Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Allohga muhabbat ko‘rsatmaysizmi?

18.09.2025   20478   2 min.
Allohga muhabbat ko‘rsatmaysizmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hazrat, doktor Abdulhay Orifiy quddisa sirruh aytar edilar: «Farz va vojiblar Alloh taoloning buyukligi haqqidir. Alloh taolo Hokim o‘laroq bizga, besh vaqt namoz o‘qing, Ramazon ro‘zasini tuting, zakotni ado eting, haj qiling, deb buyurdi. Bu hukmlarni Alloh taolo bir hokim tarzida amr qilgandir. Alloh taoloning buyukligi haqqi shuki, inson Uning oldida bo‘yin egsin va bu ahkomlarni bajarsin.

Nafl va mustahablar esa Alloh taoloning muhabbati haqqi. Siz Alloh taolo bilan faqat U farz qilgan narsalarni ado etib, qolgan nafl va mustahablarni ado qilmaydigan darajada faqatgina qonuniy aloqa bog‘laysizmi? Undoq bo‘lsa, bu Alloh taolo bilan aloqa quruq bo‘lib qoladi.

Qarang, masalan, er-xotin o‘rtasida qonuniy haqlardan tashqari, nozik rishtalar ham bor. Erning zimmasida ayolining nafaqasini berishi vojibdir. Bu qonuniy haq. Lekin, agar er faqat qonuniy haq bilan kifoyalansa-da, ayoli bilan go‘zal suhbat qurmasa, mehr ko‘rsatmasa, u holda bu quruq aloqa bo‘ladi. Unda biror xushhollik, shavq-zavq bo‘lmaydi.

Agar ko‘ngildagidek aloqa bog‘lash kerak bo‘lsa, u holda qonundan tashqari o‘zining muhabbatini izhor etadi va muhabbat taqozosiga ko‘ra ko‘p ishlar qiladi. Ayni shu tarzda, agar siz Alloh taolo bilan fakat konuniy aloqa bog‘lasangiz, ya’ni faqat farz va vojiblarni ado qilsangiz, qolgan nafllar, mustahablar, fazilatli amallarga e’tibor qaratmasangiz, bandachilingiz quruq bo‘lib qoladi. Chunki bu nafllar va mustahablar Alloh taoloning muhabbati haqqidir.

O‘ylab ko‘ring, sizni kim yaratdi? Kim sizga ne’matlar berdi?

Siz bu ne’matlar haqqini ado etyapsizmi?

Sizga cheksiz ne’matlar bergan Zotning buyrug‘ini bajarsangiz, bo‘ldimi?

Unga muhabbat ko‘rsatmaysizmi?

O‘z ixtiyoringiz bilan biror amal qilmaysizmi?

Albatta, holini bilgan, Allohga haqiqiy muhabbat qilgan banda nafl va mustahab ibodatlarni ham ado qiladi.

Nafllar Alloh taoloning muhabbati haqqidir. Shuning uchun hech ibodatni oddiy, arzimas tushunmang. Masalan, nafl ibodatlardan tahajjud, ishroq, choshtgoh, avvobiyn, taxiyyatul vuzu’, taxiyyatul masjid namozlari Alloh taoloning muhabbati haqqidir. Banda ularni bajarsin. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularni ado etishga ko‘p targ‘ib qilganlar».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   41577   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari