Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqiqatda nafsni tarbiyalash va tozalashdagi eng aniq yo‘l uning o‘z egasiga nima deyayotgani va uni nimalarga buyurayotganini muhosaba (hisob-kitob) qilib, nazoratga olishdadir. Agar o‘z-o‘zini nazorat etish qobiliyatiga ega ishonchli vakilingiz bo‘lsa, uni kuzatib, tekshirib yurmaysiz. Mabodo o‘zini o‘zi nazorat qilolmaydigan bo‘lsa, u holda uni tekshirib, nazorat qilib turishingiz tabiiy hol. Xuddi shu gapni sizning Alloh uchun bajarayotgan amallaringiz haqida ham aytish mumkin. Shunday ekan, u yoki bu ishni bajarayotganingizda Alloh buni mendan so‘ramaydi, degan fikrdan yiroq bo‘ling.
O‘zini nazorat etish usuli Allohni tanish maqomiga yetgan buyuklar an’anasidir.
Zamonalarida yetti abdolning[1] birlari bo‘lgan shayx Makinuddiyn al-Asmar marhamat qiladilar:
“Yo‘limning boshlanishida (tariqatga yangi kirgan paytimda) men tikuvchi bo‘lib ishlardim. Shunda men kun bo‘yi aytgan so‘zlarimni sanay boshladim. Har kuni kech kirganida tekshirib, ko‘p gapirib qo‘ymaganligimga ishonch hosil qilar edim. Yaxshi so‘zlarim uchun Allohga hamdu sano aytardim. Qolganlari uchun istig‘for aytib, tavba-tazarru qilardim”.
Shu odatlarida buyuk taqvodorlar darajasiga yetishgunlariga qadar davom etgan ekanlar.
Abu Xafs al-Haddod an-Nishopuriy quddisa sirruhu deydilar:
“Inson nafsi boshdan oxir, butunlay qorong‘ulikdir. Bu nafsning qandili uning siridir. Bu qandilning yog‘dusi Allohning qo‘llab quvvatlashi – tavfiqidir”.
Olim “Bu nafsning qandili uning siridir” deganida Alloh bilan banda o‘rtasidagi sirni nazarda tutadi. Chin ixlos va samimiyat manbayi bo‘lgan bu sir tufayli banda hech bir ish o‘z-o‘zidan ro‘y bermayotganini, balki qudrat sohibi Allohning irodasi bilan sodir bo‘layotganini anglab yetadi va iqror bo‘ladi. Natijada u yaxshilik qilishga yoki yomonlikni tark etishga o‘zining vujudida biror bir kuch-qudrat yo‘qligini anglab yetadi. Shundan so‘nggina banda Alloh yordami bilan o‘z nafsining yomonliklaridan forig‘ bo‘ladi[2].
Shuning uchun shayxlar marhamat etadilar:
“Kimda sir bo‘lmasa gunohda qattiq turaveradi”.
Tarbiyat va to‘g‘irlash maqsadida nasihat hamda eslatish yo‘li bilan o‘z nafsini uyg‘otish bandaning o‘z-o‘zini nazorat etishini muvofiqlashtiruvchi eng haqqoniy omildir. Shu sabab taqvodorlardan biri o‘z nafsiga murojaat etib shunday degan ekan:
“Ey nafsim! Nechun o‘tgan qavmlarning holiga e’tibor etmaysan, ular qanday va qanchalar uylar, hovlilar qurdilar, so‘ng bularning barchasini qoldirib, bu olamni tark etdilar! Yaratgan ularning yeru binolarini dushmanlariga qoldirmadimi?! Axir ko‘rmayapsanmi, odamlar to‘playdilaru yeyishga ulgurmaydilar, quradilaru yashashga fursatlari qolmaydi, yetib bo‘lmaydigan orzu-havaslar qiladilar! Ey mening nafsim, ishlaring ko‘p g‘alati! Nechun sen bu ochiq-oydin dalillarni ko‘rmaysan?! Ey mening nafsim! Balki sen jamiyatdagi yuksak ahvolingdan boshing aylanib, mast bo‘lib qolgandirsan va shuning uchun bu hollarga tushunmayotgandirsan?!
Axir anglab yetmayapsanmi, shuhratparastlikdan murod faqat odamlar e’tiborini qozonish, ular ko‘nglini moyil qilishdan iboratdir. Hatto barcha odamlar qoshingda itoatkorona egilib, ta’zimda tursalar-da, biror ellik yil o‘tgach, bu dunyoda sen ham o‘sha ta’zimchilar ham qolmaydi-ku?! Shunday vaqt keladiki, hatto seni eslab ham qo‘yishmaydi. Ey nafs! Nahotki mangulikni qandaydir muvaqqat yo‘q bo‘lib ketguvchi ellik yilga almashtirsang?! Ey nafs, uyalmaysanmi?! Tashqi ko‘rinishingni odamlar uchun bezaysan, pinhon gunohlar qilib, Yaratganga qarshi borasan!.. Hayf senga!.. Uvol!.. Nahot senga qarab turganlar ichida hamadan yoqimsizi sen uchun Alloh bo‘lsa?![3] Holingga voy seni, ey nafs! O‘zingni kim deb o‘ylayapsan?! Ey koshki odamlardan senga keladigan va yetadigan barcha musibat va baxtsizliklar faqat badxulqliging tufayli ekanini bilsang edi!..
G‘alati hol, sen dunyo boyligining ko‘payishi bilan quvonasan, ammo senga ajratilgan kunlar tobora kamayib borayotganidan qayg‘urmaysan ham! Mo‘l-ko‘lliging yanada ortib, farovonliging o‘sib borayotganidan ne nafki agar hayoting, umring yanada qisqarib ketayotgan bo‘lsa?!”
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Abdollik — avliyolikning yuqori darajalaridan biri bo‘lib, abdollar shu darajaga yetgan avliyolardir va hamma zamonda ular yetti nafarni tashkil etadilar — Tahririyat.
[2] Ya’ni qul gunohkorligi, zaif-ojizligiga Alloh qoshida iqror bo‘lib, Egasidan pinhoniy yordam so‘raganida Yaratgan uni nafsining zulmidan – xudbinligidan himoya etadi. Barchasi mana shu sirga – qul ojizligidan Xojasiga iqror bo‘lganida Allohdan keladigan yordamga asoslangan.
[3] Ya’ni sen odamlar qaraydigan narsalaringni tartibga keltirasan, Alloh nazar soladigan ko‘nglingni – ichki dunyoingni, ma’naviy olamingni esa qarovsiz, gunoh kirlari, iflosliklari bilan qoldirasan – Muharrir.
Moskva safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkiloti raisi va madrasa direktori Umidbek Mamtaliyev bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqot chog‘ida Muftiy hazratlarining diniy-ma’rifiy ilmlarni tarqatish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, islom madaniyatini keng yoyish hamda musulmonlar hamjihatligini mustahkamlash borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yosh avlodga diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘un holda yetkazish, xalqaro maydonda dinlararo muloqotni rivojlantirish va tinchlikparvar tashabbuslarni ilgari surishdagi salmoqli hissasi yuqori baholandi.
Muloqot yakunida mo‘min-musulmonlar birligi va ma’rifati yo‘lidagi mazkur ezgu ishlari va xalqaro miqyosdagi samarali faoliyatlarining e’tirofi sifatida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Moskva shahridagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkilotining “AL-ILM” ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida: “AL-ILM” ordeni Moskvadagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish va islom madaniyatiga xizmat qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan din peshvolariga topshiriladi.
Alloh taolo ushbu yuksak e’tirofni muborak aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati