Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Malayziyaga tashrif davomida, bevosita ushbu davlatning prezidenti bilan muloqotda Malayziya davlati Islom moliyasi masalalari bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga katta qiziqish bildirgan edi.
Shu vaqtga qadar faqat Malayziyada tashkil etib kelingan Xalqaro islomiy moliya olimlari forumi (ISSF)ning yigirmanchisi Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tadbirning strategik hamkori sifatida uning xalqaro darajada yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minladi. Shuningdek, mamlakatdagi yetakchi tijorat banklari va moliya tashkilotlari forumni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Forumning asosiy maqsadi islomiy moliyani rivojlantirish, ilg‘or amaliyotlarni moliya tizimiga joriy etish, olimlar, boshqaruvchilar, standartlarni belgilovchi tashkilotlar va soha mutaxassislari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda islomiy huquqqa oid masalalar yuzasidan fikr almashish maydonini yaratishga qaratilgan.
Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktori o‘rinbosari G‘ulomiddin domla Xolboyev ham ishtirok etib, "O‘zbekistonda islom moliyasi xizmatlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari" mavzusida ma’ruza qildi.
Forum doirasida islom moliya tizimiga o‘tish jarayoni, moliyaviy mahsulotlar, huquqiy va me’yoriy qiyinchiliklar, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Tadbir O‘zbekiston uchun islom moliyasi sohasida muhim qadam bo‘lib, mamlakatning islom moliyasida mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuni alohida aytish joizki, forumda xalqaro ekspertlar O‘zbekiston islom moliyasiga tayyor ekanini qayd etishdi. Joriy yilning 16 sentyabr kuni O‘zbekistonda islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishdayoq qabul qilingani ham shundan dalolat beradi. Bunday qonunning qabul qilinishi aholi va tadbirkorlarimizga qo‘shimcha moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi. Mazkur qonun loyihasi bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 8 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, qonunchilikka islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari va standartlari hamda investitsiyaviy depozit tushunchalari kiritilmoqda. Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy qilinib, uni olish bo‘yicha talablar belgilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati