Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov 25 sentyabr kuni Mokpo shahridagi "Imom al-Buxoriy" masjidiga tashrif buyurdi.
Ma’rifiy suhbat davomida Imom Buxoriy hayot va ijodi, u zotning hadislaridan namunalar, ibratli voqealardan misollar keltirildi. Shuningdek, yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, soxta salafiylik kabi oqimlaridan uzoqda bo‘lish, mazhabga amal qilish, har qanday diniy savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan javob olish tavsiya etildi. Buning uchun xorijdagi hamyurtlarimizning savollariga javob beruvchi @fatvo_call_1 (Telegram orqali), @fatvo_call_2 (Telegram orqali) hamda +998917806633 (WhatsApp orqali) havolalari tashkil etilgani aytib o‘tildi.
Suhbat davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Namozdan so‘ng ona vatandan, yaqinlaridan uzoqda yurgan hamyurtlarimizning o‘qish va ishlarida Yaratgan madadkor bo‘lishini tilab duolar qilindi. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etilgan 5 turdagi diniy-ma’rifiy bukletlar tarqatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimizda bo‘lib turgan yirik Qur’on olimi Shayx Ayman Rushdiy Suvayd hafizahulloh o‘zining “Suratli tajvid” kitobi asosida nazariy va amaliy darslar qizg‘in davom etmoqda. Unda yurtimiz qorilari va o‘qituvchilari tajvid hamda qiroat borasidagi bilimlarini mustahkamlamoqda.
Darslarning nazariy qismida harflarning maxraj va sifatlari, talaffuz qoidalari hamda ohang me’yorlari batafsil o‘rganilmoqda. Amaliy mashg‘ulotlarda esa ishtirokchilar “Baqara” va “Oli Imron” suralaridan navbat bilan tilovat qilib, Shayx hazratlaridan yakka tartibda xato-kamchiliklarni tuzatish, vaqf va ibtido qoidalari bo‘yicha jonli ko‘rsatmalar olishmoqda.
Shayx Ayman Suvayd tajvid qoidalari Kalomullohni to‘g‘ri yetkazish uchun vosita ekanini, asl maqsad esa oyatlarni tadabbur va tafakkur qilish ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, qorilar uchun kunlik muntazam takror hamda qorilarga xos yuksak axloq nihoyatda lozimligiga urg‘u qaratilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati