. Zulmatlarni yoritgan, dunyo va oxirat ishlari u bilan yurib turadigan Vajhing nuri ila panoh so‘rayman. G‘azabingga duchor bo‘lib qolishimdan panoh tilayman. O‘zing rozi bo‘lguningga qadar rozilik Senikidir[6]. Sendan o‘zgada quvvat ham, kuch ham yo‘q!”.


Bu duoning, nidoning javobi nima bo‘ldi?!

Jabroil alayhissalom u zotning oldilariga kelib: “Qavmingizning sizga aytgan gaplarini va qanday qilib sizni quvg‘in qilganlarini Alloh ko‘rib turibdi. Alloh taolo tog‘larga mas’ul bo‘lgan farishtani yubordi, ular borasida nimani ixtiyor qilsangiz, buyurishingiz mumkin”, dedi.

Shunda Payg‘ambar alayhissalomga tog‘larga mas’ul farishta nido qilib: “Makkadagi mana bu ikki tog‘ni ularning ustiga qopqoq qilib yopib qo‘yishimni xohlasangiz, shunday qilaman”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Aksincha, men Alloh taolo ularning pushti kamarlaridan Yagona Allohga ibodat qiladigan, U Zotga biror narsani sherik qilmaydiganlarni chiqarib qo‘yishini umid qilaman”, dedilar.


Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.


[1]  Anbiyo surasi, 88-oyat.
[2]  Anbiyo surasi, 87–88-oyatlar.
[3]  Anbiyo  surasi, 83–84-oyatlar.
[4]  Anbiyo surasi, 76-oyat.
[5]  Yusuf surasi, 86-oyat.
[6]  Bu majoziy ma’nosi. Haqiqiy ma’nosi: “Sen rozi bo‘lganingcha Sendan dakki eshitaveraman”.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   64580   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari