Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Fatvolar to'plami – ilm manbai

20.02.2024   5475   2 min.
Fatvolar to'plami –  ilm manbai

O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuri­dagi Fatvo markazi tomonidan tayyorlanib chop etilgan “Fatvolar to'p­lami. 500 savolga 500 javob” nomli kitobni o'qib g'oyat quvondim.

To'plamda berilgan savol-javoblar har bir mo'min-musulmon uchun nihoyatda foydalidir. Uni o'qigan kishi e'tiqod, bid'at-xurofot, tahorat, namoz, zakot, ro'za, haj va umra, qurbonlik, savdo, nikoh, taloq, emizish, qasam, nazrlar, ijara, meros, ruhiy tarbiya, zikr kabi turli muhim mavzularda zaruriy bilimlarga ega bo'ladi.

Kitobda to'g'ri fatvo berish orqali in­sonlarni yaxshilikka yo'llash, yomon­liklardan qaytarish savobli, ilmsiz, asossiz berilgan har qanday fatvo xatarli, noto'g'ri ekani, etarli bilim va tajribaga ega bo'lmay turib fatvo berish og'ir gunohga yo'l ochishi, odamlarni ixtilofga solib qo'yishi misol va dalillar asosida yoritilgan.

Ayrim kishilar ilmni “dunyoviy ilm”, “diniy ilm” deb ajratishlari kuzatiladi. Islom di­ni esa insonlarni har qanday foydali ilmni o'r­ganish­ga targ'ib qiladi. Zero, ilm bo'lmagan joyda qoloqlik, jaholat, to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi.

To'plam turli tahdidlar kuchayib borayotgan ho­zirgi murakkab jarayonda g'oyatda kerakli manba bo'lib xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda diniy qadriyatlarimizga qarshi qaratilgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan uydirma axborotlar, etti yot begonalarga ko'r-ko'rona ergashishlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibali” tasvirlar, mazhabsizlik kabi illatlarning asli puch, zararli ekanini ko'rsatib berishi o'quvchini o'ziga yanada ko'proq jalb etadi.

Zabardast ahli ilmlar hozirlagan ilmiy manbalarni o'qib, “Biz boshqalarga ergashuvchi emas, aksincha, doim ergashtiruvchi xalq bo'lib kelganmiz”, degan faxrni tuydim.

Sultonxoja ARIPHO'JAYeV,

mehnat faxriysi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

13.08.2026   51017   2 min.
“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

 Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.

“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.

 Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.

 “Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.

“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari