Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo osiy va gunohkor bandaga muhlat beradi. Hatto odamlar Allohning mehribonligidan hayratlanishadi. Ammo Parvardigorga nisbatan odobsizlik qilganlarning birortasi najot topganini eshitmaganmiz.
Namrudga, Fir’avnga boqing, Qorunga, Od, Samud, Lut qavmlariga nazar soling. Shunda Allohning yuqoridagi qonunini ko‘rasiz, Uning qudrati ajoyibotlarining guvohi bo‘lasiz.
Alloh taolo O‘zining mulki borasida kurashgan zolimlarni yakson qilgan. Qudratini mensimaganlarga ulug‘ligini ko‘rsatib qo‘ygan.
Nuh alayhissalom kemasidan keyin “Titanik” tarixda eng mashhur bo‘ldi. Uning yasalishini handasadagi mo‘jiza, kemasozlikdagi buyuk g‘alaba, deyishgandi. Bu kemaning uzunligi 269 metr, kengligi 28,19 metr, balandligi 18,5 metr bo‘lgan. Unda 885 ta ekipaj a’zosidan tashqari 2435 yo‘lovchi joylashishi mumkin edi.
Tarixdagi ikkinchi mashhur kema dengizdagi ilk safaridayoq g‘arq bo‘ldi. “Titanik” ilk suvga tushirilganda muxbirlar kema muhandisi Tomas Endryusga kemaning quvvati va xavfsizligi haqida savollar berishdi. Tomas Endryus bunday dedi: “Bu kema cho‘kmaydi. Uni hatto Yaratgan ham cho‘ktira olmaydi!”.
Ozgina muddatdan keyin Tomas Endryus Allohning qudratiga guvoh bo‘ldi.
Braziliya prezidenti Tankredu Nevis saylovdagi orzulari haqida gapirib: “Agar besh yuz ming ovoz to‘plasam, hatto Yaratgan ham meni prezidentlik kursisidan yiqita olmaydi!” degan edi. Nevis o‘zi aytgan ovozni to‘pladi. U xizmatga tayinlanishidan bir kun oldin bemorlikka yo‘liqdi. Bir oy o‘tib, vafot etdi. Prezidentlik kursisiga bir kun ham o‘tira olgani yo‘q!
Abdulqodir POLVONOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hozirgi kunlarda shifokorlar bemorlarga dori yozib beradilar va dorixonalar ana shu dorini yozgan shifokorlarga bonus sifatida ma’lum miqdorda pul beradi. Shu pul ular uchun halol hisoblanadimi?
Shuningdek, sohadagi ayrim shifokorlar tibbiy tekshiruv o‘tkazadigan jihoz (apparat) o‘rnatishgan va keladigan har bir bemor uchun yuborgan shifokorlarga mablag‘ berishadi. Buning hukmi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar shifokor bemorning manfaati va yaxshiligini ko‘zlagan holda, to‘liq xolis va omonatdorlik bilan bemor uchun eng foydali hamda mos keladigan dorini tavsiya qilsa, qolaversa, quyidagi shartlarga rioya etsa, u holda shifokor uchun dorixonadan bonus olishi joiz bo‘ladi:
1. Shifokor shunchaki bonus olish ilinjida sifatsiz, keraksiz va qimmat dori-darmonlarni tavsiya qilmasligi kerak.
2. Bemorga nisbatan hech qanday aldov bo‘lmasligi lozim, ya’ni haqiqatan ham undagi kasallikning ushbu doriga ehtiyoji bo‘lsin. Shuningdek, shifokorning mazkur firma bilan hamkorligi oshkora qilib qo‘yilishi kerak.
3. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniya yoki dorixonalar shifokorga beriladigan bonuslar xarajatini dori narxini qimmatlashtirish orqali bemorning zimmasiga yuklamasliklari kerak.
4. Bemor faqat shifokor o‘zi kelishib olgan o‘sha dorixona yoki firmaning dorisini sotib olishga majburlanmasligi lozim.
5. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bonus, hadya va imtiyozlar to‘lovining xarajatini qoplash uchun dorilarning sifatini tushirib yubormasliklari kerak.
Savolning ikkinchi qismidagi tibbiy jihozlarga tekshiruv uchun yuborish orqali olinadigan bonuslarning hukmi ham yuqoridagi hukm bilan bir xil bo‘ladi. Ya’ni, bemorni muayyan bir shifokorda ko‘rikdan o‘tishga majburlamaslik, pul ilinjida kerak bo‘lmasa ham yubormaslik, tibbiy ko‘rik qiluvchi shifokor unga yuborgan shifokorga bermoqchi bo‘lgan mablag‘i bemorga ko‘rsatadigan xizmat haqiga qo‘shmasligi, xizmatining sifati va narxi boshqa shifokorlarniki bilan bir xil bo‘lishi shart.
Lekin ushbu shartlarga rioya qilmasdan ayrim shifokorlarning o‘z burch va vazifalarini bajarish evaziga firma va dorixonalardan bonus olishlari pora bo‘lib qoladi. Natijada mablag‘ni ularga berayotganlar ham gunohga sherik bo‘lib qoladi. Chunki Islomda porani berish ham, olish ham haromdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir”.
Shuningdek, Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini, pora oluvchini va pora ishida vositachilik qiluvchini la’natlaganlar.
Demak, savolda aytib o‘tilgan holatda, agar yuqoridagi shartlarga rioya qilinmasa, bu ham ayni pora bo‘lar ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi