O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahar «Abu Bakr as-Siddiq» jome’ masjidida gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Ushbu suhbatda imom-noib Dilshod domla Xodiyev ma’ruza qilib, «Musulmonning musulmonga nisbatan ehtiromi» mavzusida batafsil tushunchalar berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollariga javob berildi. Jarayon malakali surdo tarjimon orqali ishtirokchilarga yetkazilib, ularning to‘liq faol ishtirokini ta’minladi.
Suhbat yakunlangach, homiylar ko‘magida ishtirokchilarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Yaratgan Haq taolo bu xayrli ishlarni bardavom va samarali aylasin!
O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish" o‘n kunligi loyihasi doirasida "Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.
"Ziyo" media markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdir.
Tadbir mavzularini keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining: “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari o‘n kunlikning shioriga aylangan.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati